Yetishtirilgan hosilni yigʻib-terib olish maqsadida 110 ta terim otryadlarida 14 ming 753 nafar terimchi bilan ish beruvchi oʻrtasida ikki tomonlama shartnomalar imzolandi.
– Ayni kunlarda jamiyatimiz tomonidan mavsumni tez va sifatli oʻtkazish maqsadida 150 ta xorijiy texnikalar, 300 ga yaqin agregatlar xarid qilindi, – deydi “Angor Surxon Gʻururi” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Shuhrat Safarqulov. – Masumda toʻliq oʻzimizni oʻzimiz texnika vositalari bilan taʼminlaymiz. Yigʻim-terim mavsumini uyushqoqlik bilan, yogʻin-sochinli kunlarga qoldirmasdan oʻtkazish uchun barcha chora tadbirlar koʻrilgan. Eng muhimi terimchilarga munosib shart-sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratildi. Bundan tashqari mavsumda munosib ishtirok etgan terimchilar klaster tomonidan qoʻshimcha ragʻbatlantiriladi. Terimchilarning issiq ovqati, tibbiy yordam, karantin talablariga rioya qilish borasida zarur chora-tadbirlar koʻrilgan.
– Oʻtgan yili ham paxta terimiga ishtirok etgan edim, – deydi terimchi Goʻzal Boboyeva. – Lekin, bu yilgi sharoitlar meng maʼqul boʻldi. Bu yilgi mavsumni oldingilaridan farqli jihati, kunlik norma belgilanmagan, ish beruvchi bilan tuzilgan sharnomada barcha huquqlarimiz belgilanganligidir. Yana bir muhim jihat, tibbiyot xodimlaridan iborat guruhlar dalaning oʻzida terimchilarning sogʻligʻini muntazam nazorat qilib boradi.
4 nafar farzandim bor. Turmush oʻrtogʻim vafot etgan. “Temir daftar”da ruyxatda turaman. Davlatimiz tomonidan koʻrsatilayotgan barcha moddiy va maʼnaviy yordam uchun minaddorman. Paxta mavsumi biz kabi fuqarolar uchun yaxshigina daromad manbai. Bu yil ishlab topgan pulimga uy-joyimni taʼmirlash, qizimni turmushga uzatishni reja qilganman.
– Kunlik ishlarda 30-35 ming soʻm uchun ishlab kelayotgan edim, – deydi terimchi Fotima Husanboyeva. – Mavsum boshlagandan buyon kuniga 100 kilogrammdan oshirib paxta terayapman. Bu esa bir oyda 3 millon soʻm degani. Daromadimga bolalarimini qishki kiyim-kechagini, qishloq xoʻjalik mahsulotlarini gʻamlab olmoqchiman.
Joriy yilda Surxondaryo viloyatida paxta yigʻim-terim mavsumiga 175 ming nafardan ortiq terimchi jalb etilishi rejalashtirilgan. Ularning yotoq joylari, ovqatlanish va dam olish sharoitlari karantin talablari asosida tashkil etiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, bugun mamlakatimiz paxta xirmonining yuksalishiga hissa qoʻshish majburiy mehnat emas, balki oila byudjetiga foyda, roʻzgʻorga baraka keltiradigan daromad manbaiga aylanib bormoqda. Asosiysi, buni terimchilarimiz oʻz faoliyati, mehnati va hayotida chuqur his etmoqda.