22-iyul kuni O'zbekiston Milliy universitetiga “Diplomatic world” jurnali ijrochi direktori Barbara Ditrix tashrif buyurdi. Mazkur delegatsiyani O'zbekiston Milliy universiteti rektori Inom Madjidov va prorektorlar kutib oldilar.

Ma'lumot uchun:   “Diplomatic world” yilda to'rt marta raqamli va bosma shaklda chop etiladigan xalqaro jurnal, jahon siyosati, diplomatiya, biznes, moliya, san'at va madaniyat masalalarini yoritadi.

Uchrashuv mobaynida universitet rektori Inom Madjidov O'zbekistonning ta'lim tizimi va undagi asosiy o'zgarishlar to'g'risida ma'lumot berdi. So'nggi yillarda oliy ta'lim tizimidagi islohotlarga batafsil to'xtalib, mamlakatimizda oliy ta'lim qamrovi kengayib borayotganligini ta'kidlab o'tdi.

Tashrif doirasida ijrochi direktor Barbara Ditrix O'zbekistondagi ta'lim tizimidagi yangiliklar bilan qiziqib, “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o'zaro bog'liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzuidagi xalqaro konferensiya o'zgacha taassurot qoldirganligi hamda turli tadbirlarda O'zbekiston yoshlaridagi ishtiyoq va shijoatni kuzatganligini hamda bu uni ruhlantirganligini bildirdi. “Diplomatic world” jurnali ijrochi direktori Barbara Ditrix O'zMU haqida Yevropaning bu nufuzli jurnalida maqola chop etishni rejalashtirilganini va shuning uchun shaxsan o'zi O'zMUga interv`yu olish maqsadida kelganini bildirdi. Unga ko'ra, “Diplomatic World” jurnali 20 yildan buyon faoliyat olib borayotgan bo'lsa, Barbara Ditrixning direktor bo'lishiga qadar jurnal asosan siyosiy va diplomatik munosabatlarni yoritgan. 2017-yildan boshlab jurnal o'z auditoriyasini kengaytirish maqsadida iqtisodiy, moliyaviy va madaniy sohalarni ham qamrab ola boshlaganligi aytib o'tildi. Jurnal ijrochi direktori suhbat jarayonida xalqimizning mehmondo'stligi, yoshlarimizning intilishi, ilm olishga ishtiyoqi va yangi g'oyalar yaratish yo'lidagi faollishini alohida ta'kidladi.  Unga O'zMU rektori O'zbekistonda ta'lim sohasida olib borilayotgan islohotlar,  O'zbekiston Milliy universitetida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma'lumot berdi. Barbara Ditrik o'zini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, taassurotlari bilan bo'lishdi. Uchrashuv so'ngida tomonlar o'zlarini qiziqtirgan savollarni berishdi va Barbara Ditrix O'zMU rektori Inom Madjidovning O'zbekistonning ta'lim tizimi to'g'risida g'arb davlatlari ishbilarmon doiralarini xabardor qilish hamda O'zbekiston Milliy universitetini xalqaro hamjamiyatga yanada tanitish maqsadida “Diplomatic World” jurnaliga maqola chop etish taklifini mamnuniyat bilan qabul qildi va jurnalning keyingi sonida ushbu maqolani chop etishga tayyorligini bildirdi.