Markaziy Osiyo xalqaro institutida “2021-yilning avgustidan keyingi davrda Markaziy Osiyoda xavfsizlik muammolari” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Rossiya Federatsiyasining A.Gorchakov nomidagi Xalq diplomatiyasini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo maktabi” ilmiy-taʼlim dasturi doirasida tashkil etildi.
Anjumanda Markaziy Osiyoning barcha davlatlari, shuningdek, Rossiyaning bir qator hududlari, jumladan, Moskva, Sankt-Peterburg shaharlari, Uzoq Sharq federal okrugidan xalqaro munosabatlar va diplomatiya, huquqshunoslik, biznes va siyosat sohalariga ixtisoslashgan oliy oʻquv yurtlari, strategik tahlil, ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazlari, vazirlik, idoralar, jamoat birlashmalari vakillari, Oʻzbekistondan Markaziy Osiyo xalqaro instituti, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Milliy universitet, Toshkentdagi Singapur menejmentini rivojlantirish instituti, nodavlat ilmiy markazlar rahbarlari, mustaqil ekspertlar va talabalar ishtirok etdi.
Anjumanda soʻzga chiqqan Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nosirov konferensiya qatnashchilariga soʻnggi yillarda mintaqamizda, xususan, mamlakatimizda yuz berayotgan keng koʻlamli ijobiy oʻzgarishlar haqida maʼlumot berdi.
Taʼkidlanganidek, mintaqada yangicha doʻstona siyosiy muhit shakllanishida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvini oʻtkazish toʻgʻrisidagi tashabbusi beqiyos ahamiyat kasb etdi. Zero, aynan doʻst va qardosh qoʻshni mamlakatlar yetakchilari ishtirokida oliy darajadagi uchrashuvlar muntazamlik tusini olishi tufayli mintaqamizning ulkan salohiyatidan unumli foydalanish imkoniyatlari kengaydi.
– Davlatlarimiz oʻrtasida oʻzaro ishonch mustahkamlanib, sheriklik izchil rivojlanishi natijasida mintaqamiz borgan sari jahon hamjamiyati eʼtiborini oʻziga jalb etmoqda, – deydi Anvar Nosirov. – Barcha yoʻnalishlar boʻyicha ikki va koʻp tomonlama shakldagi hamkorlik faolllashayotgani kuzatilyapti. Bugungi kunda Markaziy Osiyo global maydonda borgan sari alohida mamlakatlar emas, balki nafaqat umumiy tarix, madaniyat, anʼanalar va qadriyatlar, qolaversa, umumiy siyosiy, savdo-iqtisodiy manfaatlar birlashtirib turgan yaxlit, jipslashgan hudud sifatida namoyon boʻlmoqda. Tabiiyki, aynan barqarorlik Markaziy Osiyoni iqtisodiy oʻsish markazlaridan biriga aylantirmoqda. Xalqaro ekspertlar fikricha, mintaqaning umumiy YAIM hajmi oxirgi toʻrt yilda 25 foiz oʻsib, 300 milliard dollardan oshgan.
Konferensiya dasturiga muvofiq, mutaxassislarning “Yangicha Markaziy Osiyo. 2021-yil avgustdan keyin mintaqada nima oʻzgardi?”, “Markaziy Osiyo dunyoviy tartibning yangi shakllanayotgan geosiyosiy xaritasida”, “Markaziy Osiyoning kelajak timsoli – yosh tadqiqotchilar nigohi” mavzularidagi maʼruzalari tinglandi. Xalqaro miqyosda tanilgan, yetakchi siyosatshunoslik markazlari eʼtirofini qozongan olimlar, ekspertlar, shuningdek, kelajak faoliyatini mintaqamiz bilan bogʻlashga qaror qilgan yosh izlanuvchilar, talabalar Markaziy Osiyodagi jarayonlarga oid kuzatuvlari, oʻrganish natijalari boʻyicha fikr-mulohazalarini bildirdi.
Qayd etilganidek, Markaziy Osiyoning xavfsizligi va taraqqiyoti koʻp jihatdan Afgʻonistondagi vaziyat barqarorlashuvi bilan bogʻliq. Oʻzbekiston rahbariyati bu borada doimo insonparvarlik tamoyiliga asoslangan qatʼiy pozitsiyasini bildirib kelgan. Davlatimiz rahbari jahon hamjamiyati eʼtiborini Afgʻonistonni gumanitar inqirozdan chiqarish, tinchlikparvar jamoatchilikka qoʻshishga qaratilgan yagona yondashuv ishlab chiqish muhimligiga qaratib kelmoqda. Anjuman ishtirokchilari ham ushbu masalaga alohida urgʻu berishdi.
Keyingi yillarda Markaziy Osiyoda mintaqaviy munosabat juda faollashdi. Bu jarayonda mamlakatlarning oʻzaro aloqalari va koʻp tomonlama sheriklik bir-biri bilan chambarchas bogʻliq. Bundan tashqari, oxirgi oylarda Afgʻonistonda yuz bergan voqealar tufayli yuzaga kelgan vaziyat ham Markaziy Osiyo davlatlaridan oʻzaro muvofiqlashgan siyosat yuritishni taqozo etmoqda. Bu jarayonda hududning boshqa mintaqalar yoki dunyoning yetakchi davlatlari, masalan, Xitoy, Rossiya, AQSH va boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik oʻrnatishi ham muhim. Shu maʼnoda, mazkur anjumanda koʻtarilayotgan masalalar, tahlil qilinayotgan mavzular, muammolar mintaqa doirasidan chiqib, global ahamiyat kasb etadi.
Xalqaro konferensiya yakunida muhokama qilingan mavzular, bildirilgan fikr-mulohazalar yuzasidan tegishli taklif, tavsiyalar ishlab chiqildi.