Mazkur yangi “Mediana” mandarin navi Adliya vazirligining Seleksiya yutuqlari davlat reyestrida roʻyxatdan oʻtkazildi.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, yangi nav mahalliy tuproq va suv sharoitiga moslashgan. Shu bois uni parvarishlash jarayonida ortiqcha kimyoviy himoya vositalariga ehtiyoj kamayadi. Bu esa mahsulotning ekologik tozaligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Endilikda bozorlarimizda uzoq masofalardan import qilinayotgan mandarinlar oʻrnini mamlakatimiz iqlimida yetishtirilgan “Mediana” navi egallashi kutilmoqda.

Maʼlumot uchun, seleksiya yutugʻini roʻyxatdan oʻtkazish “Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi Qonun asosida amalga oshiriladi. Mazkur jarayon nav yaratuvchiga mutlaq foydalanish huquqini beradi.

Seleksiya yutugʻi yangilik, farqlanish, turdoshlik va barqarorlik mezonlariga javob bergan taqdirda huquqiy muhofazaga ega boʻladi.

Seleksiya yutuqlarini roʻyxatdan oʻtkazish uchun arizalar Adliya vazirligining im.adliya.uz portali orqali onlayn tarzda qabul qilinadi.