Unda 2020-yilda aholining bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish maqsadida Qamashi tumani “Oqrobot” mahallasi hududidagi 450 gektar lalmi maydonga tokzor tashkil etish uchun bankdan bir necha milliardlik imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratilgani, lekin tokzor bugun choʻlga aylangani, shuncha mablagʻ havoga uchgani haqida soʻz yuritilgandi.
Tokzor shu atrofdagi “Oqrobot”, “Gulshan”, “Kaptarxona”, “Ravot” mahallalari fuqarolariga ajratib berilgan. Fuqarolarga 18 million soʻmdan 33 million soʻmgacha imtiyozli kredit rasmiylashtirilgan. Ammo fuqarolarning bundan umuman xabari boʻlmaganligi haqida murojaatchilarning intervyulari eʼlon qilingandi.
Mana, oradan bir oycha vaqt oʻtgan boʻlsada, “Xalq banki” mutasaddilari bu borada oʻz munosabatini bildirishmadi.
Biz mavzuga qaytib yana jurnalistik surishtiruv oʻtkazganimizda, ayni kunlarda “Xalq banki” ATB Qamashi filiali xodimlari tomonidan kreditlarni boshqalar nomiga rasmiylashtirish uchun aholidan hujjatlarga imzo qoʻydirayotgan ekan.
Bizdagi maʼlumotlarga koʻra, ushbu tokzorga 16 milliard soʻmdan ortiq imtiyozli kreditlar sarflangan. Bugun yantoqzorga aylangan tokzor uchun sarflangan kreditlarni boshqa birovning nomiga rasmiylashtirgan bilan muammo hal boʻlib qolarmikan? Aslida bu pullar tokzor uchun sarflanganmi? Nega bu holatga huquqiy baho berilmayapti? Buning nomini koʻzboʻyamachilik deyishmaydimi?
Akbar RAHMONOV
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri