Shu bilan birga, mahalladagi har bir oila tinchligi, saranjomligini ham nazorat qilib boradi. Ovuldagi  ayollar biror yumushga qo‘l ursa Hurliman opaga maslahat solib, uning duosi bilan ish boshlaydi. Kayvoni onaxon mahalladagi ajrimlarning oldini olishda, to‘y-ma’rakalarni isrofgarchiliksiz o‘tkazishda ham ko‘pchilikka bosh-qosh.

So‘nggi yillarda Hurliman opa singari ko‘chaboshi onaxonlarga davlatimiz tomonidan e’tibor kuchaydi. Qoraqalpog‘istondagi 11350 nafar ko‘chaboshi onaning har birini 1 million so‘mdan rag‘batlantirish maqsadida 11,3 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

— Mahalla xotin-qizlar faollarining takliflari asosida bugungi kunda ayollarga 41 turda yordam ko‘rsatish amaliyoti joriy etilgan, — deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Maryam Ahmedova. —  Jumladan, birgina “Ayollar daftari” tizimi doirasida 2021–2022 yillarda 82 mingdan ziyod xotin-qiz muammolari o‘z yechimini topdi. Bu ishlarga 158 milliard 666 million so‘m  mablag‘ ajratildi. 2023 yilning o‘tgan davrida 55 ming 51 xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritilgan bo‘lib, joriy yilning besh oyida 28 ming 729 nafarining bandligi ta’minlandi, 4400 dan ziyodi kasb-hunarga o‘qitildi. 4814 nafariga 43 milliard 331 million so‘m imtiyozli kreditlar berildi, 272 nafariga 1 milliard 347 million so‘m miqdorda subsidiya ajratildi. 

Respublikada oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘nalishi bo‘yicha 13 ming 132 nafar xotin-qizning biznes loyihasi 170 milliard 735 million so‘m mablag‘ bilan moliyalashtirildi. 169 xotin-qiz esa hunarmandchilik bilan shug‘ullanmoqda. Shuningdek, shahar va tumanlardagi yordamga muhtoj 70 nafar xotin-qiz uy-joy bilan ta’minlandi. Yana 268 nafariga uy-joylarini ta’mirlashi uchun amaliy yordam ko‘rsatildi.

— Qoraqalpog‘iston Respublikasi Juqorg‘i Kengashining bevosita tashabbusi bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga, shuningdek, xotin-qizlarga ichki imkoniyatlardan kelib chiqib, joriy yil boshidan buyon 10,3 milliard so‘m miqdorda ijtimoiy yordam berildi, — deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Juqorg‘i Kengashi ijtimoiy-madaniy rivojlantirish, yoshlar siyosati, turizm va jamoat birlashmalari masalalari qo‘mitasi bosh mutaxassisi Bayramgul Ayimbetova. — Xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj 2 ming 710 oilaga 4,3 milliard so‘m miqdorida moddiy yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa, 331 nafar xotin-qizga davolanishi uchun 1,6 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Shuningdek, 6 ming 16 nafar yordamga muhtoj oila va xotin-qizni uy-joy bilan ta’minlash, uy-joylarini ta’mirlash va boshqa xarajatlari uchun 4,4 milliard so‘m moddiy yordam ko‘rsatildi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning bilim olishlari uchun qulay sharoit yaratish maqsadida 2022–2023 o‘quv yilida magistratura bosqichida o‘qiyotgan 2 300 nafardan ziyod talaba qizning shartnoma to‘lovlari to‘lab berildi. Oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan 1 ming 951 nafar xotin-qizga shartnoma to‘lovi uchun 7 yil muddatga 17 milliard 220 million so‘m  foizsiz kredit ajratildi. 

— Shu bilan birga, yordamga muhtoj oilalar vakillari, yetim yoki ota-ona qaramog‘idan ayrilgan 150 nafar talaba qizning 1 milliard 56 million so‘mlik shartnoma pullari davlat budjetidan to‘landi. Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi taklifi asosida 112 nafar xotin-qiz imtiyozli grant asosida,  besh yillik mehnat stajiga ega 35 nafar xotin-qiz esa shartnoma asosida oliy o‘quv yurtlariga qabul qilindi, — deydi Maryam Ahmedova. — Ayollarning salomatligini saqlash bo‘yicha 195 ming 325 nafar xotin-qiz birlamchi onkologik skrining, 5 ming 448 nafar nuroniy onaxon chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. 2 ming 801 nafar onaxon zarur dori-darmon, oziq-ovqat, kiyim-kechak bilan, 785 nafar nogironligi bo‘lgan ayol va voyaga yetmaganlar reabilitatsiya uskunalari bilan ta’minlandi. Shuningdek, 586 nafar boquvchisini yo‘qotgan ayol farzandlari davlat maktabgacha ta’lim muassasida to‘lanadigan to‘lovlardan ozod qilingan. 

— Bugun Qoraqalpog‘istonda 3 ming 972 nafar xotin-qiz rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib bormoqda. Jumladan, 2 nafar  ayol Oliy Majlis Senati a’zosi, 3 nafar ayol Qonunchilik palatasi, 20 nafar ayol Jo‘qorg‘i Kengash deputati, 133 ayol tuman (shahar) kengashlari deputati, — deydi Bayramgul Ayimbetova. — Vazirlar Mahkamasining qarori asosida xotin-qizlarning fidoyiligini qo‘llab-quvvatlash, farzand tarbiyasi, oila, xotin-qizlar ma’naviyatini yuksaltirish, yoshlar tarbiyasiga ta’sir ko‘rsata oladigan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Oqila ayollar”,  Qoraqalpog‘iston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan “Rahbar ayollar klubi” va “Ko‘chaboshi ayollar” harakatlari tashkillashtirildi. Natijada hududdagi 11350 ayol bu harakatga qo‘shildi.

Qoraqalpog‘istonda iqtisodiyot, ilm-fan, ta’lim, tibbiyot, adabiyot,   san’at va boshqa sohalar rivojiga salmoqli hissa qo‘shib kelayotgan xotin-qizlar ko‘p. Ulardan biri Kegeyli tumanidagi “Orzu” fermer xo‘jaligi rahbari Palzada Saliyeva. U Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Yil ayoli” milliy tanlovining mamlakat bosqichida Gran pri g‘olibi bo‘lib, Prezident sovg‘asi – “Lacetti” avtomobili bilan mukofotlandi. Shuningdek, “Eng yaxshi xotin-qizlar fidoyisi” tanlovining mamlakat bosqichida Beruniy tumani “Qizil qal’a” ovul fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar fidoyisi N.Nurimbetova  birinchi o‘rinni egallab, u ham Prezident sovg‘asi – “Lacetti” avtomobili bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, “Eng namunali xotin-qizlar muassasasi” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida Ichki ishlar vazirligining xotin-qizlar muassasasi boshlig‘i A.Xizirbayeva birinchi, “Eng namunali ishbilarmon ayol” tanlovida “Kungrad Agro-Solodka Sistem” MCHJ boshlig‘i Z.Xojametova  ikkinchi o‘rinni egalladi.

Imtiyozlar doirasida qoraqalpog‘istonlik 7000 nafar xotin-qizga Toshkent shahri va barcha viloyatlardagi oliy o‘quv yurtlarida o‘qish uchun kvota ajratilgan bo‘lsa, tadbirkorlar uchun qo‘llaniladigan soliq turi va miqdori deyarli 2 barobar kamaytirilmoqda. Faqatgina qoraqalpog‘istonliklar uchun temir yo‘l va aviabiletlarga 50 foiz imtiyoz berish tizimi joriy qilindi. Yangi o‘quv yilidan e’tiboran oliygohlarda ta’lim olayotgan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari daromad solig‘idan ozod etiladi.

Bugungi kunda barcha shahar va tumanlarda 21 mingdan ortiq uy-joyda 350 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. 452 ta mahallaning har biriga  500 million so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ ajratilmoqda. Shuningdek, kadastri yo‘q 47 mingta turarjoy va ko‘chmas mulk bo‘yicha tegishli hujjatlar ishlab chiqiladi. Joriy yilda 4 mingta turarjoy qurilib, 4 mingta shaxsga uy qurish uchun 4 sotixdan yer ajratib beriladi.

Xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash yurtimizda amalga oshirilayotgan xalqchil siyosatning bosh yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Hukumatimizning xotin-qizlarga bo‘lgan e’tibori sabab ular uchun barcha imkoniyatlar yaratilyapti. Zero, bugun mamlakatimizdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda mehr va baxt qo‘rg‘oni  farishtalari bo‘lmish ayollarning o‘rni va ta’siri ham kundan-kun ortib bormoqda.

Minajatdin QUTLIMURATOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri