Qozog'iston Iste'molchilar milliy ligasi rahbari Svetlana Romanovskaya boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida dastlab Samarqand shahrida “Samarqandning turizm salohiyatini yanada oshirishda iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risidagi qonunchilikning o'rni va ahamiyati” mavzusida davra suhbati o'tkazildi.
Unda mamlakatimizda iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to'g'risidagi qonunchilik, shuningdek, iste'molchilik ijtimoiy harakatini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr va mulohazalar almashilib, qozog'istonlik qardoshlarimizning bu boradagi tajribasi bilan o'rtoqlashildi.
Delegatsiya a'zolari Namangan viloyatida ham bo'ldi. Bu erda ular tekstil` korxonalari faoliyati bilan tanishdi, diqqatga sazovor joylar hamda turizmni rivojlantirish imkoniyatlari mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Mehmonlarning Farg'ona viloyatiga tashrifi Marg'ilon shahrida bo'lib o'tayotgan Atlas bayrami kunlariga to'g'ri keldi. Ular dastlab shahardagi “Yodgorlik” fabrikasi faoliyati bilan tanishgach, Erkin Vohidov nomidagi ijodkorlar bog'ida tashkil etilgan festival` tadbirlarida ham qatnashdi. Oltiariqda uzumchilik va meva-sabzavotlarni saqlash usullari, shuningdek, rishtonlik usta kulollar faoliyati bilan tanishdi.
Kunning ikkinchi yarmida Federatsiyaning vodiy viloyatlaridagi hududiy ijro etuvchi tashkilotlari rahbarlari ishtirokida “Markaziy Osiyoda iste'molchilar xalqaro tashkiloti faoliyatini tashkil etish istiqbollari” mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi.
Unda Markaziy Osiyodagi iste'molchilar huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar manfaatlarini xalqaro maydonda ilgari suruvchi tashkilot – hozircha shartli nomi – “Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari xalqaro assotsiatsiyasi”ni tuzish masalasi muhokama qilindi.