MDHga aʼzo davlatlar Bolalar Ombudsmanlarining birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 15 Sentabr 2021 1036

    Joriy yil 14-sentyabrda MDH davlatlari Bola huquqlari boʻyicha vakillarining onlayn uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Oʻzbekiston, Belarus va Armaniston Bolalar ombudsmanlari hamda MDHga aʼzo davlatlar vakillari ishtirok etdi.

    Tadbirni MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi — ijrochi kotibi Sergey Lebedev ochib berdi. Onlayn uchrashuvda taʼkidlanganidek, ushbu tadbirning oʻtkazilishidan maqsad – bola huquqlarini taʼminlashda MDHga aʼzo davlatlarning Bolalar Ombudsmanlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash hamda konstruktiv aloqa uchun muloqot platformasini yaratishdir.

    Tadbirda soʻz olgan Oʻzbekiston Bolalar ombudsmani Aliya Yunusova MDHga aʼzo davlatlar vakillari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning yangi formati muhim ahamiyatga ega ekanligiga eʼtibor qaratdi. “Bugun biz nafaqat davlatlarimiz hududida amalga oshirilayotgan dasturlarni qoʻllab -quvvatlashga qadam qoʻymoqdamiz, balki, MDHga aʼzo davlatlarda bola huquqlarining kafolatlanishida ombudsman institutlari va boshqa inson huquqlari mexanizmlarini birlashtirmoqdamiz. Yillar davomida toʻplangan ilgʻor tajribalarni oʻzlashtirish va amaliyotga tatbiq etish yaxshi natija berishi shubhasiz”, — dedi Bolalar ombudsmani.

    Aliya Yunusova voyaga yetmaganlarni qurolli mojarolar boʻlayotgan hududlardan qaytarish, ularni reintegratsiya qilish, reabilitatsiya qilish va jamiyatga integratsiyalashuvi dasturlari doirasida oʻzaro taʼsir oʻtkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi. Uning taʼkidlashicha, bugungi kunda koʻplab davlatlar ushbu muhim vazifani amalga oshirish bilan shugʻullanyapti va MDHga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning yangi formati kuchlarni birlashtirishga va bu ish samaradorligini oshirishga imkon beradi.

    Shuningdek, bolalar ombudsmani ishtirokchilar qaroriga binoan keyingi yigʻilishlarda ishtirok etish uchun bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi mutaxassislarni jalb etish hamda bolalarning huquqini himoya qilish, qonuniy manfaatlarini taʼminlash sohasida ekspertlar hamkorligi, tajriba almashish, birgalikda oʻtkaziladigan chora-tadbirlar rejasini tuzish takliflarini bildirdi, bu muhokama uchun tanlangan mavzularni kengroq ochib berishga yordam beradi. Tadbirda ishtirok etayotgan mamlakatlar vakillari ushbu takliflarni bir ovozdan qoʻllab -quvvatladi, shuningdek, oʻz davlatlari hududida bolalar huquqlarini himoya qilish tajribalari bilan boʻlishdilar.

    Aliya Yunusova uchrashuv yakunida, tadbirdagi ishtiroki va konstruktiv muloqot uchun ishtirokchilarga va MDH Ijroiya qoʻmitasiga minnatdorchilik bildirdi, deb xabar beradi Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati.