“Masjid qurish yaxshi, lekin bugun maktabga juda katta ehtiyojimiz tushyapti” — muftiy Nuriddin Xoliqnazarov

    Ijtimoiy hayot 7 Oktabr 2023 1733

    Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazarov ilm olish, unga ragʻbat uygʻotish va sharoit yaratishning ham savobi kattaligi haqida gapirdi.

    “Qurʼoni Karimda birinchi kelgan oyat ilm boʻldi. Suralarni oʻrganib chiqsangiz, juda koʻp joyda Alloh ilmga targʻib qilgan… Ilm olishlik har bir musulmon — erkak va ayolga farz deganlar… Ilm, olimlik — mana bu Islomning eng birinchi shioriga aylandi. Chunki ilmli odam Allohni taniydi, maʼrifatli odam yurtini, Vatanini sevadi, boshqalarga yaxshilik qiladi. Dinimiz jaholat emas, maʼrifat ustiga qurilgan”, — deydi muftiy.

    Shu bilan birga, shayx Nuriddin Xoliqnazarov mamlakatda maktablarga ehtiyoj kattaligi haqida gapirdi.

    “Masjid qurishlik yaxshi, biz mana bu yerga masjid quring, degan joyga qurib bersa — savob. Lekin bugun maktabga juda katta ehtiyojimiz tushyapti. Chunki maktab bizning kelajagimiz”, — deya taʼkidlaydi muftiy.

    Keltirilishicha, Oʻzbekistonda bir yilda salkam 1 million bola dunyoga kelmoqda. Demak, har yili shuncha bola maktabga boradi.

    “Tasavvur qiling, har yili 1 million bola uchun oʻquv sharoitini yaratish kerak. Davlatimiz rahbari, hukumatimizga ming rahmat, maktablar qilib beryapti… Lekin yurtning fidoyi insonlari, boy-badavlat kishilar shu yurtdan mablagʻ topyapsiz, kelajagimiz, bolalarimiz uchun maktab qurib bering. Bogʻchalar, shifoxona, yoʻl, koʻprik quring. Mana bu ham juda katta savob.

    Masjid qurish degani bu musobaqalashish degani emas, bu ibodatxona. Shunaqa bir loyihalar bilan kelishyaptiki, hayron qolasiz. Bitta minora qurish uchun salkam 3 milliard soʻm ketar ekan. Shu bitta minorani qursak, xalqimiz maʼnaviyatiga, yoshlarimiz ilmiga, kambagʻal boʻlib qolgan kimsalarga nima yordam beradi, degan savolni beryapman. Yoʻq, hech narsa qilmaydi bitta minora. Bu isrof emasmi?! Mana shu 3 milliard pulga bitta chiroyli maktab tushar ekan, shu pul qancha bemorga yordam bersa boʻladi”, — ">deydi Musulmonlar idorasi raisi.