Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi taklifiga binoan Hindiston Saylov komissiyasi raisi Sushil Chandra boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda boʻlib oʻtadigan Prezident saylovini kuzatish maqsadida yurtimizga tashrif buyurdi. Joriy yil 21-oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayevning Hindiston Saylov komissiyasi raisi Sushil Chandra bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Uchrashuv davomida mexmonlarga Oʻzbekistondagi saylov tizimi, saylov qonunchiligini takomillashtirish boʻyicha olib borilayotgan amaliy ishlar xususida maʼlumotlar berildi.
Qayd etilganidek, prezident sayloviga puxta tayyorgarlik koʻrish, uni umumeʼtirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida oʻtkazish bevosita saylov komissiyalari aʼzolarining milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlari boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirishga bogʻliq. Shu munosabat bilan saylov tashkilotchilari bir necha bosqichda saylov qonunchiligi boʻyicha yetakchi olimlar, mahalliy oliy oʻquv yurtlari professorlari, tajribali ekspertlar tomonidan oʻqitildi.
Saylov kodeksiga kiritilgan oʻzgartirishlarning yana bir muhim jihati shundaki, siyosiy partiyalarning saylovoldi tashviqoti uchun ajratilgan mablagʻlardan foydalanishning shaffofligini taʼminlash maqsadida ular tomonidan saylovdan oldin oraliq va saylovdan soʻng yakuniy moliyaviy hisobotlar, qolaversa, Hisob palatasining partiyalar faoliyatini tekshirish natijalarini eʼlon qilish tartibi joriy etildi.
Uchrashuvda Hindiston Saylov komissiyasi raisi Sushil Chandra Oʻzbekistonda saylov qonunchiligini takomillashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalarni ijobiy baholadi. Shuningdek, Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasi va Hindiston Saylov komissiyasi oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish masalalariga ham toʻxtaldi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.