Tog' burg'ilanadi. Konning zaxchil yo'laklari bo'ylab oqishroq nimtatir tumanlar tarqaydi. Ona yerning burchak-burchaklarida, odamlardan uzoqda jo'sh uradigan kon hayoti mudom shu tarzda davom etadi. Undagi ishchan hayot tarzi esa har kuni qaysidir matonatli ayolning muruvvatini tong saharga buragan soatining jarangdor ovozidan boshlanib, yarim tunda, allaqachon uxlab qolgan bolalari yoniga og'ir charchoqda kirib borishi bilan yakuniga etadi...

Konda ishlash haqida gap ketganda, uning zalvorli mehnati ayollar u yoqda tursin, uncha-muncha erkakni sergak torttiradi. Ammo turli sohalarda ishlab, bilim va tajribasi, ayollik jasorati bilan jamiyat rivojiga hissa qo'shib kelayotgan zamonamizning qahramon xotin-qizlarini 20 ta xavfli kasbning biri bo'lgan konchilikda ham ko'plab uchratamiz. Har lahzada katta kuch, og'ir mehnat bilan ishlasa-da, ularning samimiy kulib turgan chehralariga qarab, ulkan yuragi, metin irodasi, jasorati va fidoyiligiga tan berasan kishi.

Zahmatlarda toblangan umr

Kon faoliyatida dastlabki bosqich burg'ilashdan boshlanadi, deydiganlar biroz yanglishadi. Axir tog'ni  burg'ilash uchun dastavval suv ta'minotiga ehtiyoj seziladi. Bunda esa nasos uskunalari mashinistlari alohida o'rin tutadi. Tog' tepaligida joylashgan suv omboridan har kuni konga suv etkazib berish oson ish emas. Bu jarayonga ko'pincha erkaklar jalb qilinadi. Ammo Angren kon boshqarmasiga qarashli “Razvedochnaya” konida nasos uskunalari mashinisti bo'lib ishlayotgan Xursanbuvi Tursunboeva o'z ishini uddalashda 4 nafar erkak sherigidan sira qolishmaydi.

... Tog' tepasigacha yo'l ancha uzoq. Chamalaganda, 5-6 bekat chiqadi. Konga yo'naltiriladigan suv omborigacha bo'lgan yo'l tepalik, tog'lar orasi bo'lgani bois, u erga mashina ham chiqolmaydi. Xursanbuvi opa mana, 10 yildirki, ana shu yo'ldan piyoda qatnab, har kuni suvni konga haydash, ombor sig'imini ko'rish uchun bir necha martalab tog' tepasiga chiqib keladi. Nasoslarni termometrlari, suv hajmiga qarab nazorat qilib boradi. Pastdagi shaxtaga, konga ichimlik suv etkazib beradi. Ish vaqti tugaganida esa kun ancha kech bo'lib qolgan, Xursanbuvi opa qorong'ilikda, tog'larning orasidan pastda kutib turgan avtobus tomon tushib keladi. Har onda Yaratgandan oq yo'l tilab, o'ziga yuklatilgan vazifani astoydil bajaradi.

Bolaligida konda ishlash xayolida ham bo'lmagan qahramonimiz 17 yoshida maktabni tamomlagach, shifokor bo'lishni orzu qilgan edi. O'zi ham shifokorlar oilasiga kelin bo'lib tushgani bois, shu sohada tahsil olishni niyat qilgan. O'qishga kirolmagach, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ish boshladi. Keyinroq taqdirning kutilmagan zarbalari tufayli shifokor bo'lish orzusini butkul unutdi. 22 yoshida tasodifiy hodisa sabab turmush o'rtog'idan beva qolgach, 3 farzandini ham ota, ham ona bo'lib ulg'aytirishga, ularni oyoqqa turg'azishga ahd qildi. Kunlarni tunga ulab ishladi. Hech bir og'ir mehnatdan qochmadi. Oxir-oqibat, konning bir bo'lagiga aylanib, o'zi ham shu kasbsiz hayotini tasavvur etolmaydigan bo'lib qoldi. Bir lahza bo'lsa-da, boshqa sohada ishlash haqida o'ylamadi. Salkam 33 yildan buyon u kondagi turli vazifalarda ishlab, hamkasblarining hurmati, e'tirofiga sazovor bo'lib kelmoqda.

