Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Matematika institutida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan hamkorlikda uzluksiz taʼlim tizimida matematik fanlarni oʻqitishda uzviylik masalasiga bagʻishlangan seminar tashkil etildi.

Tadbirda matematik taʼlimda oʻquv dasturlarini tuzishda uzluksizlik va uzviylikni taʼminlash boʻyicha qator masalalar muhokama qilindi. Seminarda soʻzga chiqqanlar soʻnggi yillarda taʼlim tizimidagi oʻzgarishlarga (12 yillik majburiy taʼlim, umumtaʼlim maktablarida 10-11-sinflarda oʻqitishning qayta tiklanishi va boshqalar) muvofiq, matematik taʼlimning oʻquv dasturlariga mos oʻzgarishlarning oʻylanmasdan, shoshmashosharlik bilan kiritilishi natijasida matematika fani oʻqituvchilar va oʻquvchilar uchun umumtaʼlim fanlari orasida eng qiyin fanga aylangani, maktab dasturi va oliy taʼlim dasturi oʻrtasida mantiqiy bogʻliqlik sustlashganini taʼkidlashdi.

Shuningdek, matematika fanlari darsliklarining nazariy bilimga koʻproq yoʻnaltirilgani va real hayotdan uzilib qolganligi oqibatida matematika oʻquvchilarni mantiqiy fikrlashga undaydigan, hayotiy muammoni yechishga va tadqiq etishga yoʻnaltiradigan qiziqarli fan sifatidagi jozibadorligini yoʻqotgani aytildi. Taʼlim inspeksiyasi tomonidan oʻtkazilgan milliy va xalqaro tadqiqotlarda (PISA) ham bu oʻz isbotini topmoqda. Bu kabi muammolar oliy taʼlim tizimida ham dolzarbligicha qolmoqda. Oliy taʼlim muassasalarida matematikani oʻqitishda kadr tayyorlanadigan yoʻnalish va mutaxassislikning oʻziga xosligini inobatga olmasdan “bir qolip barchaga mos tushadi” tamoyiliga asoslanilayotgani uchrashuvda mutaxassislar tomonidan keskin tanqid qilindi.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Matematika instituti mutaxassislari tomonidan bu borada Finlyandiyaning tajribasini oʻrgangan holda nafaqat matematik taʼlim dasturlarini, balki uni oʻqitish metodikasi va oʻquvchilarda matematik koʻnikmalarni baholash tizimini takomillashtirish, matematika fanlari oʻqituvchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish yoʻnalishlari boʻyicha hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 6-noyabrdagi “Taʼlim tarbiya tizimini yana-da takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, inspeksiya hamda tegishli taʼlim vazirliklariga maktabgacha, umumiy oʻrta, professional, oliy taʼlim oʻquv dasturlari va fanlarning uzluksizligini taʼminlash boʻyicha vazifalar belgilab berilgan. Bunda maktabgacha, umumiy oʻrta, professional va oliy taʼlim fan dasturlari uzviyligini taʼminlash va taʼlim jarayoniga yangi oʻquv dasturlari va rejalarini joriy etish koʻzda tutilgan.

Bugungi kunda mazkur vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan tegishli yoʻl xaritasi ishlab chiqildi. Shuningdek, ishchi guruh aʼzolari tomonidan 21 fan boʻyicha uzluksiz taʼlim tizimi uchun konsepsiyalar loyihalari tayyorlanib, “Uzluksiz taʼlimda fanlar uzviyligi” muhokamalar portaliga joylashtirildi. Bugungi kunga qadar mazkur portalga 3 000 dan ortiq taklif kelib tushgan. Bundan tashqari, taʼlim turlariaro oʻxshash fanlar saralab olinib, mazkur fanlarning bir-birini takrorlovchi hamda oʻziga xos tomonlari qiyosiy oʻrganilmoqda.

Taʼkidlanishicha, barcha fan dasturlari qiyosiy tahlili natijasiga koʻra, maktabgacha taʼlim bosqichida 44 ta, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlimda 184 ta, kasbiy taʼlimda 78 ta, oliy taʼlimda 151 ta, yaʼni 4 ta taʼlim bosqichida jami 457 ta mavzu qisqartirilishi taklif qilingan. Shuningdek, uning soʻzlariga qaraganda, maktabgacha taʼlim bosqichida 115 ta, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlimda 601 ta, kasbiy taʼlimda 131 ta, oliy taʼlimda 173 ta, yaʼni barcha taʼlim bosqichlarini hisoblaganda jami 1020 ta mavzu yangidan kiritilishi yoki takomillashtirilishi kerak.

Xususan, mazkur masalani birgina matematika fani misolida koʻradigan boʻlsak, maktabgacha taʼlim bosqichida 3 ta, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlimda 20 ta, kasbiy taʼlimda 3 ta, oliy taʼlimda 3 ta, yaʼni 4 ta taʼlim bosqichida jami 29 ta mavzuda taʼlim turlari orasidagi uzviylik taʼminlanmagan. Shuningdek, barcha taʼlim turlari boʻyicha fan dasturlaridagi 94 ta mavzu takomillashtirilishi yoki yangi kiritilishi kerak. Shuningdek, fan dasturlarini PISA, PIRLS, TIMSS kabi xalqaro tadqiqotlarga moslashtirish uchun 4 ta taʼlim turida jami 89 ta mavzu kiritilishi lozim.

Shuningdek, tadbirda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi oʻrinbosari Odil Qoʻysinov matematika fani boʻyicha fan dasturlarining uzviyligini taʼminlashda Matematika instituti bilan hamkorlikning ahamiyatiga toʻxtalar ekan, jumladan, shunday dedi:

– Uzluksiz taʼlim tizimida fan dasturlarining uzviyligi taʼminlanmagani taʼlim sifati va samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Jumladan, taʼlim turlariaro mavzularning takrorlanishi, ayrim mavzularga haddan ziyod koʻp soatning ajratilgani, fan mazmuni deyarli nazariy maʼlumotlarga asoslanganligi hamda xalqaro tadqiqotlar singdirilmaganligi kabi muammolar mavjud. Taʼlim bosqichlari mazmuni tahlilida 10–15 foiz mavzularning takror berilayotganligi, 50–60 foiz mavzularda uzviylik taʼminlanmaganligi tahlillarda koʻrindi.

Oldimizda taʼlim mazmunini belgilashga xizmat qiluvchi, uzluksiz taʼlim tizimining meʼyoriy hujjatlari, oʻquv dasturlarining uzviyligini tahlil qilish, ularning har bir fan boʻyicha bosqichlar orasida takroriyligining oldini olish boʻyicha ishlar hamda uzviyligi taʼminlangan fan dasturlari asosida darsliklar mazmunini ham muvofiqlashtirish kabi dolzarb vazifalar turibdi.

Bunda har bir fan boʻyicha mutaxassislar tayyorlash jarayonini yagona metodologiya atrofiga birlashtirishimiz lozim. Bu jarayonda har bir taʼlim vazirligi masalaga oʻz vakolati va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, yondashmoqda. Ayni shu nuqtayi nazardan, ushbu dasturlarning Matematika instituti olimlari tomonidan ekspertizadan oʻtkazilishi jarayonning yana-da samaraliroq yoʻlga qoʻyilishiga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida matematika fani boʻyicha oʻquv dasturlarini takomillashtirishda hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan fikr almashilib, tegishli vazifalar belgilab olindi.