Mehnat kodeksi: Uy ishchilari kimlar?

    Uy ishchilarining ish rejimi, dam olish kunlari va yillik mehnat ta'tillarini berish tartibi xodim bilan ish beruvchi o'rtasdagi kelishuvga ko'ra belgilanadi.

    Kuni kecha boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ikkinchi va uchinchi oʻqishlarda qabul qilingan Mehnat Kodeksining 514-moddasi “Uy ishchilari», deb nomlanib, unda uy ishchilariga shunday taʼrif berildi: “Ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxslarga ularning tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan shaxsiy ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun ishlarni bajaruvchi, xizmatlar koʻrsatuvchi xodimlar (bogʻbonlar, enagalar, qorovullar, oqsochlar, haydovchilar va boshqalar) uy ishchilaridir”.

    Shuningdek, ushbu moddada uy ishchilarini ishga qabul qilishga ular oʻn olti yoshga toʻlganida yoʻl qoʻyilishi, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida istiqomat qilayotgan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar oʻzida fuqarolik muomala layoqati toʻliq hajmda mavjud boʻlgan taqdirda, uy ishchilarini ishga yollash huquqiga ega ekanliklari belgilab qoʻyildi.

    Kodeksning 515-moddasida ishga qabul qilinayotgan uy ishchisi bilan nomuayyan muddatga yoki muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkinligi, agar taraflar uy ishchisini oziq-ovqat va uy-joy bilan taʼminlash toʻgʻrisida kelishuvga erishgan boʻlsa, bu shart mehnat shartnomasining mazmuniga kiritilishi kerakligi, uy ishchilarini ishga qabul qilish buyruq chiqarilmasdan amalga oshirilishi hamda uy ishchilariga mehnat daftarchalari yuritilmasligi belgilandi.

    Shuningdek, Kodeksning 516-moddasida uy ishchilarining ish rejimi, dam olish kunlari va yillik mehnat taʼtillarini berish tartibi xodim bilan ish beruvchi oʻrtasdagi kelishuvga koʻra belgilanishi, 517-moddasida esa ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs uy ishchisining taraflar tomonidan mehnat shartnomasida belgilangan mehnat shartlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida xodimni kamida oʻn toʻrt kalendar kun oldin yozma shaklda ogohlantirishi shartligi, 518-moddasida uy ishchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish tartibi, 519-moddada esa uy ishchilarining yollanib ishlash boʻyicha ish davrlari xodimning mehnat stajiga kiritilishi, uy ishchisining mehnat stajini hisoblash Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida amalga oshirilishi va nihoyat 520-moddada uy ishchisi va ish beruvchi boʻlgan jismoniy shaxs oʻrtasidagi oʻzaro kelishuv asosida tartibga solinmagan yakka tartibdagi mehnat nizolari sud tartibida hal etilishi belgilab qoʻyildi.

    Bu huquqiy asoslar endilikda uy ishchilari ham ijtimoiy himoyada boʻlishida muhim dasturilamal boʻladi

    Zafar XUDAYBERDIYEV,

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati