Buni ijtimoiy xizmat koʻrsatish borasidagi yangilanishlar misolida ham koʻrish mumkin.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilgach, bu boradagi ishlar yangi bosqichga chiqdi. Bugun har bir mahalla­da ijtimoiy xodim faoliyat yuritmoqda. Ular uyma-uy yurib aholining ahvolini oʻrganyapti, zaruratga qarab koʻmak beryapti. Bu oʻzgarishlarni oddiy odamlar oʻz hayoti misolida his qilyapti. Yurtdoshlarimiz ijtimoiy xodim timsolida davlatimiz­ning odamlarga mehri, ishonchi va eʼti­borini koʻrayotgani ham ayni haqiqat. Shu oʻrinda yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan ijtimoiy xodimlar, ular tufayli ertangi kunga ishonchi mustahkam­lanayotgan yurtdoshlarimiz haqida hikoya qilamiz.

* * *

Amudaryo tumanidagi “Toshyop” ovul fuqarolar yigʻinidagi ijtimoiy xodim Mavluda Qalandarova faoliyat boshlagani­ga koʻp boʻlgani yoʻq. Shunga qaramay, u xiz­mat vazifasini bajarishda samimiyligi, har bir ishga masʼuliyat bilan yondashishi, muammolarni hal etishdagi fidoyiligi tufayli hurmat-eʼtibor qozonib ulgurdi.

U ilk ish kunidanoq tizimda belgi­langaniday 104 xildagi ijtimoiy xizmat turi boʻyicha aholining arizalarini qabul qildi. Har bir murojaat boʻyicha “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda oʻrganishlar olib bordi. Keys-menejment asosidagi oʻr­ganishlar natijasida fuqarolarda 34 tur­dagi ijtimoiy xizmatga ehtiyoj borligi aniqlandi.

— Mutaxassislar ishtirokida tibbiy tekshiruvlar oʻtkazib, taʼlimdan uzilib qolgan 5 boladan 1 nafari kunduzgi parva­rishga olindi. Shuningdek, 2 bola “Imkon” oʻquv markazi, qolganlari esa “Nurli ma­kon” oʻquv markazi koʻmagida taʼlimga qamrab olindi, — deydi Mavluda Qalanda­rova. — 2025-yil boshidan beri nogironli­gi boʻlgan 8 fuqaro oʻziga munosib ish bi­lan taʼminlandi. Nogironligi boʻlgan yana 8 shaxs adaptiv sport guruhlariga yoʻnalti­rildi va 6 nafari tibbiy-ijtimoiy eks­pertiza komissiyasining xulosasi asosida parasportga jalb etildi. Kam taʼminlan­gan, ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvat­lash maqsadida 16 kishiga kuz-qish mavsumi uchun kiyim-kechak olib berildi.

Mavluda Qalandarovaning faoliyatida bu kabi xayrli ishlar talaygina. U vasiy­lik va homiylikka olingan bolalar boʻyi­cha monitoring yuritib, yolgʻiz yashaydigan fuqarolarning ijtimoiylashuviga koʻmaklashib kelyapti. Ular uchun madaniy-maʼri­fiy tadbirlar tashkil etishda ham faol. Umuman olganda, imkoniyatlardan samarali foydalanib, uyma-uy yurib odamlarga koʻ­makchi boʻlib kelyapti.

— 2025-yil boshidan beri oʻzgalar par­varishiga muhtoj 4 fuqaroga qarab turish uchun assistentlar biriktirildi. Shuningdek, nogironligi boʻlgan 8 kishiga statsi­onar sharoitda davolanishi uchun koʻmak berildi. Tazyiq va zoʻravonlikka uchragan 15 ayol-qizga zarur psixologik va huquqiy yordam koʻrsatildi. Qolaversa, 171 fuqaroga kommunal toʻlovi uchun bir martalik mod­diy yordam ajratildi, — deydi Mavluda Qalandarova.

Amudaryo tumanidagi Namuna mahallasida turli millat va elat vakillari ahil-inoq yashab kelmoqda. U yerda kompleks xizmat koʻrsatuvchi ijtimoiy xodim va “mahalla yettiligi” hamkorligida xatlov oʻtkazildi. Uyma-uy yurib aholining hayot tarzi keys-menejment usulida oʻrganildi. Natijada 12 toifadagi fuqarolar 100 tur­dan ortiq ijtimoiy xizmatga muhtoj eka­ni ayon boʻldi.

— Oʻtgan davrda nogironligi boʻlgan 8 nafar shaxsga protez-ortopediya moslama­lari, reabilitatsiya texnik vositalari olib berildi, — deydi Namuna mahallasining kompleks xizmat koʻrsatuvchi ijtimoiy xo­dimi Navroʻzbek Safarov. — Nogironligi boʻlgan, lekin mehnat qilishga imkoni va istagi bor yana 10 fuqaroning imkoniyati oʻrganilib, barqaror daromadli ishga jalb etildi. Salomatligini tiklash niyatida­gi 2 fuqaroga davolanishi uchun “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hisobidan amaliy yordam koʻrsatildi. Nogironligi boʻlgan bir bola psixologik tibbiy-pedagogik ko­missiya nazoratidan oʻtkazilib, inklyuziv taʼlim olishi uchun sharoit yaratildi. Shu­ningdek, nogironligi boʻlgan 3 yoshning im­koniyati alohida oʻrganilib, ular adaptiv sportga jalb etildi va muntazam shugʻulla­nishi uchun sharoit yaratildi.

Mahallada kam taʼminlangan 62 oilaga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayin­landi. 33 ta oila kambagʻallik reestriga kiritildi. Ijtimoiy xodimning saʼy-ha­rakati bilan 113 ta oilaga kommunal toʻlov uchun bir martalik moddiy yordam ajratil­di. Kam taʼminlangan 8 oila farzandlari bogʻchaga imtiyozli joylashtirildi.

— Ikkinchi guruh nogironiman. Tur­mush oʻrtogʻim menga qarab oʻtirishga maj­bur edi. Ijtimoiy xodim va “mahalla yettiligi” oilamiz sharoitini oʻrganib, bizni kambagʻallik reestriga kiritdi, — deydi ushbu mahallada yashovchi Sevara Jumaniyozova. — Turmush oʻrtogʻim mav­sumiy ishlarga jalb etilib, farzand­larimning munosib taʼlim olishi uchun sharoit yaratib berildi. Menga esa uyda qarab turish xizmati yordam beryapti. Bundan juda minnatdorman.

Mahallalardagi Navroʻzbek Safarov kabi ijtimoiy xodimlar har kuni xo­nadonma-xonadon yurib, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida samarali fao­liyat yurityapti. Ular inson qadr-qimma­ti hamma narsadan ustun ekani borasida davlat siyosatini olis qishloq va ovul­larda yashayotgan yurtdoshlarimizga amal­da namoyon etmoqda.

* * *

Termiz shahridagi “Inson” ijti­moiy xizmatlar markazi. Imkoniyati cheklangan, ogʻir vaziyatga tushgan, ijti­moiy himoyaga muhtoj yurtdoshlarimiz­ga individual yondashuv asosida yordam koʻrsatilayotgan maskan. Bu yerda psixo­log xizmati, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi faoliyati ham yoʻlga qoʻyil­gan. Madina Mamarayimova bir yil av­val markazga kelib, murojaat qilganida hayoti oʻnglanib ketishiga oʻzi ham uncha­lik ishonmagan edi.

Turmushidagi betartibliklar, salomat­ligi yaxshi emasligi, tushunarsiz psixo­logik holati unga yechimi yoʻq muammodek tuyulardi. Bu yerga kelib murojaat qilgach, psixologlar uning ogʻirini yengil qildi. Muammolarini hal etishga kirishdi. Bir yil muqaddam ogʻir hayotiy vaziyatda yashagan Madina bugun eng kuchli ayolga aylandi.

Nazira Mengliyeva Angor tumanining Gilambob mahallasida yashaydi. U ham yolgʻiz ona, ham 2-guruh nogironi. Farzandi Zarifjon Tojiyev Yangi turmush mahalla­sida tashkil etilgan kunduzgi parvarish xizmatiga berilgan. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi Naziraning bandli­gini taʼminladi. Bugun u farzandining yonida, shu parvarish xizmatida tarbiyachi yordamchisi boʻlib mehnat qilmoqda. Bundan tashqari, ayolga 1 million soʻmlik bir mar­talik moddiy yordam tayinlandi.

— Angor tumani Gilambob mahallasida faoliyat yuritayotgan parvarish xizmatida jismoniy imkoniyati cheklangan 16 bolani sogʻlomlashti­rish, oʻqitish va qarov ishlari yoʻlga qoʻyilgan, — deydi tar­biyachi Barno Togʻayeva. — Bola­larimiz bu yerda sogʻligʻini tiklash barobarida ja­miyatga qoʻshilib, ijti­moiy muhitga ham moslashib boryapti.

Tumanning Ulugʻbek mahal­lasida yashovchi Malohat Rasulova 1-guruh nogironi, yaʼni shu kunga qadar toʻshakka mixlangan edi. Unga “Faol hayotga qadam” dasturi asosi­da tibbiy-ijtimoiy reabili­tatsiya hamda uy sharoitida ijti­moiy-maishiy xizmatlar koʻrsatish boshlandi. Natijada ayolning sogʻligʻi tiklanib, hayot tarzi sezilarli darajada yaxshilandi.

Bugun Angor tumanida 65 yurtdoshimiz “Faol hayotga qadam” dasturi doirasidagi xizmatlardan foydalanyapti. Ularga kunduzgi qatnov va uy sharoitida qarov, tibbiy-ijti­moiy reabilitatsiya, ijtimoiy-maishiy xiz­matlar bekamu koʻst koʻrsatilmoqda.

Yana bir misol: tumanning Qorasuv mahallasida yashovchi 2-guruh nogironi Zafar Toshmurodov ham endi ish joyiga ega. “Inson” ijtimoiy xizmatlar mar­kazi koʻmagida u tuman obodonlashtirish boshqarmasiga ishga joylashdi. Oʻrgangan bilimi asosida bosh hisobchiga yordamchi lavozimida faoliyatini davom ettiryapti.

