Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorovning savollariga bergan javoblarini oʻqir ekanman, davlatimiz rahbarining soʻnggi besh yilda mamlakatimizda keng miqyosdagi demokratik oʻzgarishlar, islohotlar va yangilanishlar mazmun-mohiyatini chuqur ochib berganliklarining guvohi boʻldim. Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, maʼrifiy sohalarda qadamma-qadam amalga oshirilishi kerak boʻlgan vazifalar, fan, taʼlim toʻgʻrisidagi oʻrinli mulohazalar bildirilgan.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy vaziyat taqozosi sifatida hamda xalqimizning asriy intilishlari va milliy manfaatlariga toʻla javob beradigan Yangi Oʻzbekiston barpo etish zarurati toʻgʻrisidagi fikrlari tom maʼnoda bugungi kunning havosidir.
Ayni paytda yurtimizda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar va olib borilayotgan siyosat natijasida qanchadan-qancha ish oʻrinlari yaratildi, iqtisodiyotda yechilmagan muammolar oʻz yechimini topdi va muhimi xalq dardi, muammosi bilan yashash tushunchasi yuzaga keldi.
Prezidentimizning soʻnggi 5 yillikda yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot yoʻli, ichki va tashqi siyosati, bugungi va ertangi kuniga doir ustuvor vazifalar haqidagi mulohazalari bilan tanishar ekanman, qisqa muddat ichida erishilgan yutuqlar va oldinga qoʻyilgan ulkan marralar kamtarona qilib bayon qilingan, zero Oʻzbekiston ushbu qisqa vaqt davomida dunyoga yuz tutdi, soʻz erkinligi, inson huquqlari birinchi oʻringa koʻtarildi.
Bir soʻz bilan aytganda, Prezidentimizning uzoq yillar davomida davlat boshqaruvining barcha boʻgʻinlarida orttirgan tajribasi sababli eski boshqaruv tizimining nuqson va kamchiliklarini, xalq dardi va muammolarini anglagan holda, real islohotlar jarayonida davlat idoralarining xalqimizga xizmat qilishini taʼminlash amalga oshirilayotganining guvohi boʻlib turibmiz.
Shuningdek, taʼlim tizimidagi oʻzgarishlarni alohida taʼkidlashni istardim. Oʻtgan vaqt davomida taʼlim tizimiga katta eʼtibor qaratildi. Ayniqsa, oxirgi yillarda oliy taʼlim muassasalari 141 taga yetgani, 26 ta xorijiy oliy taʼlim muassasasining filiallari ochilganini, “Yangi Oʻzbekiston universiteti” tashkil qilinganligini faxr bilan tilga olish mumkin. Toʻrt yil oldin OTMlar soni 77 ta edi. Bundan toʻrt-besh yil oldin maktab bitiruvchilarining faqat 9 foizi oliy maʼlumotga ega boʻlishi kerak boʻlsa, hozir bu raqam 28 foizga yetdi.
Shu oʻrinda shuni taʼkidlashim lozimki, muhtaram Prezidentimizning 2019-yil, 20-martdagi «Toshkent shahrida Vebster universitetining taʼlim dasturlarini amalga oshirish markazini tashkil etish toʻgʻrisida»gi qarori bilan MDHda yagona, zamonaviy turar joy va sport komplekslariga ega boʻlgan AQSH universitetining aynan Toshkent shahrida ochilishi ham bevosita olib borilayotgan islohotlar, taʼlimga qaratilayotgan eʼtiborning kichik bir namunasi, deb bilaman. Zero, Yangi Oʻzbekiston ostonasi taʼlimdan boshlanadi.
Toshkent shahridagi Vebster universitetida hozirgi kunda yoshlarga biznes boshqaruv, iqtisodiyot, xalqaro aloqalar, axborot tizimlarini boshqarish, mediashunoslik boʻyicha taʼlim olish imkoniyati yaratilgan.
Magistratura yoʻnalishida esa ingliz tilini ikkinchi til sifatida oʻqitish (MA TESL), biznes boshqaruv (MBA), taʼlim va innovatsiya (MA EDIN) boʻyicha taʼlim dasturlari olib borilmoqda.
Hozirgi kunda universitet xalqaro Oliy taʼlim muassasalari reytingida kuchli 600 talikdan oʻrin olgan, mamlakatimizdagi ilgʻor OTM hisoblanadi. Toshkent shahridagi Vebster universiteti tashkil etilganiga qisqa muddat boʻlganiga qaramasdan hozirgi kunda 2000 ga yaqin talabaga ega. Universitet bitiruvchilari, oʻzlarining muvaffaqiyatli taʼlim bosqichlaridan soʻng Vebster universitetining (AQSH) xalqaro toifadagi diplomiga ega boʻlishadi va bu ularga kelajakda dunyoning istalgan nuqtasida mehnat faoliyatini olib borish imkoniyatini beradi.
Bugungi kunda Prezidentimiz tomonidan taʼlimga berilayotgan eʼtibor natijasida qisqa muddatda kapital taʼmirdan chiqqan universitet Kampusi va talabalar uchun zamonaviy turar joy majmuasi qad rostladi.
Ushbu amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari nafaqat Oʻzbekistonlik talabalar, balki xorijiy talabalar uchun ham katta imkoniyatlar yaratilayotganligidan dalolat beradi. Zamonaviy bino talabalar bilan ishlash va oʻquv jarayonlarini mukammal tarzda olib borish uchun qulay joylashgan, 4 qavatdan iborat va barcha talablarga javob beruvchi sinf xonalarini oʻz ichiga oladi. Bunda talabalar uchun 24/7 tizimida foydalanish imkoniyatini beradigan bepul Wi-Fi xizmati ham mavjud.
Oʻylaymanki, yaratilayotgan imkoniyatlar yoshlarni izlanish va intilishida, yuksak marralarga erishishida poydevor boʻladi va albatta hayotimizning buguni kechagidan, ertasi bugungidan yaxshi va obod boʻlishiga, ongu tafakkurimizning yuksalishiga xizmat qiladi. Yaratilayotgan imkoniyatlarning guvohi boʻlgan fuqaro sifatida shuni ishonch bilan aytamanki, biz Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari qatorida boʻlamiz.