May oyida 20,6 milliard soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi

    Uning aksariyati Samarqand, Jizzax va Buxoro viloyatlari hissasiga toʻgʻri keladi.

    Joriy yilning may oyida Energetika vazirligi huzuridagi “Oʻzenergoinspeksiya” va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida 135 ta holatda isteʼmolchilar tomonidan 23 mln kVt/soat elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.

    Buning natijasida tizimga 20,6 mlrd soʻm zarar keltirilganligi maʼlum boʻldi. Misol uchun, Samarqand viloyatidagi “Ch. Z. D.” fermer xoʻjaligida 1,7 mlrd. soʻm, Jizzax viloyatidagi ilmiy-tajriba stansiyasida 442,9 mln. soʻm, Buxoro viloyatidagi “T. K.” MCHJda 324 mln. soʻm miqdoridagi qayta hisoblash ishlari amalga oshirildi.

    Qoidabuzar isteʼmolchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar koʻrilib, tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.

    Nazorat tadbirlari davom etmoqda.