“Matonat. Mashaqqatli gʻalaba” filmi premyerasi boʻlib oʻtdi

    Film millionlab yuraklar rozini mard futbolchilarga yetkazishga xizmat qildi, deyish mumkin.

    Insonning tabiati ajoyib. Nimaniki yoʻqotsa, qadriga yeta boshlaydi. Salomatligimizda sogʻlikning, shoshmaganimizda vaqtning qadriga yetmaganimizdek. Eng achinarlisi, yetti muchamiz sogʻligiga har on shukr qilib, bunyodkorlik ishlariga oʻzimizni safarbar etavermasligida. Oyoq-qoʻli yoʻq boʻlsa-da, jamiyatga naf berayotgan yoki birgina qoʻli, birgina oyogʻi bilan ham tinim bilmayotganlarni koʻrib ham ibrat olavermaymiz.

    3-dekabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Kino saroyida premyerasi namoyish etilgan “Matonat. Mashaqqatli gʻalaba” — “Matonat” nogiron-amputantlar futbol jamoasi haqidagi hujjatli film tomoshabinlarning barchasiga ibrat boʻldi, desak xato boʻlmaydi.

    Ishtiyoq, mardlik va gʻalaba haqida hikoya qilingan film rejissyori — Komil Sharafiyev amputant futbolchilarning boshidan oʻtganlarini, qalbida joʻsh urgan tugʻyonlarni tomoshabin qalbiga yetkazishga harakat qilgan. Shu maʼnoda filmda tabiiylik ufurib turibdi. Yuragida vatan ishqi olovlangan har bir futbolchiga tasanno deging keladi. Film millionlab yuraklar rozini mard futbolchilarga yetkazishga xizmat qildi, deyish mumkin.

    Zero, 1988-yilda nogiron-amputantlar futbolini rivojlantirish markazi qoshida tashkil etilgan jamoa 1990-yilda AQSHda, 1991-yil (Oʻzbekiston), 2007-yil (Turkiya), 2010-yil (Argentina) va 2012-yillarda (Rossiya) boʻlib oʻtgan jahon chempionatlarida gʻalabaga erishdi. Bundan tashqari, klub 1988-yildagi jahon chempionatida kumush va 2002-yil hamda 2022-yillarda bronza medallarini qoʻlga kiritdi.

    Asl farzandlik, mardlik, chinakam matonat timsoli boʻlgan jamoaning har bir aʼzosiga mukofotlar muborak boʻlsin!

    Munojat Moʻminova