Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish davom etadi

    Saylov 23 Avgust 2021 1536

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasi davrida saylovni yorituvchi ommaviy axborot vositalari vakillari – Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkaziladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasi davrida saylovni yorituvchi ommaviy axborot vositalari vakillari – Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkaziladi.

    Akkreditatsiyadan oʻtgan OAV vakillari saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish, saylov kuni ovoz berish binolarida hozir boʻlish, shu jumladan ovozlarni sanab chiqish chogʻida hozir boʻlish va kuzatish huquqiga ega.

    Akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi murojaatlar 2021-yil 14-oktyabr soat 18:00 gacha Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.

    Akkreditatsiyadan oʻtish istagidagi Oʻzbekiston Respublikasi ommaviy axborot vositalari Markaziy saylov komissiyasiga quyidagi hujjatlarni topshirishlari kerak:

    - akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi Markaziy saylov komissiyasiga yozilgan murojaat (ariza). Murojaat OAV (tashkilot) rasmiy blankasida taqdim etiladi va rahbarining imzosi bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak. Murojaatda akkreditatsiyadan oʻtkaziladigan OAV vakilining (xodimining) familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi koʻrsatiladi. Vakillar soni koʻp boʻlsa ularning roʻyxati murojaatga ilova qilinishi mumkin;

    - akkreditatsiyadan oʻtkaziladigan vakilning (vakillarning) shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (pasport, ID karta);

    - 3x4 sm hajmdagi 1 dona fotosurat yoki jpg formatda boʻlgan elektron shakldagi fotosurat.

    Ommaviy axborot vositasining roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasini taqdim etilishi maqsadga muvofiq.

    Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkaziladi.

    Xorijiy OAV vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga quyidagi hujjatlarni topshiriladi:

    - akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi Markaziy saylov komissiyasiga yozilgan murojaat (ariza). Murojaat Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy OAV muxbirlik punkti (byurosi, ofisi) rahbarining imzosi bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak. Murojaatda akkreditatsiyadan oʻtkaziladigan OAV vakilining (xodimining) familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi koʻrsatiladi. Vakillar soni koʻp boʻlsa ularning roʻyxati murojaatga ilova qilinishi mumkin;

    - akkreditatsiyadan oʻtkaziladigan vakilning (vakillarning) shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (pasport);

    - 3x4 sm hajmdagi 1 dona fotosurat yoki jpg formatda boʻlgan elektron shakldagi fotosurat.

    Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan akkreditatsiyadan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi guvohnoma nusxasini taqdim etish maqsadga muvofiq.

    Hujjatlar qogʻoz va elektron shaklda qabul qilinadi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati. Shuningdek xabar orqali pochta va elektron manzillar, murojaat uchun telefon raqamlari koʻrsatilgan.