Shu kabi savollarga Sogʻliqni saqlash vazirligining Bolalar travmatologiya va ortopediyasi boʻyicha bosh maslahatchisi Abduxalil Xudjanov javob berdi.
— Maymoqlikdan qutulish uchun gips qoʻyish, jarrohlik amaliyoti oʻtkazishdan boshqa davolash usullari ham bormi?
— Avvallari goʻdak bir yarim yoshga yetguniga qadar gips qoʻyilar, kutilgan natijaga erishilmasa, jarrohlik amaliyoti qoʻllanar edi. Hozirgi kunda esa ortopediyadagi zamonaviy davolash uslublari maymoqlikning operativ davo choralarini ancha erta amalga oshirish imkonini beryapti.
Oyoq payini uzaytirish, yaʼni axillotomiya bugun amaliyotda yuqori samara berayotganligi fikrimiz isbotidir. Mazkur texnologiyani xastalikning ogʻir darajalarida ham qoʻllash mumkin. Qisqa fursatda bajariladigan amaliyotdan soʻng bolaning oyoqlariga maxsus plastmassadan ishlangan shina taqiladi. Shina olingach, bola maymoqlikni davolash uchun moʻljallangan maxsus ortopedik poyabzallarni kiyib yurishi lozim boʻladi.
— Maymoqlik xastaligi qaytalanishi mumkinmi?
— Ortopedik kasalliklarning deyarli barcha turi birlamchi holatiga qaytishi ehtimoldan holi emas. Bunga, shubhasiz, muolajadan keyingi reabilitatsiya choralariga qatʼiy amal qilmaslik sababdir.
Misol uchun, ayrim ota-onalar bolasining oyogʻi tuzalib, yurib ketgach, ortopedik poyabzal kiydirish, uqalash (yoki davolash gimnastikasi) muolajalarini bajarishni unutib qoʻyishadi. Chala davolanish tufayli oyoq avvalgi qolipiga tushib qolishi ehtimoli kuchlidir.
Bemorlar orasida takroran operatsiyaga olib kelinganlar ham yoʻq emas. Amaliyotdan soʻng oyoqni tekis holatga moslashtirish uchun fiziomuolaja, parafin, suvli vannalar, elektrofarez singari reabilitatsiya tadbirlariga alohida eʼtibor qaratish lozim. Yoʻqsa, operatsiya yoʻli bilan choʻzilgan pay yana qisqarib, maymoqlikni yuzaga keltiraveradi.
— Ortopedik kasalliklarda goʻdakning erta yurishi man etiladi, maymoqlikda ham shundaymi?
— Ayrim ortopedik kasalliklarda goʻdakning erta qadam tashlashi man etiladi. Maymoqlik esa bundan mustasno. Mazkur xastalikda bolakay qancha erta qadam tashlasa, shu qadar foydalidir.
Maymoqlik bilan ogʻrigan bolalar koʻpincha, oyoqning yon tomoni bilan yura boshlashadi, oyoq panjasini toʻliq yerga bosish uchun esa harakatni cheklamaslik darkor.
Kelgusida maymoqlik bilan tugʻilgan bola sportning har qaysi turi bilan shugʻullanishi mumkin. Jismoniy faollikka qanchalik koʻp eʼtibor berilsa, mushak va boʻgʻimlar shu qadar mustahkamlanib boraveradi. Bir soʻz bilan aytganda, ushbu xastalikdan bolalarni forigʻ etish uchun toʻgʻri davo choralarini qoʻllash hamda ota-onalardan alohida gʻamxoʻrlik, diqqat-eʼtibor talab qilinadi.
A. Xudjanov bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.