Ijod ahli ishtirokidagi tadbirda uyushma aʼzolari Shuhrat Sirojiddinov, Bahodir Karim, Rustam Musurmon, Rustam Mirvohid soʻzga chiqib, romanning yaratilish bosqichlari va uning mazmun-mohiyati haqida soʻz yuritdi.

Mazkur roman tariximizning “jadidlik” deb atalgan eng murakkab davri, ota-bobolarimizning yurt ozodligi yoʻlidagi fidoyiligi, ibratli ishlari hamda birinchi oʻzbek aktrisasi Maʼsuma Qoriyevaning fojiali taqdiri haqida hikoya qiladi.

Ushbu asarni yurtimiz tarixidagi qora kunlarning zamonaviy talqini, milliy teatrimizning badiiy tarixi deb atasa boʻladi. Asarga Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid soʻzboshi yozgan. Toʻplamdan yozuvchining keyingi yillarda yozilgan hikoyalari ham oʻrin olgan. Romanda tasvirlangan voqealar – hayotda sodir boʻlgan, badiiylikka yoʻgʻrilgan haqqoniy voqealardir, deya taʼkidlandi taqdimotda.

– Isajonning bu asarida qatagʻon davrida millatning axloqiy-maʼrifiy ildizlariga qanday qilib bolta urilgani, bir oʻzbek ayolining boshidan oʻtkazgan ogʻir sinovlari aks ettirilgan, – dedi uyushma raisi Sirojiddin Sayyid. – Jadidlar davri qanday murakkab boʻlganini bir oila misolida koʻrish mumkin. Albatta, bu romanni har bir kitobxon oʻqimogʻi kerak, dey oʻylayman.

Shuningdek, romanda Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Zahiriddin Aʼlam, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy kabi qator ziyolilarning nomlari keltirib oʻtiladi.

– Romanni shunchaki oʻqib boʻlmaydi. Undagi voqealar bilan tanishar ekansiz, koʻzingizga yosh keladi, – dedi uyushma aʼzosi Shuhrat Sirojiddinov. – Xalqimizning II jahon urushi davrida boshidan kechirganlari Maʼsuma obrazi orqali koʻrsatib berilgan. Asar oʻz oʻrnida bugungi davrning qadriga yetish va oilalarning mustahkaligi yoʻlida ahamiyatlidir.

Asarda oʻzbek teatrining dunyoga kelishi, ilk sahna asarlari, milliy teatr asoschilaridan biri Mannon Uygʻur, aktyorlar Yetim Bobojonov, Abror Hidoyatov, Sora Eshontoʻrayeva, Zaynab Sadriyeva siymolarini oʻqish mumkin.

Ushbu kitob Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan shu yili “Adabiyot” nashriyotida 3000 nusxada chop etildi. Unga Ikrom Iskandar masʼul muharrirlik qilgan.

Taqdimotda muallif romanni yozish jarayonidagi kechinmalari bilan oʻrtoqlashdi va  asar haqidagi iliq fikrlar uchun minnatdorlik bildirdi.

Zulayho Ahmadjonova,

jurnalist