Prezidentimiz SHavkat Mirziyoev Markaziy Osiyo davlatlari bilan ko'p asrlik do'stlik va yaxshi qo'shnichilik, strategik sheriklik va o'zaro ishonch ruhidagi aloqalarimizni yanada mustahkamlash masalasi doimo diqqat-e'tiborimiz markazida bo'lishi lozimligini bot-bot ta'kidlab kelmoqda. Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham bu masalalarga alohida e'tibor qaratildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mazkur yo'nalishda yuritilayotgan oqilona siyosat samarasida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari yo'lga qo'yilgani mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishda muhim mexanizm va muloqot maydoni vazifasini o'tamoqda.
Markaziy Osiyo o'zining qulay jug'rofiy joylashuviga ko'ra asrlar davomida jahon miqyosidagi geosiyosiy jarayonlar markazida bo'lib kelgan. Mintaqa doimo boy madaniy-tarixiy merosi bilan Evropa, YAqin SHarq, Janubiy va SHarqiy Osiyoni bog'laydigan noyob chorraha vazifasini o'tagan.
So'nggi yillarda Prezidentimizning izchil sa'y-harakatlari tufayli Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida o'zaro ishonch va hurmat, do'stlik va yaqin hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko'tarildi, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik muhiti mustahkamlandi. YAqin-yaqingacha o'zaro munosabatlarda ba'zi mavzularda gapirish noqulay hisoblangan bo'lsa, hozir biror yopiq mavzu qolmadi. Hatto eng murakkab masalalarni, xoh u transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish bo'lsin, xoh chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish yoki chegara punktlarini kesib o'tish bo'lsin, barcha turdagi muammolarni tomonlar ochiq va do'stona ruhda hal qilishga intilmoqda.
Bu borada SHavkat Mirziyoev tashabbusi bilan yo'lga qo'yilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvlarining mintaqa xalqlarini birlashtirishdagi rolini alohida ta'kidlash joiz. Mazkur uchrashuvlar mintaqada xavfsizlik va barqaror taraqqiyotning turli yo'nalishlarini birgalikda hal qilish uchun samarali muloqot mexanizmiga aylandi.
Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni yo'lga qo'yish va uning institutsional mexanizmlarini yaratish yo'lida oldin ham bir-necha bor urinishlar bo'lgan edi. Bunga misol sifatida o'tgan asrning 90-yillarida mintaqada paydo bo'lgan turli integratsion loyihalar, xususan, Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati, Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti va Markaziy Osiyo ittifoqi kabi tashkilotlarni keltirish mumkin. Biroq bunday integratsion loyihalar pirovardida hech qanday natijasiz yakunlangan. Buning qator ob'ektiv va sub'ektiv sabablari bor, albatta. Ushbu integratsion loyihalarni ro'yobga chiqarish yo'lida g'ov bo'lgan to'siqlardan biri endigina mustaqillikka erishgan Markaziy Osiyo mamlakatlarida milliy davlatchilikni shakllantirish bilan bog'liq jarayonlardir. O'shanda barcha davlatlar “o'z yog'iga o'zi qovrilib”, ichki muammolar girdobida qolib ketgan va mintaqaviy hamkorlik masalalariga unchalik e'tibor qaratilmagan edi. Qolaversa, o'tgan asrning 90-yillari boshida mintaqa davlatlari o'rtasida iqtisodiy aloqalar ham ancha sekinlashib, tovar ayirboshlash hajmi keskin tushib ketgandi. SHu kabi omillar mintaqaviy hamkorlikni ancha zaiflashtirdi.
Hozir mintaqa mamlakatlari muammolarga yakdil javob qaytarish, ularni hal etishning samarali yo'llarini birgalikda izlash va taraqqiyot uchun hamjihatlikda intilish yo'lida dadil harakat qilmoqda. Ayniqsa, so'nggi besh yil ichida O'zbekiston etakchisining qat'iy sa'y-harakatlari tufayli ilgari ancha tarqoq va o'ta ziddiyatli ichki munosabatlarga ega bo'lgan Markaziy Osiyo xalqaro maydonda yaxlit bir jug'rofiy-siyosiy makon sifatida gavdalana boshladi.
