Marsda ulkan okean izlari topildi

    U taxminan 3,5 milliard yil oldin mavjud boʻlgan va Qizil sayyoraning Shimoliy yarim sharida joylashgan.

    Pensilvaniya universiteti va Kaliforniya texnika universiteti olimlari Mars yuzasida qadimiy okean mavjudligini tasdiqlovchi dalillarni taqdim etdi. Buning uchun ular qalinligi kamida 900 metr va maydoni yuz minglab kvadrat kilometr boʻlgan choʻkindi konlari boʻlgan ulkan qirgʻoq chizigʻini oʻrganishdi.

    Tadqiqotchilar orbitalardan olingan maʼlumotlarni tahlil qilib, Eolis Dorsa (Aeolis Dorsa) hududining topografik xaritasini tuzishdi. Bu Marsning chuqurga oʻxshash hududi boʻlib, kengligi taxminan – 500, uzunligi – 900 kilometr. Sharq va Gʻarbdan 2 kilometr balandlikdagi tekisliklar, Janubdan tik qiyaliklar bilan oʻralgan.

    Mutaxassislar 6500 kilometrdan ortiq ochiq daryo tizmalari xaritasini, qadimgi daryo oʻzanlarining joylashuvini koʻrsatadigan relyef shakllarini tuzdilar. Ularning koʻpini yagona tarmoqli tizimlarga birlashtirishga erishildi. Qadimgi oqimlarning yoʻnalishlarini oʻlchash va ularning stratigrafik maʼlumotlari qirgʻoq chizigʻi tarixini okean miqyosida qayd etish imkonini berdi. Suv Shimoldan Janubga chekinganda bu chiziq vertikal ravishda kamida 900 metrga koʻtarilgan.

    "Eolis Dorsadagi qoyalar okean qanday koʻrinishda boʻlganligi haqida qiziqarli maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi”, deydi Benjamin Kardenas, Pensilvaniya shtati universiteti geologiya-geofizika tadqiqotlari dotsenti. – U oʻzgaruvchan boʻlgan. Dengiz sathi sezilarli darajada koʻtarilgan. Uning havzalari boʻylab katta tezlikda toshlar toʻplangan. Bu yerda juda koʻp oʻzgarishlar boʻlgan”.