Mehnat va harakat mevasi

    Hozir korxonada mehnat qilayotgan 35 nafar xotin-qiz bir kunda 100 ta ko'rpani xaridorlarga yetkazadi.

    Qashqadaryolik Nargis Eshdavlatova “Ishbilarmon ayol — 2021” ko'rik-tanlovining “Eng yosh, faol ayol tadbirkor” nominatsiyasi bo'yicha g'oliblikni qo'lga kiritdi. U bilan gaplashib, ushbu nominatsiyaning ayni egasi ekaniga amin bo'ldim. Tadbirkorning g'ayrati, shijoati, faolligi gap-so'zidanoq bilinib turadi. U egallagan hunarlarni-ku, aytmasa ham bo'ladi.

    Faoliyatini ayollar sartaroshi, zamonaviy til bilan aytganda, stilistlikdan boshlagan Nargis bu sohada 11 yillik ish tajribasiga ega. Avvaliga ijara binoda ishlagan ayol keyinroq o'zi go'zallik saloni ochdi. Asta-sekin yo'nalishlarini kengaytirib, tadbirkorlikka aylantira boshladi. Hozir tikuv tsexiga ham rahbarlik qilmoqda. U bugungi muvaffaqiyatlariga qiyinchiliklar va mehnati bilangina erishdi.

    — Turmush o'rtog'im ham tadbirkor. 7 yil muqaddam bankrotlikka uchrab, nihoyatda qiyin ahvolda qoldik, — deydi u. — Qishloq joy, gap-so'z tez tarqaydi. eplolmabdi, degan malomatlarga qoldik. Yaqinlardan ham yordam so'ramadik. Zo'rg'a kun ko'rsak-da, faqat o'z kuchimiz bilan oldinga intildik. O'shanda qattiq ishlashni, katta yutuqlarga erishishni maqsad qilganman. Shukr, hammasi asta-sekin bo'lyapti.

    Shu yil aprel oyida qahramonimiz saloni yonidagi kichkina xonada 1 ta tikuv, 1 ta chok tushirish mashinasi bilan tikuvchilikni ham boshlab yubordi. 4 nafar qizni ishga olib, kelin qo'ylaklari, choyshablar, ko'rpa-to'shak tika boshladi. Har kuni ish qizg'in, buyurtmalarning esa oxiri ko'rinmaydi. Shunday kunlarning birida tuman hokimi kichkina xonada bajarilayotgan ishlarni ko'rib, ayolga bankdan kredit olib, tadbirkorligini kengaytirishini taklif qildi.

    O'ziga ishongan, tavakkal qilishdan cho'chimaydigan Nargis bankdan 130 million so'm imtiyozli kredit oldi. “Zolushka brend” MCHJ tashkil etib, shu nomda to'qimachilik mahsulotlari ishlab chiqara boshladi. Xitoydan keltirilgan ko'rpa chiqaradigan 2 ta zamonaviy dastgoh bilan ishlar yanada tezlashdi. Hozir korxonada mehnat qilayotgan 35 nafar xotin-qiz bir kunda 100 ta ko'rpani xaridorlarga yetkazadi.

    — Tumanimizni ko'rpa bilan ta'minlayapmiz, boshqa tumanlardan ham buyurtmalar bor, — deydi faol tadbirkor. — Ishni samarali tashkil etish maqsadida Andijon tajribasini ham qo'llayapmiz — 150 ta xonadonga bichilgan ko'rpalarni tikish uchun tarqataman. Ular ham buning ortidan daromadga ega bo'ladi.

    Korxonada ishlab chiqariladigan barcha to'qimachilik mahsulotlari dizaynini uning o'zi o'ylab topadi. G'oyalaridan ko'ngli to'lmagunicha, ko'zi uyquga ketmaydi. Hozir kuzgi issiq kurtkalar loyihasi ustida bosh qotiryapti. Ham sifatli, ham hamyonbop kurtkalar ishlab chiqarib, eng avval, tumandagi barcha maktablardagi qiynalgan, kam ta'minlangan 10 nafardan bolaga tarqatishni niyat qilgan.

    Ham oila, ham ishni bir vaqtda uddalash chinakam matonat. Ba'zan Nargisning qizi “Oyi, bizga qachon vaqt ajratasiz?” deganida yuragi o'rtanib ketadi. Ammo u ham yuzlab o'zbek tadbirkor ayollari singari bugungi imkoniyat, sharoitlardan foydalanmay o'tira olmaydi. Sevimli ishi bilan shug'ullanishi barobarida ro'zg'origa ko'maklashishni, kam ta'minlangan oilalar a'zolari uchun ish o'rinlari yaratishni, mamlakat iqtisodi rivojiga hissa qo'shishni istaydi. Shularni o'ylab, qizalog'ini: “Bu ishlarning barini bizning va boshqa o'nlab ayollarning yorug' kelajagi uchun qilyapman. Sizlarning kelajagingiz uchun bugun biz mehnat qilishimiz kerak. Shu ishlarni yo'lga qo'yib olay, keyin ko'proq vaqtimni sizlarga ajrataman”, deya quvontiradi.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri