Dunyoda pandemiya cheklovlari yumshayotgani natijasida turizm industriyasi tiklanishni boshlayotgani qayd etildi.
Joriy yil birinchi choragida yurtimizga xorijdan 610 ming nafar yoki oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 baravar koʻp turistlar keldi. May oyida hamkor davlatlardan sayyohlarning 20 foizi mamlakatimizga kelishi kutilmoqda (ilgari bu raqam 2-3 foiz boʻlgan).
“Lekin, har bir hokim hududimda tarixiy obidalar yoki manzarali joylar koʻp, deb xotirjamlikka berilmasligi kerak.
Mehmonxona, muzey, transport va yoʻllar, servis, ovqatlanish joylari kelayotgan turistlarni qabul qilishga tayyormi? Buning uchun qaysi hokim tayyorgarlik qildi?”, deya savol qoʻydi davlatimiz rahbari.
Prezident yurtimiz turizm salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishga toʻsqinlik qilayotgan kamchiliklarni sanab oʻtdi.
Misol uchun, Qoraqalpogʻiston, Andijon, Qashqadaryoda mavjud mehmonxona oʻrinlari talabga nisbatan ancha kam.
Soʻnggi yillarda Moʻynoq, Nukus, Shahrisabz, Margʻilon, Qoʻqon, Rishton kabi yangi yoʻnalishlar ochildi. Lekin Navoiy, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari hali bor imkoniyatlardan foydalanayotgani yoʻq.
Qoraqalpogʻiston, Samarqand, Toshkent viloyati va Toshkent shahridan boshqa hududlarda yoshlarga mos turistik xizmatlar juda kam.
“Oilaviy” va “barchasi ichida” xizmatlarini joriy qilish ishlari sust. Choʻmilish havzasi 1,2 mingdan ziyod mehmonxonaning faqat 30 foizida bor.
Hududlarimizdagi 206 ta termal va mineral suvli buloqlarning bugungi kunda 18 tasidan foydalanilmoqda.
Misol uchun, Qamchiq dovonida (Ohangaron tumani) 2,5-3 ming metr balandlikda joylashgan Arashan koʻllar tizimidagi suv harorati qishin-yozin 36 gradus issiqlikda boʻlib, xorijiy kurortlardan qolishmaydi.
Yoki, Chimboy, Qoraoʻzak va Taxtakoʻpirda ham yer ostidan 40-70 gradus issiqlikda chiqadigan termal buloqlar hududida sanatoriya-kurortlar tashkil qilish uchun barcha imkoniyatlar mavjud boʻlsada, tegishli hududlar hokimlari tashabbus koʻrsatmayotgani tanqid qilindi.