Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasi tomonidan poytaxtimizdagi 22-Mehribonlik uyiga soʻnggi rusumdagi 14 ta tikuv mashinasi begʻaraz yordam sifatida berildi va mini sex tashkil etildi.
Bunga qadar Mehribonlik uyida tikuvchilik toʻgaragi mavjud boʻlgan, ammo bir dona yaroqsiz tikuv mashinasida mahorat darslari oʻtkazilgan. Shu sababli tarbiyalanuvchilarning qiziqishi ham haminqadar boʻlgan. Endi yangi tashkil etilgan tikuvchilik toʻgaragi xonasi bolalar eng koʻp toʻplanadigan joyga aylanib ulgurdi. Sababi, ular ham kasb-hunar oʻrganishi, ham oʻzi uchun istalgan kiyimni tikib olishi, ham yaxshigina daromad topishi mumkin.
Prezidentimizning shu yil 6-noyabrda Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisida soʻzlagan nutqida ham mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarini kasb-hunarga oʻrgatish zarurligiga alohida toʻxtalib oʻtilgan: “Maʼlumki, yurtimizda ota-onasidan ajragan, mehrga muhtoj bolalarni qoʻllab-quvvatlash, ularga taʼlim-tarbiya berish, kasb-hunarga oʻqitish va turar joy bilan taʼminlash, jamiyatda munosib oʻrin egallashiga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda.
Mehribonlik uylari va maxsus maktab-internatlarda yashayotgan bolalarni oilaga yaqin muhitda, bilimli va kasb-hunarli etib tarbiyalash uchun “Mehr daftari” doirasida boshlagan ishlarni izchil davom ettirish barchamizning burchimizdir”.
Prezidentimizning 2021-yil 9-avgustdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga tarbiya berish, ularni fan, axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish, boshlangʻich harbiy tayyorgarlik va sport bilan shugʻullanishini tashkil etish boʻyicha yangi tizim amaliyotga tatbiq etilishi koʻzda tutilgan.
Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini kasb-hunarga oʻrgatishga qaratilgan ushbu loyiha ularni tadbirkorlikka jalb qilishga ham hissa qoʻshmoqda. Tikuvchilik toʻgaragi hatto oʻgʻil bolalarda ham qiziqish uygʻotdi. Quvonarlisi, tarbiyalanuvchilar orasida dizayner boʻlishni orzu qiladiganlar ham bor. Ushbu mini sex ular uchun tayyor imkoniyat, ijod laboratoriyasi vazifasini oʻtamoqda. Loyihani amaliyotga tatbiq qilish samaradorligini oshirish maqsadida Jamoat ishlari jamgʻarmasi xodimlari tikuvchilik toʻgaragi faoliyatini muntazam kuzatib, oʻrganib, yaqindan koʻmak bermoqda.
Shuningdek, soha mutaxassislari, tadbirkorlarni jalb qilgan holda, turli uchrashuvlar, mahorat darslari tashkil etilmoqda. Ushbu uchrashuvlarda bolalarning har biri bilan alohida suhbatlashilib, ularning oʻz maqsadiga erishishi uchun yoʻl-yoʻriq koʻrsatilmoqda. Jumladan, “Namfayz” MCHJ rahbari Feruza Meliboyeva, yakka tartibdagi tadbirkor Umida Sultonova, “Nafis marjonlar” MCHJ rahbari Nafisa Sharopova, “Fayznur” oilaviy korxonasi rahbari Nodira Boʻriyevaning tadbirkorlik haqidagi fikr-mulohazalari yoshlarni ruhlantirdi. Ularning faoliyati aynan tikuvchilik sexi bilan bogʻliqligi sababli tarbiyalanuvchilar oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi. Shuningdek, yoshlarning koʻz oʻngida ular uchun turli liboslar ham tikildi.
— Kelajakda bank xodimi boʻlmoqchiman, ammo tikuvchilikni ham oʻrganyapman, — deydi Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi Viktoriya An. — Avvalo, bu kasbni oʻzlashtirib, oʻzim uchun turli liboslar tikishim mumkin. Bu yil maktabni bitiramiz, oʻquv yili oxirigacha tikuvchilikni mukammal oʻrganib, bitiruv oqshomi libosini tikmoqchiman. Balki dugonalarimga ham tikib berarman. Qolaversa, darsdan boʻsh vaqtda tikkan liboslarimiz uchun haq ham olyapmiz. Ularning hammasini jamgʻarib, kelgusida oʻz biznesimni yoʻlga qoʻyishim mumkin.
Jamoat ishlari jamgʻarmasi ushbu xayrli loyihani birinchi marta sinov tariqasida amalga oshirdi. Natija esa kutilganidek ijobiy. Shu sababli, endi uni mamlakatimiz boʻylab amalga oshirish rejalashtirilyapti. Zero, ota-ona mehr-muhabbati, eʼtiboriga muhtoj bolalarning bilimli, salohiyatli, shu bilan birga, kasb-hunarli boʻlib voyaga yetishidan jamiyat ham, davlat ham manfaatdor.