Biz buyuk mutafakkir haqida gapirganda uning magʻzga toʻla sheʼrlari, gʻazallari, ruboiylarini eslaymiz. Koʻpchilik boqiy asarlarni yoddan aytishi ham bor gap.

Lekin har safar Navoiy bobomizni eslaganda, uning bebaho asarlari bilan birga, bundan yarim ming yil oldingi manzarani tasavvur etishga harakat qilaman. Chunki oʻsha davrda turkiy tilda nafaqat asar yozish, balki soʻzlashishga ham botinolmaganlar juda koʻp boʻlgan. Alqissa, turk tilida gapirganlarga pastroq nazarda boʻlinganini tarix eslatadi.

Alisher bobomiz buni juda yaxshi anglagan. Shunday boʻlsada, alohida jasorat, mislsiz qahramonlik bilan turk tilining betakror jozibasi, ulkan boyligi va muhimi, uning dunyo tillari orasida eng nufuzlilaridan ekanini beqiyos isteʼdodi bilan madh etgan.

Oʻylab koʻradigan boʻlsak, aynan, Navoiy bobomizning olamshumul asarlari turk (oʻzbek) tilining jahon sahnasiga boshini baland, gʻurur bilan kirib kelishiga, obrazli aytganda, mustahkam poydevorli hashamatli saroy sifatida namoyon boʻlishiga xizmat qildi.

Odam oʻylashga ham qoʻrqasan, agar Alisher Navoiy boʻlmaganida, oʻzbek tili (turk tili) umuman boʻlarmidi, boʻlganda ham jahon maydonining qaysi burchagida qolib ketardi.

Navoiy bobomizning асарларичи?... Qaysi birini oʻqimang, tilga olmang insonning ruhini butkul oʻzgartiradi. Odamning dunyoqarashi, tarbiyasi, maʼnaviyati koʻklarga parvoz qiladi, ruhi tozalanadi. Ezgulik, insonparvarlik, vatanparvarlik davrasining doimiy aʼzosiga aylantiradi.

Bekorga Bobomizning asarlari jahondagi qariyb barcha tillarga oʻgirilgan emas. Chunki boshqa xalqlar ham Navoiy bobomiz oʻlmas asarlari, oʻgitlarida maʼnaviy oziqlanish sari intilishadi.

Demak, bizda Navoiy bobomizdek ulkan, bitmas-tuganmas xazina bor. Bunday baxt hamma xalqlarda ham mavjud emasligini hammamiz yaxshi bilamiz.

Shu maʼnoda, Navoiy bobomiz hammamizga Yaratgan tomonidan inʼom etilgan neʼmat, desak ayni toʻgʻri boʻladi.

Binobarin, oʻzbek xalqi, turkiylar alohida ilohiy siylangan xalq.

Faqat biz ushbu bebaho neʼmatni qadrlashimiz, undan unumli foydalanishimiz, har birimiz, farzandlarimizning ongu shuurida Navoiy bobomizning bebaho merosi, asarlarini, oʻgitlarini joylashimiz lozim. Bu kerak boʻlsa, barchamizning tarix, hozirgi zamon va kelajak oldidagi masʼuliyatimiz. Buni, avvalo, oʻzimiz teran anglab olishimiz zarur. Harqalay, buning uchun bizdan Navoiy bobomiz yashagan davrdagidek alohida jasorat, qahramonlik talab etilmaydi. Aksincha, олқишланади...

Navoiy bobomiz siymosi hali yana ming yillar butun insoniyatga ezgulik, Ona-Vatanga muhabbat va sadoqat quyoshi boʻlib xizmat qiladi.

Shu oʻrinda, bobomizning eng mashhur va bugun ayniqsa, ulkan ahamiyatga ega boʻlgan satrlarini yodga solmoqni joiz deb bildim:

Odamiy ersang demagil odami,

Onikim yoʻq xalq gʻamidin gʻami.

Men nima uchun yashayapman? Xalqim uchun nima qildim? Men odamiymanmi? Ushbu savollar oʻzimizga oʻzimiz javob topolsak, bilingki, bekorga dunyoga kelmadik.

Biz, oʻzbek xalqi, turkiylar Navoiy bobomiz oldida umrbod qarzdormiz va taʼzim qilamiz.

Tavallud ayyomingiz muborak boʻlsin, buyuk Alisher Navoiy bobo!

Salim Doniyorov,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)