Tadbirkorlar murojaatlariga koʻra, mavsumiy kafe va ovqatlanish joylarini tashkil etish bilan bogʻliq tartib-qoidalar ayrim hududlarda mahalliy hokimiyat organlari tomonidan notoʻgʻri qoʻllanilmoqda.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan boʻlib oʻtgan toʻrtinchi ochiq muloqotida umumiy ovqatlanish korxonalariga oʻz hududiga tutash boʻsh yer uchastkalaridan foydalangan holda mavsumiy kafe xizmatlarini tashkil etishga ruxsat berilgan hamda mazkur jarayonni soddalashtirish boʻyicha masʼul idoralarga topshiriqlar berilgan.
Ushbu topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 31-iyuldagi “Tadbirkorlik subyektlariga tutash hududlardan mavsumiy foydalanishni tashkil etishni yanada soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 478-son qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, tadbirkorga tegishli hududga tutash yoki undan 5 metrdan ortiq boʻlmagan masofada joylashgan boʻsh maydonlar tijorat faoliyatini amalga oshirish uchun auksion savdolarisiz toʻgʻridan-toʻgʻri ijaraga berilishi belgilangan. Shuningdek, ijara shartnomalari Soliq qoʻmitasining ijara shartnomalarini hisobga olish elektron tizimi orqali rasmiylashtirilishi nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, ayrim mahalliy hokimiyat organlari tomonidan tadbirkorlarni tutash hududlardan foydalanishga ehtiyoj mavjud boʻlmagan hollarda ham ijara shartnomasi tuzishga majburlash, rad etilgan taqdirda esa ushbu hududlarni boshqa tadbirkorlarga berib yuborish bilan tahdid qilish holatlari kuzatilmoqda.
Mutaxassislarga koʻra, bunday amaliyotlar amaldagi qonunchilik talablariga zid boʻlib, tadbirkorlik faoliyatini erkin amalga oshirishga toʻsqinlik qiladi.
Shu munosabat bilan, agar tadbirkorlarga nisbatan mahalliy hokimiyat organlari tomonidan noqonuniy yoki asossiz talablar qoʻyilayotgan boʻlsa, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasiga +998 78 150 60 06 telefon raqami orqali murojaat qilish soʻralmoqda.