— Zafar Toshmurodov oʻz ustida ishlaga­ni, axborot texnologiyalari sohasidagi bi­limi va amaliy koʻnikmasi tufayli jamiyat uchun kerakli shaxsga aylandi. U shu jihati bilan boshqalarga ham namuna boʻlyapti, — deydi “Inson” ijtimoiy xizmatlar marka­zi rahbari Oʻgʻilshod Xonova. — Yaratilgan imkoniyat sabab bunday yurtdoshlarimizga oʻz vaqtida kerakli koʻmak bera olyapmiz.

Ha, bugun mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimi chin maʼnoda insonparvar­lik va mehr-eʼtibor ramziga aylandi. Buni “Faol hayotga qadam” loyihasi asosida ba­jarilayotgan keng koʻlamli ishlar misoli­da ham koʻrish mumkin. Jumladan, Termiz tumanidagi Manguzar mahallasida ham kunduzgi qarab turish xizmati yoʻlga qoʻyilgan. Bu yerda oʻzgalar parvarishiga muhtoj, yolgʻiz yashov­chi, nogironligi boʻlgan 17 yurtdoshimizga ijtimoiy yordam koʻrsatilyapti.

* * *

Fargʻona shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur mahallasida yashayotgan Mamlakatxon Toʻrayeva bir necha yildan buyon xasta. Avvaliga chap, keyin oʻng to­monlama gemiparez boʻldi. Boz ustiga qandli diabet, qon bosimining muttasil koʻtarilishi uni ancha toliqtirdi. Ayol bir necha oy oʻrnidan tura olmay, toʻshakka mixlanib ham qoldi.

Bugun uning hayotga munosabati mutlaqo boshqacha. Chunki yaxshilar koʻmagi, davlat qoʻl­lab-quvvatlovini dildan his qildi. Ijti­moiy himoya milliy agentligi Fargʻona vi­loyati boshqarmasi tasarrufidagi ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazi shifokorlari Mamlakatxonga muntazam reabilitatsiya xiz­mati koʻrsatib kelmoqda. Shifokor Mahliyo Saidova hamda yordamchi mutaxassis haftada ikki marta xonadonga kelib, ergoterapiya, uqalash, davolovchi gimnastika, tiklanish te­rapiyasi va zamonaviy amplipuls apparati orqali muolajalar oʻtkazdi. Amaliy saʼy-harakat, yaxshilarning mehri tufayli onaxon oyoqqa turdi. Hassa yordamida boʻlsa-da, mustaqil harakatlanmoqda.

— Yillar davomida dard bilan kura­shib kelaman, — deydi Mamlakatxon aya. — Menga koʻrsatilayotgan amaliy yordam uchun cheksiz minnatdorman. Bizga koʻmakchi, suyan­chiq boʻlib kelayotgan ijtimoiy qoʻllab-quv­vatlash markazi shifokorlari, mahalla­mizning ijtimoiy xodimlariga hurmatim baland. Ular bilan tez-tez qoʻngʻiroqlashib turaman. Chunki hammasini farzandimdek yaxshi koʻraman.

Fargʻona viloyatida reestrga kiritil­gan yolgʻiz keksalar soni — 2092 nafar. Ular yilda bir marta chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Shuningdek, 36 shaxsning yashash sharoiti moslashtirib berildi. Bundan tashqari, reestrdagi 1546 yolgʻiz keksa qonunchilikda nazarda tutilgan bepul dori-darmon bilan taʼminlanyapti.

— Prezidentimizning 2025-yil 8-may­dagi “Oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori tufayli koʻplab oʻksik koʻngillarga quvonch ulashildi. Ularning ertangi kunga ishonchi mustahkamlandi, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Fargʻona viloyati boshqarmasi shuʼba mu­diri Farruxbek Saydaliyev. — Mazkur qa­ror ijrosi doirasida 2025-yil 1-iyundan boshlab “Faol hayotga qadam” dasturi yoʻlga qoʻyildi. Dastur nafaqat ijtimoiy xiz­matlar sonini koʻpaytirdi, balki inson­larning hayotga intilishini qayta uygʻotdi. Endi uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam, qarab turish, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya, kunduzgi qatnovda xizmat koʻr­satish va shaxsiy yordamchi kabi 5 ta qoʻshim­cha xizmat turi yoʻlga qoʻyildi. Ularning xarajati “Oila hamkori” platformasi orqali taqdim etiladigan vaucherlar bilan qisman qoplab berilmoqda. Ushbu xizmat­lardan hozir 3465 kishi foydalanyapti.

Qiynalgan damlarda suyanchiq boʻlish, mehr-muruvvat koʻrsatish xalqimizga xos fazilat. Bunday qadriyatlar keyingi yil­larda har jihatdan rivojlanib, mustahkamlanib bormoqda. Bu ijtimoiy hi­moya borasidagi ishlar misolida yaqqol koʻzga tashlanadi.

Minajatdin QUTLIMURATOV,

Sarvar TOʻRAYEV,

Rasuljon KAMOLOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbirlari