Ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqanddagi mahalliy blogerlardan biri mast holatda restoranda janjal ko'targani, ishchilarga kuch ishlatishga uringani, shuningdek, ichki ishlar xodimlarini haqorat qilganligi” sarlavhasi ostida videolar tarqaldi. Holat yuzasidan Samarqand viloyati IIB axborot xizmati rasmiy munosabatni e'lon qildi.

2023-yil 12-fevral kuni Samarqand shahrida yashovchi fuqaro M.A. Samarqand shahridagi “Istiqlol” restoranida ovqatlanib, spirtli ichimlik ta'sirida, restoran ish faoliyatini yakunlash arafasida restoran ishchilaridan qo'shiq aytish uchun mikrafon so'ragan.

Restoran ishchilari ushbu restoranda “karaoke” yo'qligi hamda restoran ish faoliyatini tugatganligini tushuntirmoqchi bo'lganida, fuqaro M.A. ishchilarni uyatsiz so'zlar bilan haqorat qilib, ularni urmoqchi bo'lgan. Restoran ishchilari hodisa joyiga Milliy Gvardiya qo'riqlash xizmatini chaqirishgan.

Qo'riqlash xizmati xodimlari fuqaro M.A. ni tinchlantirishmoqchi bo'lganida u xodimlarining qonuniy talablariga bo'ysunmay, ularning xizmat faoliyatiga faol qarshilik ko'rsatgan. Shundan so'ng, M.A. Samarqand shahri bo'yicha IIO FMB 2-son IIBga olib kelinib, u bilan suhbat o'tkazilib, xodimlar uni tinchlantirishmoqchi bo'lganda M.A. me'yoridan ortiq spirtli ichimlik istemol qilgani sababli baqir-chaqir qilib, kapitan D.Shodmonovni sha'ni qadr-qimmatini kamsitib, uyatli so'zlar bilan haqorat qilgan.

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.