Mehmet Bozdagʻ: “Mendirman Jaloliddin” seriali sabab Samarqand, Buxoro va Xivaga sayohat qildim”

    Madaniyat 3 Fevral 2023 2915

    Madaniyat va turizm vazirligi tashabbusi bilan turk kinoijodkorlari hamkorligida ishlangan “Mendirman Jaloliddin” seriali prodyuseri Mehmet Bozdagʻ serial va Oʻzbekiston haqidagi taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.

    “Tarixiy serial suratga olish taklifi tushganida juda hayajonlandim. Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov bilan uchrashuvdan soʻng Jaloliddin Manguberdi haqida serial olishni boshladik. Suratga olish jarayonida juda koʻp insonlar mehnat qildi, bosh tashabbuskor albatta, Ozodbek Nazarbekov boʻldi, — dedi Bozdagʻ. — “Mendirman Jaloliddin” tarixiy serialini suratga olish jarayonida oʻzbek hamkasblarimiz bilan tajriba almashdik. Taʼkidlash joizki, tarixiy serialni suratga olish juda masʼuliyatli va mashaqqatli jarayon. Aktyorlar 50–55 daraja issiqda ham ogʻir zirhli kiyimlar bilan harakat qildi. Otlar qatnashgan sahnalar ham oʻziga yarasha qiyinchiliklar bilan kechdi. Shunday boʻlsada, oʻzbek va turk aktyorlari oʻz vazifalarini zavq va masʼuliyat bilan bajardi.

    Ushbu loyiha sabab, bolalikdan orzu qilib yurganim: Samarqand, Buxoro va Xivaga sayohat qildim. Tarixiy kino olish borasida oʻzimizni yana bir bor sinab koʻrish imkoniyatini bergan oʻzbek birodarlarimizga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman.

    Kelgusida nasib etsa, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Abdullatif, Ali Qushchi, Fotih Sulton kabi ulugʻ tarixiy shaxslar hayotiga oid serialni suratga olish niyatidamiz. Agar bu loyihamiz amalga oshsa, yana bir bor tarixni jonlantirish imkoniyatiga erishgan boʻlamiz”.

    Maʼlumot uchun, 14-yanvar kuni Madaniyat va turizm vazirligi bilan hamkorlikda serialning 2-mavsumi premyerasi boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.