Tadbirda “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi jamoasi, Toshkent shahar tuman axborot-kutubxona markazi rahbarlari, Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi direktori H. Karimova va markaz mutaxassislari, Olmazor tumani “Nuroniylar” jamgʻarmasi raisi M. Mirpulatov, maʼnaviyat va maʼrifat markazi Olmazor tuman boʻlinmasi rahbari M. Aliboyeva hamda kutubxona faol foydalanuvchilari qatnashdilar.
Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi direktori H. Karimova soʻzga chiqib, matbuotda kitobxonlik madaniyatining targʻiboti boʻyicha bir nechta takliflarni bildirib oʻtdi. “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharriri oʻrinbosari A. Oʻrozov “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining tashkil etilishi, hamda uning bugungi kundagi maqsad va vazifalari haqida batafsil maʼlumot berdi. Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist B. Egamqulov keyingi yillarda Oʻzbekistonda soʻz va matbuot erkinligini taʼminlash uchun ochiq maydon yaratilganligi va ikki asrni koʻrgan ustoz sifatida kechagi va bugungi imkoniyatlar haqida oʻz qarashlarini bayon etdi.
Fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va yoshlar siyosati boʻlimi katta muxbiri X. Abulfayzov tadbir davomida, yangi Oʻzbekiston siyosatida yoshlarning oʻrni, shuningdek matbuotda yoritib borilayotgan bir qator yoshlar tashabbuslari, ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar toʻgʻrisida toʻxtalib oʻtdi. Davra suhbatida maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi katta muxbiri M. Tojimamatova oʻz ijodidan oʻrin olgan A. Navoiyning 580-yilligiga atalgan sheʼrini oʻqib berdi va “Tavof”, “Koʻnglim shuʼlalari” nomli sheʼriy toʻplamlarini kutubxonaga tuhfa etdi. Davra suhbati baxs-munozaraga boy boʻlib, bunda Uchtepa tuman axborot-kutubxona markazi B. Xodjayeva, Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi direktori oʻrinbosari V. Muratova, faol kitobxon M. Eshpoʻlatova, oʻquv zali sektor mudiri D. Azimova oʻzlarining qiziqtirgan savollariga javob oldilar.

