Unda deputatlar, YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari, BMTTDning Istanbuldagi mintaqaviy ofisi vakili, XMTning Markaziy Osiyo va Oʻzbekistondagi koordinatorlari, “Yuksalish” umummilliy harakati rahbari Jahon bankining ijtimoiy himoya boʻyicha mutaxassisi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining masʼul xodimlari, xalqaro ekspertlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda 10-maqsad yaʼni, “Mamlakat ichida tengsizlikni uning barcha koʻrinishlarida qisqartirish” boʻyicha qilingan ishlar va istiqboldagi rejalar haqida soʻz yuritildi.

Davra suhbatida mehnat migratsiyasi va mehnat bozorini boshqarish masalalari, insoniyat taraqqiyoti sohasidagi siyosatni ishlab chiqishga innovatsion yondashuv, Oʻzbekistonda katta tenglikni taʼminlashga yoʻnaltirilgan byudjet-soliq siyosatini amalga oshirish, COVID-19 pandemiyasi sharoitida migrantlarga yordam berish, aholi barcha qatlamining ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotida faol ishtirok etishga fuqarolarni jalb etish hamda tengsizlikni qisqartirishda ijtimoiy himoyaning roli masalalari muhokamalar markazida boʻldi.

Tadbirda ekspertlar tomonidan mamlakatimiz tashqarisida ishlayotgan har bir fuqaroning qonuniy manfaatlari va huquqlarini himoya qilish, ular uchun munosib ish sharoitlarini taʼminlashga qaratilgan tizim yaratilayotgani eʼtirof etildi.

Muhokamalar jarayonida masʼul vazirlik, idora va xalqaro ekspertlar bilan sohada amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etildi.

Tahliliy-tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilish yakunida qoʻmitaning tegishli tavsiyalari ishlab chiqildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.