Ayni paytga qadar Oʻzbekistonning muhofaza etiladigan tabiiy hududlari tizimi 8 ta davlat qoʻriqxonasi, 2 ta davlat biosfera rezervati, 3 ta milliy tabiat bogʻi, 10 ta davlat buyurtma qoʻriqxonasii, 6 ta tabiat yodgorlik, 3 ta yovvoyi hayvonlarni koʻpaytirish boʻyicha pitomnikdan iborat edi.

Davlatimiz rahbarining2022-yil 16-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tizimida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-131-sonli qarori bilan ular soni ikkitaga oshdi.

Qarorga asosan, davlat tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklida Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida umumiy maydoni 1 200 000 gektar boʻlgan “Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bogʻi va Tomdi tumanida umumiy maydoni 40000 gektar boʻlgan “Oqtogʻ-Tomdi” davlat qoʻriqxonasi tashkil etildi.

Milliy tabiat bogʻi va davlat qoʻriqxonasi faoliyati yoʻlga qoʻyilishi natijasida Qizilqum choʻlining markaziy qismidagi tabiiy majmua va obyektlar, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Qizil Kitobiga kiritilgan 30 dan ortiq turdagi noyob hayvon turlari, 10 dan ortiq oʻsimlik turlari hududiy jihatdan muhofaza ostiga olinadi.