Yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan, eʼtibordan yanada ruhlanib, boshqalarni ham shunga undab yashayotgan jafokash va fidoyi xotin-qizlar koʻpchilikni tashkil qiladi. Bugun ularning faoliyatiga nazar tashlasangiz, nafaqat oʻz roʻzgʻori, balki qishloqdoshlari, mahalladoshlarining ham hayotini bezayotganiga guvoh boʻlasiz.
Hech qachon taslim boʻlmang
— Bu hunarni egallashimga meni hayot majbur qilgan, — deydi Jizzax viloyatining Forish tumanida yashovchi Barno Xoʻjanova. — Turmushga chiqqanimda 2-kurs talabasi edim. Ketma-ket farzandlarim tugʻildi. Shu sababli oʻqishni tashlashga majbur boʻldim, diplom ololmadim. Ehtiyojlarim uchun pul kerak edi. Tikuvchilik bilan shugʻullanishga majbur boʻldim. Birinchi ishimni qaynonamning eski tikuv mashinasida boshlaganman...
Barno Xoʻjanova 20 yildan beri tikuvchilik bilan shugʻullanadi. Toʻrt yildan buyon Hunarmandlar uyushmasi viloyat boʻlimi aʼzosi. 2019-yili Qoʻqonda oʻtkazilgan Xalqaro hunarmandlar festivaliga taklif qilindi. Hunarmand oʻzi tikkan 20 dan ortiq milliy liboslar bilan ishtirok etdi. Bu tadbir unga juda katta ragʻbat berdi. Yurtimizda tadbirkorlarga yaratilgan keng imtiyozlardan foydalanib, kredit oldi. Ish hajmini kengaytirib, tikuv mashinalari xarid qildi. Bir yilda 20 nafardan ortiq qizga hunar oʻrgatdi. Hozir shogirdlari hayotda oʻz oʻrnini topgan.
— Dastlab tadbirkorlik ishimni boshlash uchun mablagʻim yoʻq edi, — deydi hunarmand. — Yarim tungacha buyurtmalar tikardim, chunki mijozlarimni yoʻqotishdan qoʻrqqanman. Opam mahsulotlarimni bozorga olib chiqishga undagan. Sekin-sekin ish boshladim, bozorga chiqdim. Foydani foydaga ulab, asta-sekin mablagʻni koʻpaytirib oldim...
Xudoga shukr, ishlarim yurishib ketdi. Shogirdlarimning oʻz yoʻnalishi bor: biri parda, boshqasi dasturxon, yana biri koʻrpa-toʻshak tikadi. Bolalar uchun libos tikadigan qizlar bor. Hammasini qobiliyatiga qarab oʻrgatganman. Endi turli bezak, aksessuarlar — toj, gultoj, taqinchoqlar tayyorlashni oʻrgatmoqchiman. Bu ishlar qiyin emas, faqat ishtiyoq boʻlishi kerak. Jismoniy imkoniyati cheklangan bir shogirdim bor, “Yoshlar daftari”da turadi, unga subsidiya olib berishga harakat qilyapman. Yaxshiyam yozishni biladi, shu holatda u bilan gaplashamiz.
U goʻzallik salonida ishlaydi, menga tikish ishlarida yordam beradi, oʻzini oʻzi mablagʻ bilan taʼminlaydi. Atrofimdagi yoshlarni ham ruhlantiryapman. Insonda shijoat boʻlishi, doim olgʻa yurishi kerak. Hadeb davlatdan soʻrayvermay, odamning oʻziyam harakat qilsa, koʻp narsaga erishadi. Hammasi yaxshi niyatga bogʻliq, inson doimo havas bilan yashashi kerak. Ota-onaning duosi vojib, deydilar. Barno chevar doim onasiga koʻylak tikib, koʻnglini olgan. Shunday paytlarda onasi uni duo qilardi... Ular oilada yetti opa-singil. Bir-biri bilan doim tajriba almashib turadi, Barnoga qanot boʻlishadi.
— Oʻquvchilarimga faqat tikishni emas, hayot sirlarini ham oʻrgataman, toʻgʻri yoʻnalish berishga intilaman, — deydi tikuvchi. — Qaysi jabhada boʻlmang, yoshlar kimning bolasi boʻlmasin, ularni toʻgʻri yoʻlga boshlash kerak. Kelgusida tadbirkorlikning boshqa turlari bilan shugʻullanish istagim bor. Oʻgʻillarim Vatan himoyachisi, qizimdan ham koʻnglim toʻq. Bolalarimning kelajagini qaysidir maʼnoda taʼminladim, deb oʻylayman.
