Andijon viloyati Boʻston tumanidagi “Sayyora favvorasi” xususiy korxonasi paxta toʻqimachilik klasteri tomonidan “Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni” munosabati bilan klaster korxonasi xodimlariga qimaatbaho sovgʻalar topshirildi.

Mamlakatimiz Prezidenti islohotlarining mevasi boʻlgan qishloq xoʻjaligi klasterlari faoliyatlari dastlabki yillardanoq oʻzining ijobiy samarasini berishni boshlagan. Bunga yurtimizdagi qishloq xoʻjaligi klasterlari tizimda olib borilayotgan qator amaliy ishlar yaqqol miosol boʻlayapti. Shu bois bugun agrar sohada yetakchilik qilib kelayotgan qishloq xoʻjalik klasteri tizimi xodimlarining mehnatlari alohida eʼtirofga munosibdir. Ana shunday eʼtirof va eʼtibor bilan Boʻston tumanidagi “Sayyora favvorasi” xususiy korxonasi paxta toʻqimachilik klasterida ham klaster tizimi xodimlari kuniga bagʻishlangan katta tadbir tashkil etildi.

Tadbirni qishloq xoʻjalik klasterining moliyaviy masalalari boʻyicha direktori Bahodirjon Qodirov olib borib, klaster tizimi boʻlimi rahbarlari, xodimlar, suvchilar, mexanizatorlarni “Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni” bilan muborakbod etib, agrar soha rivojiga hissa qoʻshgan mehnat faxriylari hamda tuman fermerlarini ham kasb bayramlari bilan tabrikladi va ularning qishloq xoʻjaligini rivojlantirishdagi keyingi ishlariga kuch-quvvat tiladi.

Bugungi kunda qishloq xoʻjaligi klasteri tasarrufida 1786 gektar ekin maydoni mavjud boʻlib, bunda 34 ta boʻlim faoliyat yuritib kelmoqda. Shu bois tizimda olib borilayotgan ishlar sarhisob qilinib, boʻlimlarda qishloq xoʻjaligi boʻyicha samarali ish olib borayotgan boʻlim boshliqlari va xodimlari, ekin maydonlaridagi ekinlarni zararkunandalardan xoli, sogʻlom va durkun parvarishlashda oʻz hissalarini qoʻshib kelayotgan biolaboratoriya xodimlari mehnatlarini ham alohida eʼtirof etildi. Tadbirda qishloq xoʻjaligi klasteri maʼmuriyati tomonidan tizim xodimlari, fermerlar hamda mehnat faxriylariga maishiy texnika jihozlari va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Shundan soʻng tadbirning asosiy qismi Boʻston tumani markazidagi “Oʻzbegim” tantanalar saroyida davom etdi. Toʻkin dasturxon atrofida jam boʻlgan qishloq xoʻjaligi xodimlari yil boʻyi qilgan mehnatlari rohatini his etdilar. Tantanada goʻzal kuylar shoʻx raqslarga ulanib ketdi. Oʻz oʻrnida bu soha xodimlari kayfiyatiga koʻtarinkilik bagʻishladi.

-Klaster xoʻjaligida ishlab kam boʻlganimiz yoʻq, -deydi Boʻston tumanidagi “Sayyora favvorasi” xususiy korxonasi paxta toʻqimachilik klasterining 28–boʻlimi boshligʻi Lolaxon Boymirzayeva koʻtarinki kayfiyat bilan.

–Erta bahordan boshlab, oʻzimizga ajratilgan maydonlarda olib borgan ishlarimiz bugun oʻz samarasini beryapti. Mehnat, mehnatning tagi rohat, deb bejizga aytishmas ekan. Buni men klasterda ishlab, oʻz mehnatlarim misolida koʻproq anglab borayapman.

Ana shunday bugun qishloq xoʻjaligida mehnat qilayotganlar nafaqat mamlakat, balki oʻzi va oilasi iqtisodiyotini yana-da yuksaltirmoqda. Shu bois bugun mashaqqatli ammo, sharafli kasb egalari boʻlgan qishloq xoʻjalik xodimlarini har qancha eʼzozlasak, ardoqlasak arziydi.