Viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi hamda Urganch shahar bo‘limining bu boradagi hamkorligi ayniqsa, ahamiyatli bo‘ldi.
10 nafar ayol-qizlar ishtirok etgan loyihaning asosiy maqsadi opa-singillarimizni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta'minlashdan iboratdir.
Loyiha qizg‘in start oldi. Dastlab, ishtirokchilarning sog‘ligidagi turli muammolarni aniqlash, kasallik alomatlarini bartaraf etishga qaratilgan tibbiy ko‘rik Urganch shahridagi Markaziy poliklinikada tashkil etildi. Xulosalarga ko‘ra, malakali shifokorlar tomonidan ishtirokchi qizlarga salomatligini mustahkamlash bo‘yicha muhim ko‘rsatma va tavsiyalar berildi. Shundan so‘ng, loyiha qatnashchilari navbatdagi bosqichlar tomon yo‘l oldilar.

– 15 kunlik loyiha doirasida opa-singillarimizning dunyoqarashini kengaytirish, ma'naviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirish, hayotga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash hamda ularga orzu-maqsadlar ro‘yobi sari turtki berish maqsadida malakali psixologlar ishtirokida seminar-treninglar olib borildi, — deydi loyiha tashkilotchisi, Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasining jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, kapitan Sevara Xudayberganova. – Ishtirokchi qizlar o‘rtasida kitobsevarlikni targ‘ib etish, kitobxonlik madaniyatini oshirish bilan bog‘liq masalalar ham e’tiborimizdan chetda qolmadi. Ana shu maqsadda Urganch shahridagi «Yoshlar kutubxonasi»ga sayohat uyushtirildi.
Loyiha qatnashchilari, shuningdek, viloyat markazida joylashgan «Ishga marhamat» monomarkazida kasb-hunar sir-asrorlarini o‘rganishga astoydil harakat qildilar. Ularning ko‘pchiligi oshpazlik, qandolatchilik hamda tikuvchilikka qiziqishi yuqori ekanligini bildirdib, bu borada malakali mutaxassislardan tahsil oldi.

Loyihaning yakuniy qismi ya’ni taqdirlash marosimi ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. O‘zining amaliy hamkorligi bilan yaqindan ko‘maklashgan tegishli tashkilotlarning mas’ul xodimlari tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tib, yuqori natijalarga erishgan ishtirokchi qizlar monomarkazda o‘zlari xohlagan kasb-hunarlarni bepul o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Gulnoza Umirova,
jurnalist.