Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Nukus tumani boʻlimi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan.
Unda davlat xususiy sherikchilik bitimiga asosan koʻmir yetkazib beruvchi “N.A.” MCHJga ijtimoiy soha obyektlarini isitish uchun yetkazib berilgan koʻmir oʻlchovdan oʻtkazilganida, MCHJ masʼul shaxslari umumiy bahosi 1 mlrd soʻmlik jami 2 514 tonna koʻmirni talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan. Davlat xususiy sherikchilik bitimiga asosan koʻmir yetkazib beruvchi “O.D.” MCHJ rahbari O.Q. va boshqalar kuz-qish mavsumida Kosonsoy tumanidagi byudjet tashkilotlarini isitish uchun ajratilgan umumiy bahosi 263,1 mln soʻmlik 609,9 tonna koʻmirni boshqa shaxslarga qimmat narxlarda sotib yuborib, talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.