Maslahat uchrashuvlari — samarali muloqot maydoni
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini muntazam ravishda o'tkazib turish tashabbusi Prezidentimiz SHavkat Mirziyoev tomonidan 2017 yil sentyabr` oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan edi. Birinchi maslahat uchrashuvi 2018 yil 15 mart kuni Nursulton shahrida bo'lib o'tdi. Oliy darajadagi uchrashuvda mintaqa mamlakatlari o'rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, terrorizm, diniy ekstremizm, narkotik moddalar va qurol-yarog' kontrabandasiga qarshi birgalikda kurashish, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari keng muhokama qilindi.
SHuningdek, bu uchrashuvda ta'kidlanganidek, Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlarini ko'p ming yillik qardoshlik va yaxshi qo'shnilik rishtalari bog'lab turadi. Tarix, din, umumiy madaniyat va an'analar birlashtiradi. Mintaqamizda dunyo tamadduni rivojiga ulkan ta'sir ko'rsatgan noyob madaniyat va taraqqiyot mavjud bo'lib, bu Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy kelajagi, barqaror rivojlanishi va farovonligini ta'minlashda mustahkam poydevor bo'la oladi.
Anjumanda Prezidentimiz nutq so'zlab, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni kengaytirishda Markaziy Osiyo davlatlarining savdo-iqtisodiy aloqalarini rivojlantirish, bu borada muntazam muloqotni yo'lga qo'yish, umummintaqaviy muammolarga birgalikda echim topish maqsadida Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvini doimiy o'tkazish endilikda an'anaga aylanishi kerakligini ta'kidladi. Mintaqaviy xavfsizlik, Afg'onistonda tinchlik o'rnatish, davlat chegaralarini delimitatsiya qilish, mintaqada suv resurslaridan adolatli foydalanish masalalariga alohida urg'u berildi. SHuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasida innovatsion faoliyat yo'nalishida hamkorlik aloqalarini kengaytirish, davlatlar o'rtasida eksport-import masalasida bir-birini qo'llab-quvvatlash, madaniy-gumanitar aloqalar, do'stlik va yaxshi qo'shnilik munosabatlarini mustahkamlash masalalari muhokamalar markazida bo'ldi. Terrorizm, ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik va narkotrafiklarga qarshi kurash, texnogen, ekologik fojealar va favqulodda vaziyatlarning oldini olishda hamkorlikda harakat qilish, bojxona tariflarini soddalashtirish, mintaqalararo ichki sayyohlikni rivojlantirish kabi ustuvor masalalar ham kun tartibidan o'rin olgan edi.
Umuman, ilk maslahat uchrashuvi juda samarali o'tdi. Tomonlar bu kabi uchrashuvlar hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta'kidlab, keyingi maslahat uchrashuvini 2019 yilda Toshkentda o'tkazishga kelishib oldi. 2019 yilning 29 noyabrda poytaxtimizda bo'lib o'tgan ikkinchi maslahat uchrashuvida beshta mamlakat etakchilari Markaziy Osiyoda ko'p tomonlama hamkorlik bo'yicha yagona nuqtai nazarga kelish zarurligini e'tirof etib, uning asosiy yo'nalishlari haqida fikr almashdilar va qator muhim tashabbuslarni ilgari surdilar. Davlatimiz rahbari mazkur uchrashuv davr taqozosi ekaniga, tomonlarning yaxshi qo'shnichilikni mustahkamlash va sheriklikni kengaytirishga intilishi ifodasi ekaniga e'tibor qaratib: “YAratganning inoyati bilan biz qo'shnilarmiz. Xalqlarimizning tarixi va taqdiri, kelajagi chambarchas bog'liq. Bu esa mintaqamizni birlashtiruvchi katta kuchdir”, deb alohida qayd etdi.
