Buni ijtimoiy xizmat koʻrsatish borasidagi yangilanishlar misolida ham koʻrish mumkin.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilgach, bu boradagi ishlar yangi bosqichga chiqdi. Bugun har bir mahallada ijtimoiy xodim faoliyat yuritmoqda. Ular uyma-uy yurib aholining ahvolini oʻrganyapti, zaruratga qarab koʻmak beryapti. Bu oʻzgarishlarni oddiy odamlar oʻz hayoti misolida his qilyapti. Yurtdoshlarimiz ijtimoiy xodim timsolida davlatimizning odamlarga mehri, ishonchi va eʼtiborini koʻrayotgani ham ayni haqiqat. Shu oʻrinda yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan ijtimoiy xodimlar, ular tufayli ertangi kunga ishonchi mustahkamlanayotgan yurtdoshlarimiz haqida hikoya qilamiz.
* * *
Amudaryo tumanidagi “Toshyop” ovul fuqarolar yigʻinidagi ijtimoiy xodim Mavluda Qalandarova faoliyat boshlaganiga koʻp boʻlgani yoʻq. Shunga qaramay, u xizmat vazifasini bajarishda samimiyligi, har bir ishga masʼuliyat bilan yondashishi, muammolarni hal etishdagi fidoyiligi tufayli hurmat-eʼtibor qozonib ulgurdi.
U ilk ish kunidanoq tizimda belgilanganiday 104 xildagi ijtimoiy xizmat turi boʻyicha aholining arizalarini qabul qildi. Har bir murojaat boʻyicha “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda oʻrganishlar olib bordi. Keys-menejment asosidagi oʻrganishlar natijasida fuqarolarda 34 turdagi ijtimoiy xizmatga ehtiyoj borligi aniqlandi.
— Mutaxassislar ishtirokida tibbiy tekshiruvlar oʻtkazib, taʼlimdan uzilib qolgan 5 boladan 1 nafari kunduzgi parvarishga olindi. Shuningdek, 2 bola “Imkon” oʻquv markazi, qolganlari esa “Nurli makon” oʻquv markazi koʻmagida taʼlimga qamrab olindi, — deydi Mavluda Qalandarova. — 2025-yil boshidan beri nogironligi boʻlgan 8 fuqaro oʻziga munosib ish bilan taʼminlandi. Nogironligi boʻlgan yana 8 shaxs adaptiv sport guruhlariga yoʻnaltirildi va 6 nafari tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyasining xulosasi asosida parasportga jalb etildi. Kam taʼminlangan, ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 16 kishiga kuz-qish mavsumi uchun kiyim-kechak olib berildi.
Mavluda Qalandarovaning faoliyatida bu kabi xayrli ishlar talaygina. U vasiylik va homiylikka olingan bolalar boʻyicha monitoring yuritib, yolgʻiz yashaydigan fuqarolarning ijtimoiylashuviga koʻmaklashib kelyapti. Ular uchun madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etishda ham faol. Umuman olganda, imkoniyatlardan samarali foydalanib, uyma-uy yurib odamlarga koʻmakchi boʻlib kelyapti.
— 2025-yil boshidan beri oʻzgalar parvarishiga muhtoj 4 fuqaroga qarab turish uchun assistentlar biriktirildi. Shuningdek, nogironligi boʻlgan 8 kishiga statsionar sharoitda davolanishi uchun koʻmak berildi. Tazyiq va zoʻravonlikka uchragan 15 ayol-qizga zarur psixologik va huquqiy yordam koʻrsatildi. Qolaversa, 171 fuqaroga kommunal toʻlovi uchun bir martalik moddiy yordam ajratildi, — deydi Mavluda Qalandarova.
Amudaryo tumanidagi Namuna mahallasida turli millat va elat vakillari ahil-inoq yashab kelmoqda. U yerda kompleks xizmat koʻrsatuvchi ijtimoiy xodim va “mahalla yettiligi” hamkorligida xatlov oʻtkazildi. Uyma-uy yurib aholining hayot tarzi keys-menejment usulida oʻrganildi. Natijada 12 toifadagi fuqarolar 100 turdan ortiq ijtimoiy xizmatga muhtoj ekani ayon boʻldi.
— Oʻtgan davrda nogironligi boʻlgan 8 nafar shaxsga protez-ortopediya moslamalari, reabilitatsiya texnik vositalari olib berildi, — deydi Namuna mahallasining kompleks xizmat koʻrsatuvchi ijtimoiy xodimi Navroʻzbek Safarov. — Nogironligi boʻlgan, lekin mehnat qilishga imkoni va istagi bor yana 10 fuqaroning imkoniyati oʻrganilib, barqaror daromadli ishga jalb etildi. Salomatligini tiklash niyatidagi 2 fuqaroga davolanishi uchun “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi hisobidan amaliy yordam koʻrsatildi. Nogironligi boʻlgan bir bola psixologik tibbiy-pedagogik komissiya nazoratidan oʻtkazilib, inklyuziv taʼlim olishi uchun sharoit yaratildi. Shuningdek, nogironligi boʻlgan 3 yoshning imkoniyati alohida oʻrganilib, ular adaptiv sportga jalb etildi va muntazam shugʻullanishi uchun sharoit yaratildi.
