«Men foydalanayotgan keng imkoniyatlardan tengdoshlarim ham foydalanishini istayman!”

    Ta'lim 13 Yanvar 2021 2487

    Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatovga oʻz loyihasini taqdim qilgan Samarqand shahridagi 50-umumtaʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi Nazira Davronining bugun oldiga qoʻygan maqsadi ana shunday.

    Nazira bolalikdan barcha fanlarni puxta oʻzlashtirib, ayniqsa, ingliz tilini mukammal oʻrganishga intildi. Albatta, bu borada ota-onasining qoʻllab-quvvatlashi, ustozlarining bergan sabogʻi uning keyingi muvaffaqiyatlariga qanot bagʻishladi.

    Nazira Davroni soʻnggi bir necha yildan buyon nufuzli xorijiy universitetlarning talabalikka qabul qilish imtiyozlari bilan tanishib keladi. Bu borada qoʻyilgan talablarga koʻra kelgusidagi maqsadlari, gʻoya va takliflari ifodalangan ingliz tilidagi insho va maqolalarini yuborib, OTMlarning malakali mutaxassislari bilan fikr almashib keldi.

    Uning nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasasida oʻqib, yuqori malaka va tajriba toʻplab, kelgusida mamlakatimizda sohalar rivojiga oʻz hissasini qoʻshish, tengdoshlarini yaratilgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanishlari uchun koʻmaklashish boʻyicha tashabbuslari, bilim olishga chanqoqligi, teran fikrlashi xorijiy mutaxassislar tomonidan eʼtirof etildi. U AQSHning Kolumbiya universitetiga muddatidan oldin imtiyozli ravishda oʻqishga qabul qilindi.

    Taqdimotda Nazira oʻzi yaratgan dastur, yaʼni yoshlardan faqatgina bilim va intilish talab qilinadigan mana shunday imkoniyatlardan foydalanish boʻyicha tengdoshlariga koʻmaklashish, xorijiy oliy taʼlim muassasalari va ulardagi imtiyozlar, bunday OTMlarga oʻqishga kirishning talablarini keng targʻib etuvchi internet tarmogʻida “First2College” dasturi haqida maʼlumot berdi. Uni keng miqyosda amalga oshirish boʻyicha amaliy yordam zarurligini bildirdi.

    Xalq taʼlimi vaziri Sh.Shermatov loyihani yuqori baholab, oʻzining qoʻshimcha takliflarini bildirdi. Naziraning loyihasini har tomonlama qoʻllab-quvvatlab, amalga oshirilishida yordam berilishini taʼkidladi.

    Vazir Nazira Davronining ilgʻor tashabbusini eʼtirof etib, unga minnatdorlik bildirdi.

    Samarqand viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi axborot xizmati.