Toshkent uchrashuvida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish, katta bozorga ega, tabiiy xomashyo va inson resurslari salmoqli bo'lgan mintaqaning imkoniyatlarini to'liq ishga solish, qo'shilgan qiymat zanjirini shakllantirish, mintaqa ichidagi savdo hajmini ko'paytirish, ish o'rinlarini yaratish maqsadida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yangi yo'nalishlarni aniqlash va kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, mintaqaning transport jihatidan o'zaro bog'liqligini mustahkamlash va tranzit salohiyatini ro'yobga chiqarish, energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, mintaqaning turizm salohiyatini rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Prezidentimiz Toshkentda Markaziy Osiyo mamlakatlari investitsiyaviy forumini tashkil etish, savdo-sanoat palatalari rahbarlari uchrashuvlarini har yili o'tkazish taklifini ilgari surdi. Davlatimiz rahbari, shuningdek, suvdan foydalanish borasidagi muammolarni hal etishga doir o'zaro kelishilgan yondashuvlarni ishlab chiqishni taklif etdi. Afg'onistonda tinchlik, milliy murosa va iqtisodiy tiklanishga erishishga ko'maklashish yo'lida mintaqa mamlakatlarining sa'y-harakatlarini muvofiqlashtirish muhim ekanini ta'kidladi.
Ikkinchi maslahat uchrashuvi barcha mamlakatlar manfaatlarining o'zaro mushtarakligi, ularning mintaqaviy taraqqiyotning eng dolzarb masalalari bo'yicha ochiq muloqot va birgalikda qarorlar qabul qilishga tayyor ekanini yana bir tasdiqladi. Prezidentimiz muzokaralar an'anaviy do'stlik va o'zaro anglashuv ruhida o'tgani davlat rahbarlarining mintaqada ishonch va yaxshi qo'shnichilik muhitini yanada mustahkamlashga bo'lgan intilishi va qat'iy siyosiy irodasining yaqqol ifodasi bo'lganini ta'kidladi. Toshkent sammiti yakunida maslahat uchrashuvlarining ilk huquqiy hujjatlari – qo'shma bayonot qabul qilindi hamda maslahat uchrashuvlariga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish reglamenti ma'qullandi.
Hamkorlikning ijobiy dinamikasi – mintaqaviy taraqqiyotning bosh omili
So'nggi yillarda mintaqaviy hamkorlik jarayonlarining faollashuvi Markaziy Osiyo davlatlari o'rtasida barqaror va izchil o'sishni ta'minlash imkonini bermoqda. Mintaqada savdo aylanmasi hajmi sezilarli darajada o'sishi, tashqi investitsiyalar oqimi keskin ortishi kuzatilmoqda.
Masalan, birgina O'zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo aylanmasi 2020 yilda 5 milliard dollarni tashki etdi. Holbuki, bu raqam 2016 yilda 2,5 milliard dollarga ham etmas edi. . Joriy yilning 6 oyida esa birgina Qozog'iston bilan o'zaro savdo hajmi salkam 2 milliard dollarga etib, 42 foizlik o'sish kuzatildi. YOki bu boradagi hamkorlik Tojikiston bilan 231 million dollar (o'sish 4 foiz), Qirg'iziston bilan 425 million dollar (o'sish 8 foiz), Turkmaniston bilan 280 million dollarni (o'sish 9 foiz) tashkil etgani o'zaro aloqalar nechog'li shiddat bilan o'sayotganidan dalolat beradi.
