Mayning faoliyati quyosh energiyasi bilan amalga oshiriladi

    Energetika 4 Oktabr 2023 1413

    “Mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazildi (roʻyxat raqami 3461, 29.09.2023-y.)

    Nizom bilan Oʻzbekiston hududida mayning faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berish hamda faoliyatni tashkil etish tartibi belgilandi.

    Unga koʻra, mayning faqat yuridik shaxs tomonidan quyosh fotoelektr stansiyalari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda amalga oshiriladi, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

    Maynerlar isteʼmol qilingan elektr energiyasini hisobga olish uskunasini oʻrnatib, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda yagona elektr energetika tizimiga ulanishi mumkin.

    Maynerlar oʻz faoliyatini faqat roʻyxatga olingan paytda koʻrsatilgan manzilda, yongʻin xavfsizligi hamda sanitariya normalari va qoidalariga rioya qilgan holda amalga oshirish huquqiga ega.

    Oʻzbekiston hududida quyidagilarni amalga oshirish taqiqlanadi:

    • yashirin mayningni;
    • anonim kripto-aktivlar mayningini;
    • roʻyxatga olingan paytda koʻrsatilgan manzilga mos kelmaydigan manzilda mayningni;
    • ruxsatnomasiz mayningni.

    Maynerlar mayningni amalga oshirish natijasida olingan kripto-aktivlarni Oʻzbekistonda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyati bilan shugʻullanish uchun litsenziyaga ega boʻlgan kripto-birjalar orqali sotishga haqli.

    Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (vakolatli organ) rahbari tomonidan tasdiqlangan ekspert komissiyasi taqdim etilgan arizani 15 kunda koʻrib chiqadi hamda ruxsatnoma berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida xulosa tayyorlaydi.

    Vakolatli organ ekspert komissiyasining xulosasi asosida 5 kun ichida ruxsatnoma berish yoki berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

    Ruxsatnoma vakolatli organ tomonidan qaror qabul qilingan kundan boshlab bir kun ichida QR-kod (matrik shtrixli kod) qoʻyilgan holda elektron hujjat tarzida rasmiylashtiriladi.

    Arizani koʻrib chiqish hamda ruxsatnoma rasmiylashtirish uchun yigʻim undirilmaydi. Ruxsatnoma 5 yil muddatga beriladi.