— Insonni ulug'laydigan va unga ziynat beradigan fazilatlardan biri mehnatdir. Aytishadi-ku, odam uchun ikki buyuk shifokor bor — biri qat'iylik bo'lsa, yana biri mehnat. Axir dunyoda oson ishning o'zi yo'q, har bir yumushning og'iri, mashaqqati bor, — deydi qahramonimiz. — Konda ishlash insondan katta matonat talab qiladi. Yillar davomida ko'p qiyinchiliklar ko'rdim. Qum to'la quvurlar yorilib ketib, ust-boshim qumga to'lgan vaqtlar ham bo'lgan. O'shanda darrov kiyimlarimni alishtirib, yana ishga kirishib ketaverganman. Ishimiz og'ir, daromadimiz juda kam bo'lgan. Ayrim vaqtlarda 500 so'mlik kupon, 1 500 so'm oylik maosh olganmiz. Yolg'iz ona bo'lganim bois, har kuni uyda bolalarimning o'zini qoldirib, eshikni qulflab ketardim. Yarim kechasi kelib, ularni turg'azib, qorinlarini to'yg'azib, keyin uxlardim. Kun bo'yi rezina etikda oyoqlarim suv bo'lib, shishib ketganidan uyga kelib yig'lardim. Shuncha qiyinchiliklarga qaramay, qanoat qilganmiz, ishimizni sevib, astoydil mehnat qilganmiz. O'sha kunlar o'tib ketishiga, yorug' hayotimiz oldindaligiga chin dildan ishonardim. Mana, biz kutgan kunlar keldi. Bugun konda oyliklar yaxshi, eng muhimi, ishchilar maoshini o'z vaqtida oladi. Ularning ham ishlashi, ham dam olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Konda ishlayman, degan yoshlar ham oz emas. Ularga astoydil mehnat qilinglar, shunda daromadning o'zi keladi, deb nasihat qilaman. 

G'ayratu shijoati yuz-ko'zi, dadil harakatlarida aks etib turadigan Xursanbuvi opa ismi jismiga mos ayol. Yuzidan tabassum arimaydi. Atrofdagilarga doim yaxshi kayfiyat ulashib yuradi. Tinmay mehnat qiladi-yu, sira charchadim, demaydi. Bunga uning muntazam sport bilan shug'ullanishi ham sabab bo'lsa kerak. Aytishlaricha, qahramonimiz shu paytga qadar biror marta davolanish ta'tiliga ham chiqqan emas. Tabiatan “oyoq uzatib yotishni” sira xushlamaydigan bu ayol betob bo'lib qolganida ham ishga chiqib, mehnatdan kuch oladi. Alloh sog'liq bersa, 60-70 yoshgacha ishlashni niyat qiladi. SHundanmi, kasbdoshlari unga hamisha “mehnatdan qochmaydi!”, degan ikkitagina jumla bilan ta'rif beradi.

Umri davomida mehnat va sabotni tug' qilib, yolg'iz o'zi 2 o'g'il, bir qizni voyaga etkazgan, ularni uyli-joyli qilib, nabiralar qurshovida umrguzaronlik qilayotgan Xursanbuvi opa, o'zi aytganidek, bugun erishgan baxtini mehnatning qadoq qo'llari bilan yaratdi. Bunda unga ota-onasining duolari yo'ldosh bo'ldi. Garchi, otasi bevaqt olamdan o'tgan bo'lsa-da, ayolga uning o'gitlari hamisha suyanchiq, bugun bir kam yuz yoshni qarshilagan onasining daldalari tirgak bo'ldi. Qarindoshdek bo'lib ketgan kasbdoshlarining qo'llab-quvvatlovidan kuch oldi. Rahbari Nodir Rixsiqulov boshchiligidagi jamoadoshlaridan ham doim minnatdor.

Har qanday mashaqqatning rohati, mukofoti bo'ladi, deganlari bejiz emas. Mehnatni, kasbini hayotining bir bo'lagi, deb bilgan Xursanbuvi opaning ko'ksini bugun “Mehnat faxriysi” unvoni bezab turibdi. 2013 yilda ushbu unvon ko'ksiga taqilganida, yutuqlarini otasi ko'rmaganidan o'ksinib, yig'lagan bo'lsa, shunday quvonchli kunda yonida duogo'y onasi, mehribon farzandlari borligiga shukrona keltirdi.