SHunga qaramay, Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasida o'zaro aloqalarni yanada chuqurlashtirish yo'lida hali talaygina ishga solinmagan imkoniyatlar mavjud. Buni olimlar, xalqaro ekspertlarning tahlillari ham yaqqol tasdiqlaydi. Masalan, iqtisodchi olim O.Hakimovning fikricha, ichki mintaqaviy savdo hajmini, ayniqsa, tayyor mahsulotlar hisobiga oshirish ulkan istiqbolga ega. Xalqaro savdo markazi metodologiyasi bo'yicha qilingan hisob-kitoblar Markaziy Osiyo mamlakatlarining o'zaro savdoda 1,1 milliard dollar, xususan, oziq-ovqat mahsulotlari borasida 530 million, kimyo sanoatida 180 million, metallurgiya sanoatida 120 million, engil sanoat tovarlari borasida 110 million dollarlik amalga oshirilmagan eksport salohiyati mavjudligini ko'rsatmoqda. Demak, amaliy sa'y-harakatlarni yanada chuqurlashtirish orqali mintaqaviy hamkorlikni bundan-da yuqoriroq bosqichga ko'tarish mumkin. Hamjihatlik va faol sa'y-harakatlar ko'p qirrali mintaqaviy hamkorlik uchun yangi va yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
SHu nuqtai nazardan, mintaqaviy hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari Markaziy Osiyo mamlakatlari etakchilarining joriy yil 6 avgust` kuni Turkmanistonning Avaza sayyohlik zonasida bo'lib o'tadigan uchinchi maslahat uchrashuvida keng muhokama qilinadi. Bu galgi sammit mintaqa mamlakatlari mustaqillikka erishganining qutlug' 30 yillik tantanalariga to'g'ri kelayotgani bilan ham ahamiyatlidir.
Bu galgi sammitning kun tartibidan savdo-sotiq, transport, logistika, energetika va madaniy-gumanitar sohalarda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish bilan bog'liq qator masalalar o'rin olgan. Jumladan, energetika sohasida hamkorlik, yangi transport yo'laklarini yaratish va bu borada mavjud imkoniyatdan samarali foydalanish, eksport-import hajmini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, pandemiyaga qarshi kurashishda mintaqa mamlakatlari sa'y-harakatlarini birlashtirish kabi muhim masalalar ko'rib chiqiladi. Afg'on jamiyatida totuvlik va tinchlik o'rnatishdan butun Markaziy Osiyo davlatlari manfaatdor. Bu muammo shubhasiz, sammit kun tartibida asosiy o'rinlardan birini egallaydi.
Bundan tashqari, tadbirga qadar Markaziy Osiyo uchun BMTning Preventiv diplomatiya bo'yicha mintaqaviy markazi shafeligida mintaqamizning etakchi ayollari muloqoti o'tkazilgani e'tiborga molik. Mintaqa mamlakatlari milliy ishlab chiqaruvchilarining iqtisodiy forumi va sanoat mahsulotlari ko'rgazmasi, milliy taomlar festivali kabi tadbirlar bo'lib o'tishi kutilmoqda.
Hozirdanoq xalqaro ekspertlar bu galgi anjumanda O'zbekiston tomoni ilgari suradigan barcha masalalar Prezidentimizning ikkinchi Maslahat uchrashuvidagi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasidagi, yaqinda Toshkentda bo'lib o'tgan Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o'zaro bog'liqligiga bag'ishlangan xalqaro anjumandagi muhim tashabbuslar ruhiga hamohang bo'lishi va ularni to'ldirishini taxmin qilmoqdalar.
Xulosa qilib aytganda, O'zbekistonning mintaqada o'zaro ishonch va yaqin qo'shnilik muhitini yaratishga qaratilgan sa'y-harakatlari qo'shni davlatlar tomonidan qizg'in qo'llab-quvvatlanmoqda. Maslahat uchrashuvlari qator mintaqaviy tashabbuslarni ilgari surish va hamjihatlikda amalga oshirish imkonini bermoqda. eng muhimi, Markaziy Osiyoning barcha davlatlari ushbu mexanizmning mintaqadagi mavjud muammolarni birgalikda hal qilish uchun qulay platforma ekanini e'tirof etgan holda kelgusida undan samarali foydalanish uchun tayyor ekanini izhor qilmoqda. Bu esa pirovardida mintaqaning kelajagi porloq bo'lishiga ishonch bilan qarash imkonini beradi.
Qodir JO'RAEV,
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar
va parlamentlararo aloqalar qo'mitasi raisi o'rinbosari









