Markaziy saylov komissiyasi taklifiga binoan shu yilning 30-aprel kuni boʻlib oʻtadigan referendumga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlarini kuzatib borish maqsadida Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi Bosh kotibi Sergey Lebedev boshchiligidagi MDH kuzatuvchilari missiyasi mamlakatimizga tashrif buyurdi.
Bugun, 12-aprel kuni Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxoʻjayevning referendumni kuzatish boʻyicha MDH kuzatuvchilari missiyasi rahbari Sergey Lebedev bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda 30-aprel kuni oʻtkaziladigan referendum tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish qonunchilik talablari va demokratik prinsiplarga muvofiq amalga oshirilayotgani maʼlum qilindi. Shuningdek, missiya rahbari referendum jarayonlarini kuzatish boʻyicha MDH kuzatuvchilari missiyasi aʼzolari tarkibi, kuzatuvchilarning mamlakatimizda faoliyat olib borish tartibi boʻyicha maʼlumotlar berib oʻtdi.
Taʼkidlanishicha, missiyasi tarkibi MDHga aʼzo davlatlarning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va saylov organlari, shuningdek, MDH hududida faoliyat yurituvchi Hamdoʻstlik organlari va integratsiya birlashmalari vakillaridan iborat tashkil topdi. MDH kuzatuvchilari missiyasi tomonidan referendum milliy qonunchiligiga va davlatimizning xalqaro majburiyatlariga muvofiqligi toʻgʻrisida bayonot tayyorlanadi.
MSK matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, MDH kuzatuvchilari missiyasi Oʻzbekistonga tashrifi mobaynida respublikamizning bir qator referendum uchastkalarida boʻlib, referendum yuzasidan oʻzining tegishli xulosalari va tavsiyalarini berishni rejalashtirgan.
Bahor Xidirova,
«Yangi Oʻzbekiston» muxbiri