MDH Ijroiya qoʻmitasining Moskva boʻlimida Oʻzbekistonda boʻlib oʻtagan parlament sayloviga bagʻishlangan brifing tashkil etildi

    Saylov 16 Oktabr 2024 411

    MDH Ijroiya qoʻmitasining Moskva boʻlimida mamlakatimizning Moskvadagi elchixonasi tomonidan Oʻzbekiston parlamenti sayloviga bagʻishlangan brifing oʻtkazildi.

    Tadbirda MDH mamlakatlari diplomatik korpusi rahbarlari va vakillari, ekspert va tahlilchilar, Rossiya ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Oʻzbekiston elchisi Botirjon Asadov yigʻilganlarni 2024-yil 26-iyulda boshlangan saylovoldi tashviqotining borishi haqida maʼlumot berdi. Saylov jarayonida 30 ming nafarga yaqin nomzod va ularning 90 mingga yaqin ishonchli vakili, saylov komissiyalarining 120 mingdan ortiq aʼzosi, 70 ming nafardan ortiq mahalliy va xalqaro kuzatuvchilar faol ishtirok etishi kutilayotgani qayd etildi.

    Tadbirda MDH Bosh kotibi, Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi boʻyicha MDH kuzatuvchilari missiyasi rahbari Sergey Lebedev maʼruza qildi. Uning taʼkidlashicha, muddatidan oldin ovoz berish 16-oktyabrdan boshlanadi. MDH kuzatuvchilari muddatidan oldin ovoz berish jarayonini kuzatish uchun saylov uchastkalariga borishni rejalashtiryapti.

    – Hamdoʻstlikka aʼzo boshqa mamlakatlarda boʻlgani kabi Oʻzbekistonda ham saylov tizimi va saylov qonunchiligi keyingi yillarda takomillashib boryapti, – dedi u. – MDH davlatlarida, jumladan, Oʻzbekistonda saylov jarayonini tashkil etishni tartibga soluvchi kodeks va qonunlar umumeʼtirof etilgan demokratik meʼyorlarga yaqingina emas, balki koʻp jihatdan ulardan oshib ketadi.

    MDH Ijroiya qoʻmitasi vakillari parlament saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etishga katta ishtiyoq bilan tayyorgarlik koʻrayotgani taʼkidlandi. Bosh kotib, shuningdek, mamlakatimiz saylov tizimidagi yangiliklar bilan yana bir bor tanishish imkoniyati uchun minnatdorlik bildirdi.

    Yakunda tadbir ishtirokchilariga Taraqqiyot strategiyasi markazi tomonidan tayyorlangan “Oʻzbekiston: siyosiy islohotlar va saylov – 2024” maʼlumotnomalar taqdim etildi, shuningdek, Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasi tomonidan taqdim etilgan videofilmlar namoyish etildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.