Mashhur tadbirkorlar ishtirokidagi biznes marafon Namanganda qanday oʻtdi?

    Keyingi avlod 9 Aprel 2021 3535

    Respublika boʻylab yangi loyiha - “Biznes Marafon”ning ilk manzili sifatida Namangan tanlangani bejizmas. Chunki tadbirkorlikni boshlash niyatidagi yoshlarning eng koʻp ulushi aynan shu hududga toʻgʻri keladi.

    Dastlab nomdor biznesmenlarni viloyat hokimi qabul qildi, biznes uchrashuv boʻldi. “Tadbirkor oʻz oʻrnini topishi uchun qattiq mehnat qilishi kerak. Muvaffaqiyatga oʻz-oʻzidan erishilmaydi. Har bir yutuq zamirida zahmatli harakat, uyqusiz tunlar yotadi. Yosh tadbirkorlarimiz bu soʻzlarni sizlardan eshitishlari - ularga dadillik va shijoat bagʻishlaydi. Namanganning tadbirkorlikda oʻz maktabi bor. Uni rivojlantirib, yangi nuqtaga olib chiqishda sizlarning oʻrningiz beqiyos”, - dedi Namangan viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov.

    Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator Alisher Saʼdullayev, “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi ijrochi direktori Xayrulla Sattarov, Oʻzbekiston yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash markazi direktori Mehroj Rashidov hamda yuksak natijalarga erishgan taniqli tadbirkorlar - “Dekos.uz” va “Deli.uz” taʼsischilari Hasan va Husan Mamasaidovlar, “Asaxiy.uz” onlayn doʻkon asoschisi Firuzbek Allayev, “Cambridge” oʻquv markazi, “Selfmade” loyihasi asoschisi Jahongir Poʻlatov, “Najot taʻlim” oʻquv markazi asoschisi Temur Adhamovlar soʻzga chiqib, Namangandagi ijobiy tadbirkorlik muhiti toʻgʻrisida samimiy eʼtiroflarini aytishdi.

    Marafonning ikkinchi asosiy qismi Namangan shahrining Davlatobod tumanida yaqinda foydalanishga topshirilgan zamonaviy “Yangi Oʻzbekiston - yoshlar ziyo maskani” axborot-kutubxona markazida davom etdi. “Muvaffaqiyatga erishish sirlari” mavzusidagi motivatsion trening tadbirkorlik sohasiga qiziquvchi 400 ga yaqin yoshlar ishtirokida qizgʻin va koʻtarinki ruhda kechdi.

    “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi ijrochi direktori Xayrulla Sattarov, viloyat hokimining yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari Gʻulomjon Murodxoʻjayev mazkur loyiha maqsadi va yigit-qizlarning oʻziga boʻlgan ishonchini orttirishdagi ahamiyati xususida fikrlarini bildirishdi.

    Yurtimizning koʻzga koʻringan, sohasida katta marralarni zabt etgan biznes vakillari oʻz tajribalari, tadbirkorlik bilan samarali shugʻullanish va marketingda muvaffaqiyatga erishishda nimalarga eʼtibor qaratish kerakligi haqida yigʻilganlarga qimmatli tavsiyalarini, mahorat saboqlarini ulashdilar.

    - Yosh tadbirkorlar uchun eng muhimi kredit emas! Yaxshi ustozlardan bilim olish, ularning xato va yutuqlaridan toʻgʻri xulosa chiqarish muhimroq, - dedi mashhur tadbirkor Husan Mamasaidov. - Insonlarga manfaat berish uchun faoliyat boshlansa, pul ham, shaxsiy brend, obroʻ ham oʻzi keladi va sizni topadi!..

    Yoshlar spikerlarga oʻzlari uchragan muammoli vaziyatga yechim topish borasidagi noodatiy savollarni yoʻllashdi hamda foydali, muhim maslahatlarni, javoblarni qiziqarli, sodda va atroflicha tarzda olishdi. Mingbuloqlik yosh dasturchi Sardorbek Hakimov “Toʻgʻri, tadbirkorlikni pul bilan rivojlantiriladi, lekin bilim, kuchli xohish, aniq reja va umid bilan biror maqsad uchun chin dildan harakatlanilsa, moliyaviy masalalar ham sekin-asta iziga tusharkan. Hayotiy oltin qoidani poytaxtdan tashrif buyurgan, oʻsha bosqichlarni yengib oʻtib, hozirda xususiy sektorda hurmat qozongan, biznes maktabini yaratgan mehmonlar qatʼiy taʼkidlashdi”, deya taassurotlarini oʻrtoqlashdi.

    - Biznes marafon endigina tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish istagidagi uka-singillarimiz uchun unutilmas koʻnikma va motivatsiya maydoni boʻldi desak, yanglishmaymiz. Albatta, bu hali boshlanishi, ayni loyihani kelgusida albatta davom ettiramiz. Yoʻnalishlarga boʻlingan holda maxsus oʻquv-seminarlar ham uyushtiramiz, - dedi biz bilan suhbatda “Yoshlar - kelajagimiz” jamgʻarmasining Namangan viloyati filiali rahbari Islombek Qutfiddinov.

    Orifjon JOʻRAYEV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri.