Har gal qishlog‘imga borganimda u yerdagi o‘zgarishlarga, odamlarning turmush tarzi, kayfiyatiga e’tibor qarataman. Shu mo‘jaz qishlog‘im qiyofasi yil sa¬yin o‘zgarib, qishloqdoshlarimning yashash sharoiti tobora yaxshilanib, turmushi farovonlashib borayotganidan, bular tabiiy ravishda ularning kayfiyatiyu ruhiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatayotganidan ich-¬ichimdan quvonaman. Kim bilan suhbatlashmay gap-so‘zlaridan, yuz ifodasidan hayotidan mamnunligi, ko‘ngli xotirjamligi sezilib turadi. Darhaqiqat, ro‘zg‘ori but, oilasi tinch odamda ichki xotirjamlik, tashqi bosiqlik bo‘ladi. Ming shukrki, so‘nggi yillarda qishloq-doshlarimning aksariyatida ana shunday holatni kuzatmoqdaman. Xudo ko‘rsatmasin, qandaydir tashvishi bor odam halovatini yo‘qotadi, siz bilan gaplashib turadiyu xayoli boshqa tomonda yuradi.
Ushbu safarim asnosida oldinlari unchalik ahamiyat bermaganim ayrim jihatlar e’tiborimni tortdi. Odatimga ko‘ra erta tongda qishlog‘imiz ko‘chalarini kezdim. Bu paytda tog‘ etagidagi qishloq havosi naqadar yoqimli, huzurbaxsh bo‘ladi, misoli qaymoq, deysiz. Yolg‘iz o‘zim ohista odimlayman. Uylarga razm solaman. Aksariyati zamonaviy usulda qurilgan. Darvozalar ochiq, hovli ichi ko‘rinib turibdi. Har bir darvoza oldida turli rusumdagi, jumladan, xorijiy mashinalar, ikkita mashina turgan xonadonlar bor. Bir uy oldida ikkita yengil avtomobil qatorida ulkan yuk mashinasi ham turibdi. Davlat raqamiga e’tibor berdim: xususiy. Shularni mamnun holda kuzatib borarkanman, bir xonadondan bedananing jarangdor ovozi eshitildi: bitbildiq-bitbildiq, vovaq... Oh, qanday yoqimli, naqadar huzurbaxsh! Bedananing qo‘ng‘iroqday sayrashidan sarxush holda yo‘l chetidagi xarsangga o‘tirdim-da, dengizday chayqalib yotgan suv omboriga termildim... Tizginsiz xayol bolalik, o‘smirlik yillarimga yetakladi...
Men tengilarning bolalik va o‘smirligimiz sho‘ro davrida o‘tgan. Bugun ularni yoshlarga, xususan, nevaralarimga gapirib bersam, ular “Bizga ertak aytyapsizmi? Undan ko‘ra o‘quvchilik paytingizda qanaqa telefon ishlatganingizni ayting”, deydi. Men kulamanda, “Bizning maktab davrimiz u yoqda tursin talabalik yillarimizda ham bunaqa telefonlar bo‘lmagan”, deyman. Ular ajablanadi, ishonmaydi. O‘tgan asrning elliginchi-oltmishinchi yillarida qishloqlarda elektr bo‘lmaganini ular qayoqdan bilsin. Kerosin lampada dars tayyorlab, kitob o‘qir edik. Kerosin olish ham ming azob, odamlar kerosin sotadigan bochka oldida oxiri ko‘rinmaydigan navbatda turar edi. Kerosin sotuvchi o‘zi xon, ko‘lankasi maydon. Kimdir nimadir deb qo‘ysa bormi, qator turgan idishlarni qatorasiga tepar va “yo‘q kerosin” deb bochkani qulflab, juftakni rostlab qolardi. Keyin ko‘ring keksayu yosh unga yalinishini...
Urgut tamakiga ixtisoslashgan rayon edi. Tamakining inson salomatligiga zarari haqida yozishga yurak chidamaydi. Erta bahorda suv oqib turgan jo‘yaklarda oyoqyalang yurib tamaki ko‘chati qadalardi.
Bu ishni asosan ayollar va bolalar qilardi. Revmatizm va boshqa kasalliklarning ildizi ana shu yerda edi. Keyin kun issig‘ida niholning tagini chopish, begona o‘tdan tozalash, yetilgach, erta tongda bargini bittalab terish, so‘ng oqshom butun oila a’zolari qator o‘tirib besh metrlik ipga tizish, uni quritish uchun maxsus yasalgan “vagon” deyiladigan yog‘och so‘rilarga osish, qurigandan so‘ng bug‘xonalarga shilqillatib suv urib, qurigan tamakini bug‘xona shiftiga osib, eshikni yopib suvab qo‘yish, bir hafta-o‘n kundan keyin ochib, namiqqan barglarni paxta toyi kabi toylash... Ehe, bu jarayonlarning qay birini sanab chiqay. Tamakining achchiq hidi dimoqni achitar, odamlar chidayol¬may og‘zi-burnini qalin latta bilan bog‘lab olar edi.
Sog‘lig‘i evaziga qilingan mashaqqatli mehnatiga yarasha haq olsa koshki edi. Aksariyat oilalar qo‘l uchida kun ko‘rar, yil oxirida hisob-kitob qilib “godovoy” deb kolxoz ma’lum miqdorda pul berardi. Bu pulni odamlar bola-chaqasining kiyim-kechagiga ishlatsinmi, ro‘zg‘origa sarflasinmi, to‘y qilsinmi... Boshi-oxiriga yetolmay garang bo‘lib yurardi. Uylar asosan bir uy va bir dahlizdan iborat bo‘lardi. Undan kattaroq uylar kamdan kam uchrardi. Ular ham paxsa devorli, tomi loy suvoqli edi. Shiferli uy qurilib qolsa, hamma havas bilan qarardi, tunukali tom esa odamlarning tushiga ham kirmagan.
Bular ham yetmaganday sentyabrning bosh¬laridan paxtakor rayonlarga paxta terimiga olib ketardi. Maktablarning oltinchi sinfdan yuqori barcha sinf -o‘quvchilari kolxozchilar bilan bir qatorda mavsum tugaguncha yurardi paxta dalalarida.
Eng yomoni “tamakisiz tirikchilik o‘tmaydi” degan tushuncha odamlar ongiga singdirilgan, ular shunga ishonib qolgan, shu bois, sog‘lig‘ini ham o‘ylamay bola--baqrasi bilan tamakiga “yopishgan” edi. Mustaqil davlat bo‘lganimizdan keyin asta-sekin tamaki ekishga barham berildi. Qishloq ahli asosan uzumchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanmoqda. Ro‘zg‘ori badastir, tirikchiligi oldingidan o‘n chandon yaxshi o‘tayotir.
Adolat yuzasidan aytishim kerak, o‘sha paytlarda odamlarda kitob, gazeta-jurnal o‘qishga qiziqish bor edi. Idoralarda, mahalla va maktabda kutubxona bo‘lar, ular yaxshigina kitob fondiga ega edi. Qish kunlari ba’zi xonadonlarda yig‘ilib kitobxonlik qilinardi. O‘sha yillari nashr etilgan xalq dostonlarini jam bo‘lib o‘qish odat tusiga kirgan edi. Bunga televizor yo‘qligi ham sabab bo‘lgan deb o‘ylayman. Televizor 60-yillarning oxirlarida kirib kelgan, qishloq bo‘yicha bir-ikkita xonadonda bo‘lar, odamlar kechki ovqatdan keyin o‘sha xonadonlarga kinoteatrga borganday yig‘ilib, televizor tomosha qilardi. Garchi kitob o‘qishga ishtiyoq bo‘lsa-da, maktabni bitirib, oliy o‘quv yurtlariga boradiganlar kam edi. Shu bois, qishlog‘imizda o‘sha yillari oliy ma’lumotli kishi yo‘q edi. Texnikum yoki bilim yurtini bitirganlar qishloqning obro‘li odamlari hisoblanardi. Buning sababi mening nazarimda, farzandini shaharga o‘qishga yuborishni odamlarning moddiy ahvoli taqozo qilmas, buning ustiga ko‘pchilik ota-onalar o‘g‘illarini bag‘ridan chiqargisi kelmas, maktabni bitirishi bilan amallab uylantirib qo‘yar va u ro‘zg‘or tashvish¬lari bilan andarmon bo‘lib qolar edi. Qizlar haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. 60-yillarning o‘rtalarida qishlog‘imiz va yon-atrofdagi qishloqlardan uch-to‘rt yigit Toshkent va boshqa shaharlarda o‘qishga kirdi. Qovun qovundan rang oladi deganlaridek, keyin ularga havas qilib institutlarga kiradiganlar ko‘paydi.
“Xayol oti birla kezar” ekanman (A.Oripov), mustaqillikka erishganimizdan keyin Samarqand viloyatiga rahbarlik qilgan hokimlar bir-bir ko‘z o‘ngimdan o‘ta boshladi. O‘tgan o‘ttiz besh yil davomida viloyatda bir necha marta hokim almashdi. Hozir ishlab turgan hokim o‘n uchinchisi. Bu hokimlarning har biri viloyatda ma’lum iz qoldirgan, albatta. Ammo xalq eslab qolgan, eslaganda ham yaxshi ma’noda hamon eslaydigan rahbarlar ko‘p emas. Oddiy odamlar qalbidan joy olgan hokimlardan biri, shubhasiz, Shavkat Mirziyoyev. U kishi Samarqandda qisqa vaqt ishladi (2001-yil sentabrdan 2003-yil dekabrgacha). Shu qisqa faoliyati davomida viloyatda ulkan ishlarni amalga oshirdi. Qishloq xo‘jaligi, qurilish va boshqa sohalardagi ishlarni sanab o‘tirmayman, ular barchaga ayon. Eng asosiysi, odamlarning dunyoqarashi o‘zgardi, ko‘zi ochildi. O‘zbekiston xalq shoiri Barot Boyqobilov o‘sha yillari bir suhbatda bunday degan edi: “Shavkat Mirziyoyev Samarqand aholisini uyg‘otdi”.
Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz bosh vaziri etib tayinlangan kezlari qishloqqa bordim. Qishloqdoshlarim u kishining faoliyati, viloyatda qanday tinimsiz ishlagani haqida to‘lqinlanib gapirdi. Saidqul degan pochcham bo‘lardi (Alloh rahmat qilsin). Voqea-hodisalarga teran qaraydigan, tahlil qiladigan, sergak, hushyor odam edi. Nafaqat viloyat va mamlakatimiz, jahondagi voqealarni ham kuzatib borardi. O‘sha suhbatda u kishi menga yuzlanib bunday dedi: “Hokimimizni olib ketib qoldilaringiz-da... Samarqand xalqini to‘ydirgan edi-da”. Bu gap nihoyatda chuqur ma’noli, hokim Shavkat Mirziyoyev faoliyatiga berilgan eng to‘g‘ri, eng adolatli baho edi. U kishi javob kutayotgandek menga qarab turardi. “To‘g‘ri aytdingiz... Ammo bir viloyat aholisining to‘yishi yetarli emasda... Butun mamlakat xalqi to‘ymog‘i kerak”, dedim. Pochcham bir zum sukut saqladi-da “Ha, to‘g‘ri... to‘g‘ri”, dedi.
Kimdir chaqirdi. Xayolim bo‘lindi.
Nonushtaga uch-to‘rt jiyan jam bo‘ldi. Turli mavzularda suhbatlashdik. Mamlakatimiz, viloyatimiz va tumanimizda bo‘layotgan bunyodkorlik ishlari, aql bovar qilmas o‘zgarishlar haqida biri qo‘yib, ikkinchisi hayajon ila gapirdi.
— Birgina Urgutimizni qarang, — dedi muallimlikdan pensiyaga chiqqan jiyanim. — O‘n yilda tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi. Erkin iqtisodiy zonadagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning son-sanog‘i yo‘q. Qancha davlatlarga eksport qilinmoqda. Demak, sifati yuqori darajada, aks holda xorijliklar olmasdi, ular anoyi emas. Ko‘p qavatli uylarni aytmaysizmi?! Ko‘rib ko‘z quvonadi. Inson qadri hamma narsadan ulug‘ degan g‘oya amalda o‘z ifodasini topayotganiga yorqin misol bular.
Boshqasi gapni ilib ketdi:
— Urgutimizga poyezd keldi-ya. Prezidentimizning umrlari uzoq bo‘lsin. Kim o‘ylagan edi tog‘li bir tumanga poyezd keladi deb. Universitet ochilgani-chi? Sanayversak adog‘i yo‘q bu ulug‘vor ishlarning.
Yaqinda umraga borib kelgan jiyanim soqolini silab jim o‘tirgandi. Bu gap¬lardan ilhomlanib, suhbatga aralashdi:
— O‘tgan hafta Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildik. Muhtasham machitda juma namozini o‘qidik. Ochig‘i, majmuani ko‘rib, og‘zim ochilib qoldi. Shunchalar mahobatli, shunchalar go‘zal, yuksak did bilan barpo etilganki, hayratdan yoqa ushlaydi odam. Bir necha chet elliklar havas bilan termilib turganiga guvoh bo‘ldik. Shunday benazir ishlarga bosh-qosh bo‘lgan davlatimiz rahbarini Alloh siylasin, bu xayrli, savob ishlarining ajrini ko‘paytirib bersin.
Men qishloqdoshlarimizning turmushi, yoshlar nima ishlar bilan bandligi kabi masalalar bilan qiziqdim. Ular butun yurtimiz, viloyat va tumanimiz singari qishlog‘imizdagi o‘zgarishlar haqida, yoshlarda ilmga qiziqish katta ekani to‘g‘risida g‘ururlanib aytib berishdi. Qishloqdoshlarimizdan yuzga yaqin kishi oliy ma’lumotga ega. Ayni paytda o‘nlab yoshlar turli oliy o‘quv dargohlarida tahsil olmoqda ekan. Tuman markazida 8, Samarqand shahrida 42, poytaxtimizda
6 nafar mingbuloqlik turli lavozimlarda ishlayotganini faxrlanib aytishdi. Ular hokimlik tizimida, bank-moliya, qurilish, qishloq va suv xo‘jaligi, huquq, turizm, iqtisodiyot, ta’lim, tibbiyot, tadbirkorlik sohalarida faoliyat yuritadi, deyishdi. 1200 ga yaqin aholisi bo‘lgan kichik bir qishloqdan shuncha oliy ma’lumotli mutaxassis chiqishi quvonarli, albatta. Bir vaqtlar Abdulla -Oripovning “Tilla baliqcha”si kabi dunyoni o‘z ¬qish¬log‘idan iborat deb bilgan ota-bobolarimizning farzandlari, nevarayu ¬evaralari shunday martabalarga erishgani va erishayotgani istiqlolimiz sharofati, ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida barcha sohalarda olib borilayotgan keng ko‘lamli izchil islohotlar samarasidir. Darhaqiqat, so‘nggi yillarda yoshlarning ilm olishi, iqtidorini namoyon etishi uchun barcha sharoit yaratilayotgani, davlat oliy ta’lim muassasalari qatorida xususiy universitetlar, ko‘plab xorijiy davlatlar yetakchi universitetlarining filiallari ochilgani tufayli o‘g‘il-qizlarimiz uchun katta imkoniyatlar yaratildi. Ota-onalar va yoshlar ulug‘ ma’rifatparvar bobolarimizning “najot ilmda” degan o‘gitlarining tub mohiyatini teran tushunib yetganini alohida qayd etmoq joiz.
Odamlarning turmush tarzi o‘zgarayotgani, uylarida shaharlardagi kabi sharoitlar qilinayotgani xususida xursand bo‘lib gapirishdi. O‘zingiz yaxshi bilasiz, ilgari hammom uchun ham shaharga borishga to‘g‘ri kelardi. Bunga hammaning ham imkoniyati ko‘tarmas edi. Bugun shaharga borishga ehtiyoj yo‘q. Eng asosiysi, “svet” o‘chmaydi. Elektr bo‘lsa suv ham bo‘ladi, maishiy sharoitlar qilish ham oson kechadi. To‘g‘ri, ba’zan bir oz muddatga o‘chadi, ammo tez yonadi, oldingiday kunlab o‘chmaydi. Men kuldim: “Bunday o‘chishlar poytaxtda ham bo‘lib turadi”.
Avval 41-o‘rta maktabning filiali sifatida ochilgan maktab istiqlol yillarida o‘rta maktab maqomiga ega bo‘ldi. Ilgari farzandlarimiz uch-to‘rt kilometr yo‘l bosib, qo‘shni qishloqdagi maktabga qatnar edi. Bugun ushbu 108-o‘rta maktabga hamsoya qishloqlardan ham bolalar kelib o‘qimoqda.
— Xudoga shukr qilamiz shunday kunlarga yetkazgani uchun, — dedi yoshi kattaroq jiyanim. — Qishlog‘imizda mashina olmagan xonadon deyarli qolmadi. — U bir oz tin olib, so‘zida davom etdi. — Bir necha qishloqdoshlarimiz haj va umra amallarini ado etib keldi. Bunday sharoitlaru imkoniyatlarni ota-bobolarimiz tasavvur ham qilgan emas. Eng muhimi, mamlakatimiz tinch, xalqimiz osoyishta hayot kechirmoqda. Qishlog‘imiz ahli ham o‘zaro ahil-inoq. Ahillik, hamjihatlik bor joyda baraka bo‘ladi. Bir kun janjal chiqqan joydan qirq kun baraka ko‘tariladi, deydi xalqimiz. Dunyoning turli joylarida kechayotgan voqealarni ko‘rib, eshitib turibmiz-ku. Bugun dunyodan hech narsani yashirib bo‘lmaydi. Ijtimoiy tarmoqlar darhol xabar beradi. Ilohim, yurtimizga ko‘z tegmasin, xalqimizni, davlatimiz rahbarini Yaratgan Egam doimo o‘z panohida asrasin!
Qishlog‘imda ko‘rganlarim, eshitganlarim ko‘nglimni ko‘tardi, qalbimga g‘urur, iftixor baxsh etdi. Ma’nili, ma’rifiy suhbatlardan dilim ravshan tortdi, o‘zimni yengil his qildim. Bular Prezidentimizning yangi O‘zbekiston ruhi har bir mahallaga, har bir oilaga kirib borishi kerak degan da’vatining amaliy natijalari emasmi?!
Mo‘jazgina qishlog‘imizdagi o‘zgarishlar, qishloqdoshlarim hayoti, turmushi, dunyoqarashi misolida butun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan beqiyos, betimsol islohotlar samarasini ko‘rdim. Tomchida quyosh aks etadi. Shu “tomchi” qishlog‘imni Quyosh kabi yarqirab turgan jonajon O‘zbekistonimiz, dunyoni hayratga solayotgan yangi O‘zbekistonimizning kichik bir ko‘zgusiga o‘xshatgim keldi.
Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz — Mustaqilligimizning 35 yilligi muborak bo‘lsin, ota makonim, ona qishlog‘im, jonajon Vatanim — kun sayin gullab--yashnayotgan, shiddat bilan taraqqiy etayotgan yangi O‘zbekistonim!
Mamatqul HAZRATQULOV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist