Kecha Kinematografiya agentligi Badiiy kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Xitoy kino ijodkorlari bilan suratga olinishi rejalashtirilgan “Meni kut” kino loyihasi, “Uch qahramon”, “Maxtumquli”, badiiy filmlari, “Oʻzbekiston kino sanʼati ustalari” turkumi ostida yaratilgan film-portretlar, “Oʻzbek sanʼati dargʻalari” turkumidagi “Mukarrama Turgʻunboyeva” hujjatli filmi, “Buyuk Ipak yoʻli boʻylab sayohat” turkumidagi animatsion loyihalar koʻrib chiqildi.
Muhokamada Badiiy kengash aʼzolari, xitoylik kinoijodkorlar, ssenariy mualliflari, rejissyorlar ishtirok etdi. Kengash muhokamasi avvalida, “Meni kut” film ssenariysi taqdim etilib, Badiiy kengash aʼzolari loyiha boʻyicha oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.
Soʻngra Muzaffarxon Erkinov “Maxtumquli” (ishchi nomi) badiiy filmi boʻyicha taqdimot oʻtkazdi. Kengash aʼzolari kino loyiha sinopsisi, lokatsiyalar, turkman aktyorlarining videosinovlari, liboslar, rekvizitlar bilan tanishtirildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan yaratilishi rejalashtirilgan mazkur ko-produksiya Oʻzbekiston va Turkmaniston kino ustalari hamkorligida ishlab chiqariladi.
Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda yaratilayotgan “Uch qahramon” badiiy filmi boʻyicha suratga olinadigan qoʻshimcha epizodlar koʻrigi va muhokamasi boʻlib oʻtdi.
Kengash muhokamasi davomida “Buyuk Ipak yoʻli boʻylab sayohat” turkumi ostida yaratilishi rejalashtirilgan »Shiroq afsonasi» animatsion loyihasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Bu boʻyicha animatsion film rejissyori Abdulatif Haydarov taqdimot oʻtkazdi.
Muhokama soʻnggida Kengash aʼzolari barcha loyihalar boʻyicha oʻz fikr va takliflarini berishdi.