Xalqaro ekspertlar, siyosatchilar, umuman, keng jamoatchilik vakillari Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2018 yildan buyon o'tkazib kelinayotgan mazkur sammit Markaziy Osiyo davlatlari liderlarini bir maqsad yo'lida jipslashtirib, mintaqa xalqlari o'rtasidagi bag'rikenglik, ahil qo'shnichilik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqmoqda, deya e'tirof etmoqda.

Ayni shu mazmundagi fikr-mulohazalar Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro instituti tomonidan Avaza sammiti tafsilotlariga bag'ishlab “Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari” mavzuida onlayn tashkil etilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman chog'ida ham qayd etildi.

Unda Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nosirov, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o'rinbosari Akrom Ne'matov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori Eldor Tulyakov, Turkmanistonning O'zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yazguli Mammedov, Qirg'iz Respublikasi strategik tadqiqotlar milliy instituti direktori Uran Axmetov, Tojikiston Respublikasi strategik tadqiqotlar markazi direktori Xurshed Ziyoi, Qozog'iston strategik tadqiqotlar instituti direktori o'rinbosari Sanat Kushkumbaev, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi qator etakchi tahlil markazlari vakillari, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Anjuman ishtirokchilari ta'kidlaganidek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi 2017 yilda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mintaqaviy yaqinlashuv siyosatining mantiqiy davomi bo'ldi. Shuningdek, 2018–2019 yillarda o'tgan Maslahat uchrashuvlari mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish yo'lida mustahkam zamin yaratdi.

Hozirgi kunda mintaqa mamlakatlari hamkorlik borasida aniq maqsad bilan harakat qilmoqda. Buni Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida o'zaro savdo aylanmasi hajmi barqaror o'sib, sarmoyaviy aloqalar mustahkamlanib borayotganida ham ko'rish mumkin.

Mintaqadagi ijobiy o'zgarishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham qo'llab-quvvatlanmoqda. BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash bo'yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash”, “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik”, “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish”, “Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e'lon qilish to'g'risida”gi maxsus rezolyutsiyalar qabul qilinishi g'oyatda ahamiyatlidir.

Mintaqada madaniy-gumanitar hamkorlik sohasidagi aloqalar jadal rivojlanmoqda, fan, ta'lim, turizm, madaniyat va sport kabi sohalarda turli tadbirlarning tashkil etilayotgani,  qardosh xalqlarimizning tarixan yaqin madaniy-gumanitar aloqalarini yanada mustahkamlashga imkon beradi.

– Avaza sammiti yakunlari Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqada tinchlik va barqaror xavfsizlikni ta'minlash uchun hamkorlikni chuqurlashtirish va yanada kengaytirishga qat'iy sodiqligini yaqqol namoyish etdi. Bu davlat rahbarlarining uchrashuv yakuni bo'yicha qabul qilingan Qo'shma bayonotida o'z aksini topdi. Qo'shma bayonotda iqtisodiy munosabatlarning sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarishga e'tibor qaratildi, – dedi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi direktori E.Tulyakov.

Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nosirov ta'kidlaganidek, o'zaro hamkorlik borasida erishgan yutuqlarimiz qatorida, hali foydalanishimiz mumkin bo'lgan ulkan salohiyatga egamiz. Ayni paytda, mamlakatlarimiz mintaqaviy sheriklikni mustahkamlashning dastlabki bosqichida turibdi. Ushbu masalalar davlat rahbarlarining o'zaro hamkorlikni faollashtirish bo'yicha bildirgan amaliy tashabbuslarida ham namoyon bo'ldi. Xususan, Prezidentimiz davlatlararo savdo-sotiq hajmining o'sishini ta'minlaydigan, adolatli raqobat muhitini shakllantiradigan, mahsulot ishlab chiqaruvchilar uchun savdo bozorlarini kengaytiradigan va tarifli va tarifsiz to'siqlarni bartaraf etish orqali to'laqonli erkin savdo rejimini shakllantirishni taklif qildi.

Xalqaro anjuman ishtirokchilari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi Maslahat uchrashuvlari mintaqa taraqqiyoti, xalqlarimiz ahilligi va turmushi farovonligi yo'lida hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini alohida ta'kidladi.