Har yili tabiat uygʻonib, gul-chechaklar ochilib, atrof-javonib yashil libosga burkangan bir pallada yurtimiz boʻylab oʻzgacha shukuh kezadi. Tinchlik-omonlik hukm surayotgan vatanimizning har goʻshasida sharqona Yilboshi – Navroʻz keng nishonlanadi: karnay-surnay ovozlari, shodon yallayu laparlar, bolajonlarning shoʻx kulgusi... yaqin-yiroqlardan eshitilib, koʻngillarga koʻklam nashidasini yuqtiradi.

Davlatimiz rahbarining “2022-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorida ushbu ayyomning ruhi va falsafasida mujassam boʻlgan borliqni asrab-avaylab, doimo u bilan uygʻun boʻlib yashash, mehr-oqibat, xayru saxovat, bunyodkorlik, bagʻrikenglik, doʻstlik va hamjihatlik singari yuksak gʻoyalar bugungi kunda yanada teran mazmun va ahamiyat kasb etib borayotgani alohida taʼkidlangan.

Xalqimiz asrlar davomida eʼzozlab kelayotgan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tarafidan xalqaro bayram sifatida eʼtirof etilgan Navroʻz – Yilboshini mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan oʻzgarish va yangilanishlar jarayoniga uygʻun va hamohang tarzda yuksak saviyada oʻtkazishga har qachongidan ham oʻzgacha shukuhda tayyorgarlik boshlanib ketdi.

Hayoti tabiat bilan chambarchas bogʻliq kechgan ajdodlarimiz Yangi yil shodiyonalarini koʻklamda oʻtkazishi tabiiy hol edi. Bu bir tomondan ayozdan qutulish shukronasi boʻlsa, ikkinchi tarafdan yangi mehnat yiliga oʻziga xos tayyorgarlik marosimi boʻlgan. Bugungidek maxsus isitish tizimiga ega uyda emas, oʻtovda hayot kechirgan aholi uchun qishdan chiqib olish haqiqiy mashaqqat hisoblanardi. Momolarimiz hali-hanuz bahor elchisi boychechakni koʻrganda “Omonliq-somonliq, yanagi shu kunlarga ham yetaylik”, deya tilak bildirishi zamirida shu hikmat yashirin, nazarimizda.

Tarix guvoh: qaysi dinga eʼtiqod qilishi, qanchadan-qancha gʻayri madaniyatlar taʼsiri ostida qolishidan qatʼi nazar, xalqimiz asrlar mobaynida Yilboshi – Navroʻzdan voz kechmagan. Bu bahoriy bayram oʻzbekning oʻzligini, bagʻrikenligu mehmondoʻstligi, qoʻyingki, barcha insoniy fazilatlarini mujassamlashtirgan. Bizda nafaqat yangi yil 21-martdan boshlanadi, balki deyarli barcha milliy anʼanalarimiz: koʻpkari, kurash, baxshichilikdan tortib kelinsalomgacha Yilboshi sayli “chorraha”sida tutashadi. Taʼbir joiz boʻlsa, Navroʻzni madaniyatimiz durdonasi, bayramlarimiz onasi, deyish mumkin.

Har yili Yilboshi – Navroʻz yaqinlashgan sayin ommaviy axborot vositalarida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda urchib ketadigan turli daʼvoyu iddaolarga qarata aytish mumkinki, bu bayramni turlicha yondashuvlar – diniy, milliy, mafkuraviy tazyiqlardan mutlaqo xoli holida, tabiatning yangilanish, yasharish ayyomi, shohu gado orasidagi tenglik hamda turfa eʼtiqod va etnosga mansub kishilar orasidagi bagʻrikenglik tantanasi sifatida nishonlash zarur. Zotan, asarlar mobaynida shunday boʻlib kelgan ham. Yilboshi – Navroʻzga nisbatan azaliy va abadiy ayyom taʼrifini bemalol ishlatish mumkin. Negaki, ushbu bayram oʻtkinchi gʻoyalar bilan emas, oliy hakam – Vaqt bilan chambarchas bogʻliq. Yer Quyosh atrofida aylanaverar ekan, Yilboshi – Navroʻz ham har xil koʻrinishda boʻlsa­da tantana qilinaveradi.

Xalqimiz asriy orzulari va davrlar sinovidan oʻtgan odamiylik, mehr-oqibat, xayr-saxovat kabi fazilatlari, shuningdek, bagʻrikenglik, ahilliq, oʻzaro hurmat singari milliy qadriyatlarini Yilboshi – Navroʻz sayllariga singdirib yuborgan. Shu maʼnoda, oʻzbekning ichu tashi, borligʻi ushbu bahoriy bayramda oʻz tajassumini topishi tabiiy.

Farrux JABBOROV,

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining masʼul xodimi