Quyosh panelida ishlaydigan suv nasosi — kam taʼminlangan oilalar uchun tejamkor texnologiya

    Hamma yaxshi yashashga, farovon hayot kechirishga intiladi. Ammo ayrim ijtimoiy muammolar, turli vaziyatlar borki, bunga yoʻl bermaydi. Kambagʻallik ana shunday ijtimoiy muammolardan.

    Atrofimizda biror qiynalgan oila boʻlsa, insoniylik jihatidan unga yordam qoʻlini choʻzamiz. Biroq qoʻldan berganga qush toʻymaydi. Bir oilaning farovon hayot kechirishi uchun doimiy daromad manbai zarur. Mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan islohotlarning bosh maqsadi ham shu. Kam taʼminlangan oilalar aʼzolarining qiziqishi, hudud imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bandligini taʼminlash orqali daromadini oshirish choralari koʻrilyapti.

    Qiyin sharoitdan chiqishga intilib, chora topolmayotgan insonga koʻrsatiladigan kichik yordam ham uning hayotini tubdan oʻzgartirib yuborishi mumkin. Bugun ana shunday oʻzgarishlar bilan yashayotgan minglab yurtdoshlarimiz haqida bilamiz. Mahalla koʻmagida olingan imtiyozli kredit, biror hunar boshlash uchun berilgan beminnat ish qurollari sabab kambagʻal oiladan ish beruvchi tadbirkorga aylanganlar qancha. Oʻzim ham ularning bir nechasi haqida maqolalar tayyorlaganman.

    Ochigʻi, imkoniyat toʻgʻri chamalansa, yoʻnalish aniq koʻrsatilsa, eng muhimi, odamning oʻzida harakat boʻlsa, hozir bir chekkada qashshoq boʻlib yashashning imkoni yoʻq. Hech boʻlmaca, uyingizga nega bekor oʻtirganingizni soʻroqlab kelib, biror ish boshlashni taklif qiluvchilarning qadami uzilmaydi. Hol-ahvol soʻrovchilar esa qoʻshnilaringiz emas, davlat idoralari vakillari boʻlyapti.

    Shu yil 16-iyun kuni davlatimiz rahbari raisligida islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi va aholini qiynayotgan masalalar tahlili boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ushbu jihatga takror va takror urgʻu berildi.

    Aholining dardu tashvishlarini eshitib, ularga sharoit yaratib berish rahbarlarning asosiy vazifasi ekani taʼkidlandi. Endi odamlar muammolari bilan ishlash boʻyicha yangi tizim yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.

    Suv boʻlsa, tomorqadan foydalanuvchilar koʻpayadi

    Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani Takiya mahallasi ogʻir hududlardan. Bu yerda ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish Kadastr agentligi zimmasiga yuklatilgan.

    Dastlabki jarayonda hudud oʻrganilib, aholining asosiy daromad manbai dehqonchilik va chorvachilik ekani aniqlandi. Mahallada istiqomat qiladigan 3882 kishining aksariyati xonadonidagi tomorqada mahsulot yetishtiradi. Ammo olingan hosilning asosiy qismi roʻzgʻordan ortmaydi. Bir qismigina bozorga olib chiqiladi. Xonadon egalari shundan ozgina daromad qiladi.

    Hosilning koʻp emasligi sugʻorishdagi muammolar bilan ham bogʻliq. Mahalladagi ariqqa yaqin joylashgan 20 ta xonadon shaxsiy elektr nasosi orqali suv chiqargan. Unga sarflanadigan elektr energiyasi xarajati choʻntagi baquvvat oilani ham qiynab qoʻyadi. Kambagʻal oilani-ku aytmasa ham boʻladi. Odamlar tomorqasi, bilagida kuchi boʻla turib,

    yerdan samarali foydalana olmayotgani boisi shunda.

    Ushbu masalaning zamonaviy hamda innovatsion yechimi sifatida Kadastr agentligi tomonidan Takiya mahallasiga mamlakatimizda birinchilardan boʻlib quyosh panelida ishlaydigan suv nasosi oʻrnatib berildi. Quyosh panelining quvvati 60 kilovatt. Kun davomida nasos hech qanday xarajatsiz ishlaydi. Zamonaviy suv nasosi mahalladagi 200 ta xonadonni suv bilan taʼminlamoqda. Qurilma soatiga 1000 kub metr suv chiqaradi. Hududda 8 ta koʻcha boʻlib, ularda yashovchilarning tomorqasi har kuni navbati bilan sugʻoriladi.

    Suv chiqarish nasosi quyosh paneli yordamida ishlagani bois, undan foydalanish aholiga tekin tushyapti. Yaʼni qurilma odamlarning sugʻorish uchun sarflanadigan elektr energiyasi xarajatini kamaytirdi. Sugʻorish bilan bogʻliq muammo yechilgani kambagʻal oilalarning ham tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirmoqda.

    — Mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha aniq vazifalar belgilangan, — deydi Kadastr agentligi direktori oʻrinbosari Abdushukur Abdullayev. — Buning uchun davlatimiz rahbarining alohida qarori bilan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi ham ishga tushirilgan. Unda barcha davlat va xoʻjalik boshqaruv organlariga muayyan hudud biriktirilib, ulardagi kam taʼminlangan oilalarni kambagʻallikdan chiqarish vazifasi belgilangan. Kadastr agentligiga ham yurtimiz boʻylab bir qancha hudud, xususan, turli viloyatlardagi ayrim mahallalar biriktirilgan. Qiziriq tumanidagi mahallalar shular jumlasidan. Bugunga qadar tumandagi 34 ta oilaning bandligini taʼminlash va farovonligini oshirish maqsadida chorva mollari, turli ish qurollari topshirildi. Texnikani berish bilan ish bitmaydi. Tajribasi boʻlmagan odamga maslahat, yoʻl-yoʻriq koʻrsatish ham zarur. Jarayonda kam taʼminlangan oilalar aʼzolarining tadbirkorlik faoliyatini boshlashi yoki tomorqadan samarali foydalanishiga koʻmaklashish ham asosiy vazifamiz va bu boradagi ishlar ham tizimli bajarilmoqda.

    Ham iqtisod, ham daromad

    Sugʻorish tizimida quyosh nuridan foydalanish — yangicha yechim. Boshqa jihatdan, hozir yurtimizda barcha soha va tarmoqda energiyatejamkor, ekologiya uchun zararsiz, arzon va qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishga oʻtilayotganining natijasi bu. Samaradorligini esa chamalash qiyin emas. Mana, Takiya mahallasi bir misol. Kambagʻal oilalar elektr energiyasi xarajati sabab suv chiqarish nasosidan foydalana olmagan. Tabiiy sharoitda sugʻorishning esa doim ham imkoni yoʻq, ariqlarda suv sayozlab ketgan bugungi sharoitda tomorqadan roʻzgʻorga yetarli hosil olinsa ham katta gap.

    Zamonaviy suv nasoslari buning oʻziga xos yechimi boʻladi. Bunday texnologiyani yurtimizning barcha hududida qoʻllash harakati boshlangan. Davlatimiz rahbarining joriy yil 1-2-may kunlari Xorazm viloyatiga tashrifida viloyatda ekin maydoniga suv chiqarish oson emasligi, mamlakatdagi nasoslarning 21 foizi shu yerda joylashgani, ularga quyosh paneli oʻrnatib, elektr xarajatini iqtisod qilish muhimligi taʼkidlangandi. 2138 ta nasosni shu tizimga oʻtkazib, Xorazm tajribasini yaratish zarurligi koʻrsatilgan.

    Quyosh panelida ishlaydigan suv nasosini oʻrnatishdan maqsad aholi xarajatini kamaytirish barobarida tomorqadan samarali foydalanish koʻrsatkichlarini oshirishga ham qaratilgan. Chunki mamlakatimizdagi qator hududlar tajribasi tomorqaning aholi uchun yaxshigina daromad manbai ekanini koʻrsatdi. Takiyaliklar ham amaliyotda bunga amin boʻlyapti.

    Dastlab mahalla ahliga turli sabzavot, poliz va dukkakli ekinlar yetishtirish, mav-sumiy mahsulotlarni jamlash hamda bozorda sotish borasida amaliy tavsiyalar berildi. Tomorqadan yilda bir necha marotaba hosil olib, doimiy yoki qoʻshimcha daromad manbai yaratish mumkinligi koʻrsatildi.

    «Ochigʻi, tomorqadan unumli foydalanib, yaxshi daromad olish borasida Sayxunobod tajribasiga havas qilardik. Ammo sugʻorish bilan bogʻliq muammo sabab bozorbop mahsulot yetishtira olmaganmiz. Suv nasosi oʻrnatilganidan ke-yin oʻzimiz ham turli mahsulotlarni yetishtirishga qiziqib, kirishib ketdik», deydi fuqarolardan biri.

    Avvallari hudud aholisi, asosan, beda yetishtirgan. Sayxunobod tajribasi haqida yozganimizda tuman mutasaddisi bilan beda va sabzavot ekinlarining bozordagi narxini hisoblab koʻrgandik. Oʻrtadagi farq bir necha barobar yuqori. Vaholanki, aholining koʻpi bedani hatto sotmaydi ham, asosan, chorva uchun yetishtiradi, yer boʻsh turmasligi uchun bir ermak.

    Takiya mahallasi endi tomorqaga daromad manbai sifatida qaray boshladi. Yilning qaysi fasli boʻlmasin, suvdan xavotir olmaydi, quyosh panelida ishlaydigan nasos doim ishlab turadi. Odamlar yerga qadagan ekinini vaqtida sugʻorib, koʻkartiryapti. Xonadonlardagi tomorqada sabzavot va poliz ekinlari, koʻkatlar yetishtirilyapti. Aholi oladigan hosilini oilaviy ehtiyojidan orttirib, bozorga olib chiqadi.

    Aytgancha, Yangiyoʻl tumanidagi koʻkat yetishtirishga ixtisoslashgan mahallalar haqida yozganimda odamlar tomorqasidan yil davomida tindirmay hosil olishi, koʻkatdan yaxshigina daromad topishiga shaxsan guvoh boʻlgandim. Qalovini topsang, qor ham yona-di, deyishgani rost. Hozir tomorqaga kirib olib, tinimsiz mehnat qilishdan koʻra, zamonaviy texnika yordamida bilimga asoslangan usullarni qoʻllash ancha samara beradi.

    Quyosh panelida ishlaydigan suv nasosini olaylik. Qurilma yordamida suv chiqarish uchun inson omili taʼsiri kerak emas, toʻliq elektron tizim asosida ishlaydi. Texnikadan hududda elektr energiyasida uzilish boʻlgan vaqtlarda ham foydalanish mumkin. Chunki qurilmaning ishlashi umumiy tarmoqqa bogʻliq emas. Quyosh nuridan quvvat oladi va kun davomida ishlab beradi. Bu ekinlarni sugʻorish jarayonida uzilish boʻlmaydi, suv uzluksiz taʼminlanadi, degani.

    Quyosh paneli harakatga keltirayotgan suv nasosi nafaqat iqtisodiy, balki ekologik jihatdan ham samarali. Innovatsion yonda-shuv esa aholi farovonligini oshirishga xizmat qilyapti.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri