Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda Bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida amalga oshirilgan tadbir davomida 1992-yilda tugʻilgan xorijiy davlat fuqarosi, shuningdek, Samarqand viloyatida yashovchi 1981 va 1995-yillarda tugʻilgan 3 nafar Oʻzbekiston fuqarosi qoʻlga olindi.
Tergovga qadar tekshiruvlar natijasida aniqlanishicha, xorijiy fuqaro qurilish materiallari sifatida olib kelingan marmar toshlar orasiga giyohvandlik vositalarini yashirib, mamlakatimizga olib kirgan. Mahalliy fuqarolar esa ushbu giyohvandlik moddalarini tarqatish bilan shugʻullangan.
Tezkor tadbir davomida jami 37 kilogramm 421 gramm “ekstraksion opiy” giyohvandlik vositasi ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.