Biz, ota-onalar shunga masʼulmiz. Hozir ijarada turib ishlayapman, kelajakda oʻz korxonam boʻlishini xohlayman... Odam bitta yoʻnalishda toʻxtab qolishi kerak emas. Shu bois, yaqinda gulchilikni ham yoʻlga qoʻymoqchiman. Gullar odamga ilhom bagʻishlaydi. Forish tumanini gul bilan taʼminlayman, degan maqsadni oʻz oldimga qoʻyganman. Qishlogʻimda meni hamma yaxshi nom bilan tilga olishini istayman. Halol mehnat bilan hayotimizni charogʻon qilishga ulgurishimiz kerak.
Hunar insonni ulugʻlaydi
— Mamlakatimizda hunarmandlikka qaratilayotgan eʼtibordan, tadbirkorlar qoʻllab-quvvatlanayotganidan kuch olib, men ham oʻz ishimni yoʻlga qoʻydim, — deydi jizzaxlik tadbirkor Dilnoza Oʻktamova. Yosh dizayner 2019-yildan buyon “Hunarmand” uyushmasi viloyat boʻlimiga aʼzo, yakka tartibdagi tadbirkor. Hozir 5 nafar ishchisi bor. Gul bosilgan gazlamalar va chokli buyumlar yoʻnalishida faoliyat yuritadi. Dilnoza bolaligidan tikuvchilikka qiziqardi. Onasining yonida yurib, kasb sirlarini oʻrgandi. Aytishicha, bu hunarning boshini tutgan uchinchi avlod vakili. Oldiniga bir necha tikuvchilik sexlarida ishchi boʻlib ishladi, keyin oʻz tadbirkorligini yoʻlga qoʻydi. Ikkita tikuv mashinasi bilan ish boshladi.
Keyinchalik faoliyatini kengaytirish uchun “Mikrokreditbank”ning hududiy filialidan 30 million soʻm kredit oldi. Ish oʻrni ochib, qizlarni ish bilan taʼminladi. U izlanishlari samarasi oʻlaroq, hunarini mukammal oʻrganishga, boshqa hamkasblarining tajribasini oʻzlashtirishga intildi. Zamon talablari asosida milliylik bilan zamonaviylikni uygʻunlashtirishga harakat qildi. Intilishlari besamar ketmadi, parda, yoʻrmadoʻzlik, quroq, milliy va zamonaviy liboslardan tashqari kashtadoʻzlikni ham oʻz ishiga tatbiq etdi. Milliy matolarni ayollar sumkalarida bezak sifatida qoʻllashni yoʻlga qoʻydi.
Tinib-tinchimagan Dilnoza tadbirkorlikdan tashqari, viloyatdagi Xotin-qizlar tadbirkorlik markazida ham dars bera boshladi. Bu yerda oʻz kasbini yoshlar, ishsiz ayollarga oʻrgatib, ularning ham oʻz yoʻlini topishiga koʻmaklashmoqda. Milliy mahsulotlar oʻz jozibadorligi bilan kishining dilini yayratadi. U tayyorlagan liboslar va boshqa mahsulotlarni koʻrib, turli tanlov hamda loyihalarga ishtirok etish uchun taklif qilishadi.
Dilnoza viloyatda boʻlib oʻtgan “Nafosat” koʻrik-tanlovi, “Jizzakh Beauty” yoshlar forumida ikkinchi, “Tashabbus–2021” tanlovida uchinchi oʻrinni egallagan. “Sharq ayoli”, “Navqiron Oʻzbekiston” festivali, ”Eng ulugʻ, eng aziz”, “Namunali ayol ish beruvchi” tanlovlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. Respublika miqyosida tashkil etiladigan turli koʻrgazmalarda oʻz ishlari bilan faol ishtirok etib keladi.
— Hunar odamni ulugʻlaydi, — deydi dizayner. — Inson halol mehnat qilsa, olgʻa intilsa, boshqalarga ham koʻmakdosh boʻlsa va atrofdagilarni shunga undasa, albatta, bir kun ishining rohatini koʻradi. Kelgusidagi niyatim milliy mahsulotlarni jahon bozoriga olib chiqish, ish oʻrnini kengaytirib, ayollar bandligini taʼminlashga hissa qoʻshmoqchiman. Yaqinda yosh tadbirkor izlanishlari ortidan yana bir yutuqqa erishdi — xalqaro USAID tashkilotining 50 million soʻmlik grantini yutib oldi. Bu mablagʻni qoʻlga kiritgach, u ikkita kompyuterli tikuv mashinasi xarid qildi. Shular asosida oʻz brendi ostida tayyor milliy liboslarni bozorga chiqarishni reja qilgan.