Markaziy Osiyoda Preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markaz rahbari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 14 Fevral 2023 1107

    2023-yil 14-fevralda Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Baxtiyor Saidov Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyoda Preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi (MOPDMM) rahbari Natalya Germanni qabul qildi.

    B.Saidov N.Germanni vakolatini muvaffaqiyatli yakunlagani bilan tabriklab, uning rahbarligida MOPDMM mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlash, hamkorlikni mustahkamlash va barqaror rivojlanishga muhim hissa qoʻshganini taʼkidladi.

    Oʻzbekiston TIV rahbari N.German BMT Xavfsizlik Kengashining Terrorizmga qarshi kurash qoʻmitasi Ijroiya direksiyasi rahbari sifatidagi yangi lavozimida Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlashda davom etishiga umid bildirdi.

    N.German oʻz faoliyati davomida Markaziy Osiyoda, xususan, Oʻzbekistonda tub oʻzgarishlarning guvohi boʻlganini taʼkidlab, uning kasbiy faoliyatida har tomonlama yordam bergani uchun Oʻzbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning ochiq, pragmatik va konstruktiv tashqi siyosatiga yuksak baho berildi. Taʼkidlanganidek, mamlakatimiz tashqi siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishi mintaqa mamlakatlari bilan yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish hisoblanadi.

    MOPDMM rahbari oʻzining yangi lavozimida Oʻzbekiston bilan yaqin hamkorlikni davom ettirishga, xatar va tahdidlarga qarshi samarali kurashishda koʻmaklashishga tayyorligini tasdiqladi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.