Xursanbuvi opa to'rt muchasi sog'ligi, usti but, qorni to'qligiga shukr aytib, mehnat qilaveradi. “Ishlagan odam kambag'al ham bo'lmaydi, birovni g'iybat qilmaydi, qalbida doim tozalik bo'ladi”, deydi qahramonimiz. Qancha qiyinchiliklar ko'rmasin, doim shukrona bilan yashagan bu ayol ana shu haqiqatni hayotiy shioriga aylantirdi. Zero, mehnat va zahmat ziynatlagan umr qissasi shunday bo'lsa, ajabmas.

“Kasb hayotning bir bo'lagi emas, aynan o'zidir!”

Ertalab ishga, kechqurun uyga shoshadigan odam dunyodagi eng baxtli kimsadir. Ana shunday insonlardan biri Kenjagul Jusupbekova 17 yoshidan buyon har tong Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga oshiqadi. Faoliyatini shu erdagi 13-tsexda boshlagan qahramonimiz 33 yildirki, ana shu konda kasbiga sadoqat va fidokorlik bilan ishlab kelmoqda. Ayolni izlagan odam kombinatdagi vodorod-kislorod tsexidan topadi. Bu erda u smena ustasi sifatida qo'l ostidagi 6 nafar xodimga ish o'rgatib, yo'l-yo'riq ko'rsatib turadi.

Tabiatda shunday nodir metallar borki, ular maxsus harorat va sharoitlarda olinadi. Masalan, volfram va molibden kabi nodir metallar 1500-1800 daraja issiq haroratda eritiladi. Bunda vodorod-kislorodning ahamiyati juda katta. Kenjagul opa ishlaydigan tsexda disterillangan suvni parchalash yordamida vodorod-kislorod olinadi. Ularning xavf darajasi yuqori bo'lgani bois, jarayonda ishlash nihoyatda aniqlik, puxtalik, tezkorlik va tajribani talab etadi. Qahramonimiz jamoasi bilan birgalikda ana shu bosqichlarning kechishiga, texnikani boshqarib, har soatda ularni yozib, tahlil qilib, sexlarga etkazib berishga mas'ul. Qizig'i, Kenjagul opa bularning barini og'ir va xavfli ish deb og'rinib emas, balki g'ayrat va fidoyilik bilan qabul qiladi.

— Bo'stonliq tumanida, qirg'izlarning katta oilasida tug'ilib, voyaga yetganman, — deydi Kenjagul Jusupbekova. — Oilada 9 farzand bo'lganimiz, onam yolg'iz boshi bilan bizni boqqani uchun ularga yordam berish maqsadida 17 yoshimda shu kombinatga ishga kelganman. Avvaliga hamshira bo'lishni orzu qilgandim. Biroq o'qishga kirolmagach, konda ishlashga qaror qildim. Keyinchalik ham bundan sira afsuslanmadim. Chunki bu soha hayotimning mazmuniga aylandi. Har kuni maroq bilan ishga kelaman. Oylik ololmay qiynalgan paytlarimda turmush o'rtog'im, “Tong sahardan ishga ketasan, sira ishdan qolmaysan, shu erda ishlaganingga senga medal` berisharmidi”, derdi. Men bo'lsam, “Ha, berishar”, deb qo'yardim. Lekin hech qachon biror narsa ilinjida ishlamadim. Shunday bo'lsa-da, mehnatlarim e'tirof etilib, mamlakatimiz mustaqilligining 25 yilligida “Mehnat” ordeni, 29 yilligi arafasida “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganimda nihoyatda quvondim. Turmush o'rtog'im mendan ham ko'proq suyundi.

Ilk faoliyatini kukun holidagi molibden, vol`fram moddalarini zichlovchi sifatida boshlagan qahramonimizning yuragidan birinchi ish kuni “endi bir umr shu temir-tersaklar ichida ishlaymanmi”, degan o'kinch o'tgan ekan. Mana, oradan o'ttiz yil o'tib, “yaxshiyam o'shanda taqdir o'zanlari meni shu erga, qadrdon tseximga olib kelgan ekan”, deydi. Ilk kunlardan unga to'g'ri yo'l ko'rsatib, saboq bergan Abdumalik Inog'omov, Abdusamad Qahhorov kabi jonkuyar, fidoyi ustozlaridan minnatdor bo'ladi. O'zi ham ustoz darajasiga etib, 6 nafar shogird tayyorladi.

 — Endi ishga kelganimda, ustozlarim “molibden 1500 darajada pishsa, sen bizning haroratda pishib toblanishing kerak”, derdi hazil aralash. Qarang, shu gaplarni vodorod pechlari oldida turib eshitganimga ham 30 yildan oshibdi, — deya eslaydi Kenjagul opa. — Hayot atalmish ulkan pechning haroratlarida toblandik, etildik, endi qarasam, o'zim ham kimningdir ustoziga aylanibman. Sexga endigina bo'ylagan yoshlar jarayonga kirisha olmay turganini ko'rganimda, ularda o'zimning g'o'r yoshligimni ko'raman. Bilamanki, ularga mening tajribam, jarayonlarni tushuntirishda bilimim kerak. Bugun intiluvchan, mehnatdan qochmaydigan shogirdlarim borligi bilan iftixor qilaman. Yoshlarni tayyorlab, ularni shu sohaning ustasiga aylantirishga hissa qo'shayotganimdan xursand bo'laman.

Tinib-tinchimas qahramonimiz asosiy ishidan bo'sh vaqtlarida bir qancha yo'nalishlar bo'yicha kechki kurslarda ham ta'lim olgan. U bir nechta ishni uddalab keta oladigan qo'ligul ayollardan. SHunga qaramay, hech qachon kondan ketishni, boshqa joyda ishlashni xayoliga keltirmadi. Oylik maoshini ololmagan, og'ir ishdan qiynalgan vaqtlarida ham kasbini o'zgartirish haqida o'ylamadi. Doim “daraxt bir joyda ko'karadi”, degan naqlga amal qiladi. Hozir ham ba'zan ish ko'pligidan tushlik qilishga vaqti bo'lmaydi. Qurilmaga qarab turish asnosida ovqatlanadigan vaqtlari ham bo'ladi. Konda issiq pechkalar oldida turib og'ir ish qiladigan, katta-katta yuklarni ko'taradigan ayollarni ko'radi. Qahramonimizning aytishicha, hech birlari ishidan nolimaydi. Aksincha, zavq bilan ishlaydi. Uzoq yillar davomida bir oiladek bo'lib ketgan konchi ayollar o'zaro sirdosh. Qiyin kunlarda doim bir-birini qo'llab-quvvatlaydi, kuch, dalda beradi.

Dilbar, ayni paytda o'ktam harakatlari o'ziga yarashib turadigan Kenjagul opada ham oilada, ham kasbiy faoliyatida to'kislikka erishgan odamlarda bo'ladigan ishonchni payqash qiyin emas. Turmush o'rtog'i bilan ikki qizni tarbiyalab, turmushga uzatgan bu insonlar bugun nabiralari kamolini tilab, duoda.

Shu yilning yanvar oyida 50 yoshni qarshilagan Kenjagul Jusupbekovani jamoada barcha hurmat qiladi, qadrlaydi. Ayol umrini bezab turgan samimiylik, ezgulik, mehnatsevarlik va halollik unga bildirilgan ko'plab tabriklar, tilaklarda o'z aksini topadi.

Har onida shukronalik hissi bilan yashayotgan qahramonimizning zalvorli mehnati yillar davomida uni baxt tomon etakladi. Bugun ish joyida yaratilgan sharoitlardan mamnun. Qiyin kunlarini yodga olganida ko'ziga yosh kelsa, hozirgi imkoniyatlar, ishchilar uchun berilayotgan imtiyozlar, dorilamon kunlarni ko'rib, qalbi entikib ketadi. Kimlar uchundir balandparvoz gapdek tuyulayotgan bu qiyoslov zamirida insonlar haqiqatan boshdan kechirgan mashaqqatli kunlar yotibdi. Buni Kenjagul opa singari ikki davrda ishlab, o'zgarishlarga bevosita guvoh bo'lgan odamlar yaxshi biladi.

“Har kuni bayramga borishni istaysanmi? Unda o'zing uchun sevimli kasbni tanla!”. Topib aytilgan bu so'zlar go'yo Kenjagul Jusupbekova kabi fidoyi insonlar, oilada ham, jamiyatda ham o'z o'rnini mustahkamlab yashayotgan minglab ayollarimizga atalgandek. Bugun qaysidir sohada mehnat qilib, mamlakat taraqqiyoti, oilasi farovonligiga hissa qo'shayotgan xotin-qizlar, nozik jussasi ortiga yashiringan metin bardoshi bilan hayot so'qmoqlaridan mardona o'tayotgan opa-singillarimizga har qancha tasanno aytsak oz. SHunday damda tilimizga bir so'z keladi — boringizga shukr, aziz ayollar!

Iroda TOSHMATOVA,

“YAngi O'zbekiston” muxbiri