Mahallada kam taʼminlangan 62 oilaga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlandi. 33 ta oila kambagʻallik reestriga kiritildi. Ijtimoiy xodimning saʼy-harakati bilan 113 ta oilaga kommunal toʻlov uchun bir martalik moddiy yordam ajratildi. Kam taʼminlangan 8 oila farzandlari bogʻchaga imtiyozli joylashtirildi.
— Ikkinchi guruh nogironiman. Turmush oʻrtogʻim menga qarab oʻtirishga majbur edi. Ijtimoiy xodim va “mahalla yettiligi” oilamiz sharoitini oʻrganib, bizni kambagʻallik reestriga kiritdi, — deydi ushbu mahallada yashovchi Sevara Jumaniyozova. — Turmush oʻrtogʻim mavsumiy ishlarga jalb etilib, farzandlarimning munosib taʼlim olishi uchun sharoit yaratib berildi. Menga esa uyda qarab turish xizmati yordam beryapti. Bundan juda minnatdorman.
Mahallalardagi Navroʻzbek Safarov kabi ijtimoiy xodimlar har kuni xonadonma-xonadon yurib, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida samarali faoliyat yurityapti. Ular inson qadr-qimmati hamma narsadan ustun ekani borasida davlat siyosatini olis qishloq va ovullarda yashayotgan yurtdoshlarimizga amalda namoyon etmoqda.
* * *
Termiz shahridagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi. Imkoniyati cheklangan, ogʻir vaziyatga tushgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj yurtdoshlarimizga individual yondashuv asosida yordam koʻrsatilayotgan maskan. Bu yerda psixolog xizmati, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasi faoliyati ham yoʻlga qoʻyilgan. Madina Mamarayimova bir yil avval markazga kelib, murojaat qilganida hayoti oʻnglanib ketishiga oʻzi ham unchalik ishonmagan edi.
Turmushidagi betartibliklar, salomatligi yaxshi emasligi, tushunarsiz psixologik holati unga yechimi yoʻq muammodek tuyulardi. Bu yerga kelib murojaat qilgach, psixologlar uning ogʻirini yengil qildi. Muammolarini hal etishga kirishdi. Bir yil muqaddam ogʻir hayotiy vaziyatda yashagan Madina bugun eng kuchli ayolga aylandi.
Nazira Mengliyeva Angor tumanining Gilambob mahallasida yashaydi. U ham yolgʻiz ona, ham 2-guruh nogironi. Farzandi Zarifjon Tojiyev Yangi turmush mahallasida tashkil etilgan kunduzgi parvarish xizmatiga berilgan. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi Naziraning bandligini taʼminladi. Bugun u farzandining yonida, shu parvarish xizmatida tarbiyachi yordamchisi boʻlib mehnat qilmoqda. Bundan tashqari, ayolga 1 million soʻmlik bir martalik moddiy yordam tayinlandi.
— Angor tumani Gilambob mahallasida faoliyat yuritayotgan parvarish xizmatida jismoniy imkoniyati cheklangan 16 bolani sogʻlomlashtirish, oʻqitish va qarov ishlari yoʻlga qoʻyilgan, — deydi tarbiyachi Barno Togʻayeva. — Bolalarimiz bu yerda sogʻligʻini tiklash barobarida jamiyatga qoʻshilib, ijtimoiy muhitga ham moslashib boryapti.
Tumanning Ulugʻbek mahallasida yashovchi Malohat Rasulova 1-guruh nogironi, yaʼni shu kunga qadar toʻshakka mixlangan edi. Unga “Faol hayotga qadam” dasturi asosida tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya hamda uy sharoitida ijtimoiy-maishiy xizmatlar koʻrsatish boshlandi. Natijada ayolning sogʻligʻi tiklanib, hayot tarzi sezilarli darajada yaxshilandi.
Bugun Angor tumanida 65 yurtdoshimiz “Faol hayotga qadam” dasturi doirasidagi xizmatlardan foydalanyapti. Ularga kunduzgi qatnov va uy sharoitida qarov, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya, ijtimoiy-maishiy xizmatlar bekamu koʻst koʻrsatilmoqda.
Yana bir misol: tumanning Qorasuv mahallasida yashovchi 2-guruh nogironi Zafar Toshmurodov ham endi ish joyiga ega. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi koʻmagida u tuman obodonlashtirish boshqarmasiga ishga joylashdi. Oʻrgangan bilimi asosida bosh hisobchiga yordamchi lavozimida faoliyatini davom ettiryapti.
— Zafar Toshmurodov oʻz ustida ishlagani, axborot texnologiyalari sohasidagi bilimi va amaliy koʻnikmasi tufayli jamiyat uchun kerakli shaxsga aylandi. U shu jihati bilan boshqalarga ham namuna boʻlyapti, — deydi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi rahbari Oʻgʻilshod Xonova. — Yaratilgan imkoniyat sabab bunday yurtdoshlarimizga oʻz vaqtida kerakli koʻmak bera olyapmiz.
Ha, bugun mamlakatimizda ijtimoiy himoya tizimi chin maʼnoda insonparvarlik va mehr-eʼtibor ramziga aylandi. Buni “Faol hayotga qadam” loyihasi asosida bajarilayotgan keng koʻlamli ishlar misolida ham koʻrish mumkin. Jumladan, Termiz tumanidagi Manguzar mahallasida ham kunduzgi qarab turish xizmati yoʻlga qoʻyilgan. Bu yerda oʻzgalar parvarishiga muhtoj, yolgʻiz yashovchi, nogironligi boʻlgan 17 yurtdoshimizga ijtimoiy yordam koʻrsatilyapti.
* * *
Fargʻona shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur mahallasida yashayotgan Mamlakatxon Toʻrayeva bir necha yildan buyon xasta. Avvaliga chap, keyin oʻng tomonlama gemiparez boʻldi. Boz ustiga qandli diabet, qon bosimining muttasil koʻtarilishi uni ancha toliqtirdi. Ayol bir necha oy oʻrnidan tura olmay, toʻshakka mixlanib ham qoldi.
Bugun uning hayotga munosabati mutlaqo boshqacha. Chunki yaxshilar koʻmagi, davlat qoʻllab-quvvatlovini dildan his qildi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi Fargʻona viloyati boshqarmasi tasarrufidagi ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazi shifokorlari Mamlakatxonga muntazam reabilitatsiya xizmati koʻrsatib kelmoqda. Shifokor Mahliyo Saidova hamda yordamchi mutaxassis haftada ikki marta xonadonga kelib, ergoterapiya, uqalash, davolovchi gimnastika, tiklanish terapiyasi va zamonaviy amplipuls apparati orqali muolajalar oʻtkazdi. Amaliy saʼy-harakat, yaxshilarning mehri tufayli onaxon oyoqqa turdi. Hassa yordamida boʻlsa-da, mustaqil harakatlanmoqda.
— Yillar davomida dard bilan kurashib kelaman, — deydi Mamlakatxon aya. — Menga koʻrsatilayotgan amaliy yordam uchun cheksiz minnatdorman. Bizga koʻmakchi, suyanchiq boʻlib kelayotgan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazi shifokorlari, mahallamizning ijtimoiy xodimlariga hurmatim baland. Ular bilan tez-tez qoʻngʻiroqlashib turaman. Chunki hammasini farzandimdek yaxshi koʻraman.
Fargʻona viloyatida reestrga kiritilgan yolgʻiz keksalar soni — 2092 nafar. Ular yilda bir marta chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkaziladi. Shuningdek, 36 shaxsning yashash sharoiti moslashtirib berildi. Bundan tashqari, reestrdagi 1546 yolgʻiz keksa qonunchilikda nazarda tutilgan bepul dori-darmon bilan taʼminlanyapti.
— Prezidentimizning 2025-yil 8-maydagi “Oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish koʻlamini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori tufayli koʻplab oʻksik koʻngillarga quvonch ulashildi. Ularning ertangi kunga ishonchi mustahkamlandi, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Fargʻona viloyati boshqarmasi shuʼba mudiri Farruxbek Saydaliyev. — Mazkur qaror ijrosi doirasida 2025-yil 1-iyundan boshlab “Faol hayotga qadam” dasturi yoʻlga qoʻyildi. Dastur nafaqat ijtimoiy xizmatlar sonini koʻpaytirdi, balki insonlarning hayotga intilishini qayta uygʻotdi. Endi uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam, qarab turish, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya, kunduzgi qatnovda xizmat koʻrsatish va shaxsiy yordamchi kabi 5 ta qoʻshimcha xizmat turi yoʻlga qoʻyildi. Ularning xarajati “Oila hamkori” platformasi orqali taqdim etiladigan vaucherlar bilan qisman qoplab berilmoqda. Ushbu xizmatlardan hozir 3465 kishi foydalanyapti.
Qiynalgan damlarda suyanchiq boʻlish, mehr-muruvvat koʻrsatish xalqimizga xos fazilat. Bunday qadriyatlar keyingi yillarda har jihatdan rivojlanib, mustahkamlanib bormoqda. Bu ijtimoiy himoya borasidagi ishlar misolida yaqqol koʻzga tashlanadi.
Minajatdin QUTLIMURATOV,
Sarvar TOʻRAYEV,
Rasuljon KAMOLOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbirlari