Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizamxodjayev Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Parlamentlararo Assambleyasi kuzatuvchilari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda mamlakatimizda boʻlib oʻtadigan joriy yilgi Prezident saylovini oʻtkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, saylov komissiyalari aʼzolarining saylov qonunchiligiga doir bilim va koʻnikmalarini boyitish, saylov jarayoniga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish yuzasidan olib borilayotgan saʼy-harakatlar toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Qolaversa, ushbu siyosiy tadbirlarda yoshlarning faolligini oshirish, imkoniyati cheklangan fuqarolarning saylov huquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida soʻz yuritildi.

Taʼkidlash joizki, ushbu tuzilma kuzatuvchilari MDH saylovlarni kuzatish missiyasi tarkibiga kiradi. Shu bilan birga, guruhning saylovlarni kuzatish bilan bogʻliq faoliyati MDH PAga aʼzo davlatlarda demokratiya, parlamentarizmning rivojlanishi va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish xalqaro instituti tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Shuningdek, uchrashuvda MDH PA kuzatuvchilari bu yilgi saylovlarning ochiq va shaffof hamda xalqaro normalarga muvofiq oʻtishiga muvaffaqiyatlar tiladi.